Jamiyat | 10:40 / 25.04.2023
19144
7 daqiqa o‘qiladi

«Telba» – telbalar ichidagi sog‘ bo‘lgan qalb haqidagi asar

«Hammadan o‘zim zo‘rman» deb yashaydigan, bir zarbaga o‘n zarba bilan javob beradigan, kimgadir ozgina ko‘rsatgan yaxshiligini «dunyoni qutqarish» deb biladigan, manman, takabbur, go‘zallikni yanchib rohatlanadiganlar jamiyatida «dunyoni go‘zallik qutqaradi» degan g‘oya bilan yashovchi, unga qancha zarba berishmasin kechirguvchi, har bir insonga yuksak ehtirom bilan boquvchi, soddadil, begunoh kimsani kim deb atashadi? Ha, telba! Telba, «idiot» deb atashadi.

Fyodor Dostoyevskiyning «Telba» romanidagi markaziy qahramon knyaz Mishkin ham aynan shunday telbalardan. Telba bo‘lganda ham boshqa «sog‘lar»dan o‘tkirroq, aqlliroq telbadir. Reforma payti jamiyatda ziddiyat kuchayib, insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat qochgan bir vaqtda knyazning rahmdilligi, beg‘ubor va begunohligi odamlarga kulgili tuyuladi. Qahramonning sof va pokiza qalbini kirlab ketgan jamiyat qabul qilolmaydi, iloji boricha o‘zidan soqit qilishga urinadi va uddalaydi ham (asar so‘ngida knyaz Mishkin kelgan joyiga, ya’ni Shveytsariyadagi jinnixonaga qaytadi). Knyaz tushib qolgan jamiyatda go‘zal tuyg‘u va bebaho fazilatlar allaqachon o‘z qiymatini yo‘qotib ulgurgan va qahramonimizning qarashlari eskilik sarqitiga aylanib bo‘lgan edi.

Asardagi boshqa qahramonlar ham turli ramzlarni ifodalab kelishi mumkin: Nastasya Filippovna – toptalgan nomus-or. Aglaya – qadrsiz, haqoratlangan muhabbat, Ippolid – alamzada va ichiqoralikka og‘gan umr, Rogojin – piypalangan go‘zallik va nomusga shaydo g‘urur (jabrlanuvchi sifatida ham qarashimiz mumkin) va hokazo.

Knyaz Mishkinni Don Kixotga ham qiyoslashimiz mumkin. Don Kixot o‘zining soddaligi bilan kitobxonda kulgi qo‘zg‘atadi. Knyaz Mishkin kulgi qo‘zg‘atmasa-da, uning boshqa fazilati bor. U judayam pok, boladek ma’sum. Afsuski, buni tentaklikka yo‘yishadi.

Nima uchun Nastasya Filippovna va Aglaya boshqa «Sog‘lar»ni emas, aynan telba knyazni sevadi? Uning na puli, na davlati bor edi. Boshqalardan ojiz va zaif ko‘rinardi. Ammo knyazda ma’naviy butunlik, qalb to‘liqligi mavjud. Shuning uchun ham Nastasya Filippovna bu pokiza yurakka o‘zining darz ketgan, piypalangan va parchalangan yuragini ravo ko‘rolmadi.

Har bir insonning yuragida kichikkina bolakay yashaydi. U judayam beg‘ubor, gunohsiz, ishonuvchan va sodda. U yomonlik nima bilmaydi, hatto tushunmaydi. Uning vujudi poklik, tozalik. Doim yaxshi narsalarni o‘ylaydi va talab qiladi. Inson ulg‘aygani sari o‘sha bolakayining ovoziga quloq solmay qo‘yadi. Ba’zan hattoki bu ovozni bo‘g‘ish uchun kichik vujudning og‘zini zo‘rlik bilan yopadi. Unga tazyiq o‘tkaza boshlaydi. Bora-bora bolakay gapirmay qo‘yadi, gapirishga qo‘rqadi. Ruhi jarohatlanadi. Har bir kishi ichidagi kichik bolasining gapiga quloq solib turishi lozim. Uni yo‘qotib qo‘ysa, katta mag‘lubiyatga uchragan bo‘ladi. Hayotini samimiyat tark etadi.

Dostoyevskiyning hamma qahramonlari shikasta, ezilgan. Biroq ularning ichida katta qalb yashirin. Har biri qaysidir jihatdan yetuk kishilar. Bu yozuvchining qahramonlari kitobxonni o‘ziga shunday chorlab oladilarki, kitobxon o‘sha qahramon bo‘lib yashaydi, so‘zlaydi, o‘ylaydi. Dostoyevskiy asarlari tugamaydi, aksincha, tugagandan so‘ng boshlanadi va kitobxon tafakkurida yashaydi.

Asardan iqtiboslar:

Men kasalim sil ekanini va buning davosi yo‘qligini aniq bilardim; men o‘zimni o‘zim aldamadim, masalani oydin angladim. Lekin buni qanchalar oydin tushunganim sari shunchalar qattiq yashagim kela boshladi; men hayotning etagiga yopishib oldim va qanday bo‘lmasin, yashagim keldi.

Men aslo tushunmasdim, qanday qilib bu odamlar shuncha umrga ega bo‘la turib, davlatmand bo‘la bilmasliklarini (to‘g‘risi, buni hozir ham tushunmayman). Men bir kambag‘al kishini tanirdim, keyin uni ochlikdan o‘libdi, deb eshitdim, esimda, bundan qattiq jahlim chiqib ketdi: mabodo o‘sha kambag‘alni tiriltirib bo‘lganda, men uni o‘z qo‘lim bilan qatl qilgan bo‘lardim balki.

Mening yugurgilab, sho‘ng‘ib, tipirchilab, o‘zini o‘tga, cho‘g‘ga urib, doim nimadandir tashvishlanib, qovog‘ini solib, xavotirlanib yuradigan, atrofimdan aylanib o‘tib borayotgan odamlar to‘dasi jonimga tegib ketdi. Ularning tuganmas g‘am-hasratlari, tuganmas tashvish va nadomatlarining kimga keragi bor. Ularning intihosiz alamlari, yomonliklari, qahr-g‘azablari-chi? Oldilarida hayotning oltmish yili turib, yana yashashni bilmasalar va baxtsiz bo‘lsalar, bunga kim aybdor?

O, ishonchingiz komil bo‘lsinki, Kolumb Amerikani ochgandan keyin emas, Amerikani ochayotgan chog‘da baxtli bo‘lgan. Gap Yangi dunyoda emas, menga desa uni yer yutib ketmaydimi. Kolumb uni rostakamiga ko‘rmasdan, nimani ochganini aniq-tiniq bilmasdan o‘lib ketdi. Gap hammasi hayotda, hayotni kashf qilib borishda, shuning uchun kashfning o‘zi muhim emas.

Nazarimda, yozayotgan hamma gaplarim umumiy gaplarga o‘xshaydi, bu gaplarga qarab turib meni «quyosh chiqishi» mavzuyida insho yozayotgan past sinflarning o‘quvchisi deb o‘ylashlari ham mumkin, yo bo‘lmasa, nimadir demoqchi bo‘libdi-yu, lekin istakdan nariga o‘tolmabdi, yozib do‘ndirolmabdi... «O‘solmabdi» deb aytishlari mumkin.

Lekin shunday bo‘lsa ham yana qo‘shib qo‘yishim kerakki, inson kallasida tug‘iladigan har qanday daho g‘oyada yoki fikrda boshqa odamlarga anglatib yetkazib bo‘lmaydigan, jild-jild asarlar va sharhlar yozib, o‘ttiz besh yil tushuntirishga harakat qilib ham anglatib bo‘lmaydigan allanima qolib ketadi. Miyangizda aslo chetga chiqishni istamaydigan allanima doim qoladi, abadiy sizdan ajralmaydi. Siz shunday o‘lib ketasiz, o‘zingizning eng asosiy fikringizni hech kimga bildirmay, hech kim bilan o‘rtoqlashmay o‘tib ketasiz.

Mavzuga oid