Jahon | 14:42 / 09.05.2023
23077
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab navbatdagi zarbalar va Kiyevda xotira devori. Urush suratlari

Ukrainada urushning 439-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya 8 mayga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Kiyevda dron parchalari ko‘p qavatli uyga tushgan, tinch aholi vakillaridan besh kishi jabrlangan. Odessa yaqinida raketa zarbasi oqibatida Qizil Xoch insonparvarlik yordamlari saqlanayotgan omborxona yonib ketgan, qo‘riqchi halok bo‘lgan. Rossiya tomoni bu hujumlar yuzasidan izoh bermadi.
  • Yevroittifoq Rossiyaga harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan uskunalar yetkazib berilgani uchun Xitoyga qarshi sanksiyalar qo‘llashni taklif qildi. Xitoy YeIni «xatoga yo‘l qo‘ymaslik»ka chaqirdi.
  • Volodimir Zelenskiy Xotira va natsizm ustidan g‘alaba kunini 8 mayda nishonlashni taklif etdi. Bundan tashqari, prezident imzolagan farmonga ko‘ra, 9 may Ukrainada Yevropa kuni bo‘ladi — Yevroittifoq mamlakatlarida xalqaro tinchlik va birdamlik bayrami.
  • Belgorod oblastida Shebekino va Valuyki shaharlari, shuningdek Kaznacheyevka va Biryuch qishloqlari o‘qqa tutildi. Shebekinoda tinch aholi vakillaridan besh kishi jabrlangan. Mahalliy rasmiylar bu hujumda Ukraina qurolli kuchlarini ayblagan. Ukraina bu ma’lumot yuzasidan munosabat bildirmadi.

Kunning asosiy voqeasi. Ukraina bo‘ylab zarbalar

8 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga dronlar bilan hujum qildi. Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondonligi xabar berishicha, 35 ta Shahed rusumli dronlar Bryansk oblastidagi Seshcha aerodromidan uchib kelgan — ularning barchasi urib tushirilgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko dronlar soni 60 ta bo‘lgani va ularning 36 tasi poytaxt tomon harakatlangani haqida xabar berdi. Uchuvchisiz uchar qurilmalar havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida yo‘q qilingan.

Kiyevda, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan besh kishi jarohat olgan, avtomobillar va shahar g‘arbidagi Svyatoshinskiy rayonidagi turar joylar shikastlangan.

Bundan tashqari, 7 may kuni kechqurun RF armiyasi Odessa oblasti bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Qora dengiz sohilidagi oziq-ovqat korxonalaridan birining ombori va dam olish zonasi o‘qqa tutildi. Omborxonada chiqqan yong‘in oqibatida, Odessa rayon harbiy ma’muriyati 8 may kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, omborxona qo‘riqchisi halok bo‘lib, tinch aholi vakillaridan uch kishi jabrlangan.

Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, raketa zarbasi oqibatida Qizil Xochning Odessa yaqinidagi Ukraina bo‘limi omborxonasi to‘liq vayron bo‘lgan. Yong‘in bu yerda saqlangan insonparvarlik yordamlarini to‘la yakson etgan, natijada Qizil Xoch regiondagi faoliyatini to‘xtatgan.

Zaporijjya oblastining anneksiya qilingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan hukumat vakillaridan biri Vladimir Rogov esa bu yerda Ukraina QK omborlariga zarba berilganini aytib chiqdi. RF mudofaa vazirligi o‘z hisobotida Kiyevga dronlar hujumi haqida ham, Odessa oblastiga yo‘llangan zarbalar haqida ham eslab o‘tmagan.

Qizil Xochning Odessa oblastidagi Ukraina bo‘limi omboriga yo‘llangan raketa zarbasi joyidagi qutqaruvchi
Ukraina QK / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyev osmonida dron portlashi
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyev ustida urib tushirilgan dron qoldiqlari
Oleksandr Khomenko / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevda urib tushirilgan dron tufayli shikastlangan ko‘p qavatli uy atrofini o‘rab olayotgan politsiyachilar
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Kiyev meri  Vitaliy Klichko urib tushirilgan dron shikastlagan kvartiralardan birida
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Zaporijjya shahridan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda joylashgan Kamishevaxa posyolkasidagi aholi rossiyaliklar raketa zarbasidan keyin hududni tozalamoqda
Andriy Andriyenko / AP / Scanpix / LETA

Maryinka yaqinidagi ukrain artilleriyachilari

Maryinka Donetskdan taxminan 20 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan. Anneksiya qilingan «DXR»ning Kreml tomonidan tayinlangan hukumati tasdiqlashicha, Rossiya qo‘shinlari Maryinkadagi 59 kvartaldan 50 tasini nazorat qilmoqda — ammo Ukraina QK bosh shtabidagilar ukrain harbiylari shaharni mudofaa qilishda davom etayotganini bildirgan.

Libkos / AP / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Urushda halok bo‘lgan askarlarning Kiyevdagi portretlari

Kiyevdagi Avliyo Mixaylo oltin gumbazli soboriga kiraverishda halok bo‘lgan vatan himoyachilari uchun o‘rnatilgan yodgorlik devori. 2015 yildan buyon Ukraina g‘arbning boshqa mamlakatlari qatori 8 mayni Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga Xotirlash va yarashuv kuni sifatida nishonlab keladi. 2023 yildan, Volodimir Zelenskiyning farmoniga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq barcha marosimlar 8 may kuni o‘tkaziladi, 9 may kuni esa Ukrainada Yevropa kuni nishonlanadi.
Celestino Arce Lavin / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mavzuga oid