O‘zbekiston | 23:49 / 06.05.2023
20483
4 daqiqa o‘qiladi

Milliardlar va trillionlar: Energetika kompaniyalari 1-chorakda qancha zarar ko‘rdi?

“Issiqlik elektr stansiyalari”, “UzGasTrade”, “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “O‘zbekko‘mir”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyalarining 2023 yil birinchi choragi bo‘yicha moliyaviy hisobotlari e’lon qilindi. Ularning barchasi katta zarar bilan ishlashda davom etmoqda.

Foto: Kun.uz

Yagona korporativ axborotlar portali ma’lumotlariga ko‘ra, bu kompaniyalar yilning 1-choragini quyidagicha miqdorlardagi zarar bilan yakunlagan:

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish funksiyasini bajaruvchi “UzGasTrade” AJ tashkil etilgan, shu tariqa “O‘ztransgaz”ning bu funksiyasi bekor qilinib, u faqat transportirovka bilan shug‘ullanishi belgilangan edi. 2023 yilgi davlat budjetida UzGasTrade'ning zararlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish 14,2 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Energetika sohasidagi asosiy yirik kompaniyalardan yana biri – “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi hisoboti ochiqlanmagan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov energetika gigantlarining zararlariga munosabat bildirar ekan, energetikada bozorga o‘tish masalasini kun tartibiga qaytarishga chaqirdi.

“Turli strategik rejalar, ulkan shartnomalar, tashriflar, forumlar, sammitlar, kreditlar umuman ma’noga ega emas. Agar energetika tizimi bozor relslariga o‘tkazilmasa va energetika bozori yaratilmasa.

Samarasizlik, misli ko‘rilmagan o‘g‘irlik va zararkunandalik davom etaveradi. Ko‘lami oshaveradi.

Energetika tizimi bozor qoidalari asosida ishlamasa, har qanday loyihadan pul o‘zlashtirish prioritetga aylanadi. Yangi va yangi shishirilgan loyihalar to‘qib chiqarilaveradi. Iqtisodiyot cho‘kaveradi. Xalq qashshoqlashaveradi. Savollar og‘irlashaveradi

Tubga qulayotgan energetika mamlakatimiz uchun undan ham og‘ir oqibatlar yaratadigan suvsizlik xatarlarini shu yashayotgan kunlarimizda reallashtiradi.

Shuning uchun energetikada tariflarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga, narxlarni erkinlashtirishga va bozorga yaqinlashtirishga bugunoq kirishilishi kerak. Ertaga juda kech bo‘ladi. Indinga esa boshqa imkon qolmaydi”, – deydi Otabek Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil dekabridagi parlamentga murojaatida energetika sohasida erkin bozorga o‘tish haqida gapirgan edi.

“Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda.

Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak. Hozir bozor narxiga o‘tsak, odamlar to‘lay olmay qiynaladi.

Biz albatta erkin bozor tizimiga o‘tamiz, faqat bunda sharoiti og‘irlarga 2-3 yilga aniq subsidiya beramiz.

Daromadi yaxshi, 3 ta saunasi, 20 ta televizori borlar xohlagancha olaversin, faqat bozor narxida olsin. Hozir daromadi yaxshi ham, daromadi yomon ham bir xil narxda olyapti, bu adolatsizlik”, – degandi davlat rahbari.

Bosh vazir Abdulla Aripov o‘tgan qishdagi energetika inqirozidan keyin, 2023 yilda gaz qazib olishni 9 foizga oshirish imkoniyati borligini aytgandi. Shunga qaramay, Statistika agentligi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilning birinchi uch oyida tabiiy gaz qazib olish 9,6 foizga qisqargan.

Mavzuga oid