O‘zbekiston | 18:17 / 16.05.2023
8054
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish masalasi muhokama etilmoqda

Muzokaralar ancha konstruktiv ruhda davom etayotgani aytildi. 

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satqaliyev Rossiya gazining O‘zbekistonga ehtimoliy tranziti haqida ma’lum qildi, deb yozdi Tengrinews.

Hukumat yig‘ilishi chog‘ida jurnalistlar vazirdan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida gaz ittifoqi tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilyaptimi, degan savolni berishdi.

«Hozirgi vaqtda Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda, muzokaralar ancha konstruktiv ruhda davom etmoqda», dedi vazir.

Bundan tashqari, vazirning aytishicha, Qozog‘iston orqali Rossiyadan Xitoyga gaz quvurini qurish ehtimoli bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

«Rossiyadan Qozog‘istonning shimoliy hududlari orqali Xitoyga gaz quvurini qurish masalasi muhokama qilinmoqda. Marshrut oldindan belgilab qo‘yilgan, ushbu gaz quvurini qurish shartlari muhokama qilinmoqda», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Qozog‘iston va Rossiya prezidentlarining Kremlda bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida Rossiya gazini hududlar orqali tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan iborat «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni tashkil etish haqida gap ketgan edi.

Mavzuga oid