Jahon | 21:18 / 02.05.2023
17026
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada «rashizm» atamasi qonuniylashtirildi 

Rashizm (Rossiya fashizmi, rus fashizmi) – mafkuraviy tamg‘a, neologizm, ba’zi tadqiqotchilar, siyosatshunoslar va jurnalistlar tomonidan Vladimir Putin rahbarligidagi Rossiya siyosiy rejimini tariflash uchun ishlatiladigan atama. 

Foto: Getty Images

Ukraina Oliy Radasi «rashizm» atamasini qonuniylashtirdi, 281 deputat «Rossiya siyosiy rejimi tomonidan rashizm mafkurasidan foydalanish, rashizm tamoyillari va amaliyotlarini totalitar va g‘ayriinsoniy sifatida qoralash to‘g‘risida»gi qaror uchun ovoz berdi. Bu haqda Rada deputati Oleksiy Goncharenko ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi. 

Rossiya tomonidan Ukrainada boshlangan urush butun dunyoga Vladimir Putin siyosiy rejimining mohiyatini «o‘tmishning eng yomon amaliyotlariga ergashadigan va zamonaviy versiyada fashizm (rashizm) va milliy sotsializm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan neoimperial, totalitar diktatura sifatida namoyon qildi», deyiladi qarorning tushuntirish xatida. 

Oliy Rada Bosh prokuraturaga, Adliya vazirligiga «Ukraina hududida rashizm mafkurasi va siyosatiga qarshi javob choralarini ko‘rishi» uchun zudlik bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Parlament, shuningdek, Rossiyadagi siyosiy rejimni «rashizm» deb e’lon qilish taklifi bilan xalqaro hamjamiyatga murojaat etishni rejalashtirmoqda. 

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina geografik obektlari va ko‘chalariga Rossiya bilan bog‘liq nomlarni berishni taqiqlovchi «toponimlarni dekolonizatsiya qilish» to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. 

2015 yil may oyidan boshlab Ukrainada kommunistik ramzlarni targ‘ib qilishni taqiqlovchi dekommunizatsiya to‘g‘risidagi qonun normalari qo‘llanila boshlandi. Mamlakatda sovet davlat arboblari yodgorliklari demontaj qilinmoqda, ko‘cha va shaharlar nomlari o‘zgartirilmoqda. Misol uchun, Dnepropetrovsk Dnepr, Artyomovsk - Baxmut va Kirovograd - Kropivnitskiy deb o‘zgartirildi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid