O‘zbekiston | 10:02 / 23.05.2023
21020
7 daqiqa o‘qiladi

«Farzandingiz bola ekanini unutib qo‘ymang» - baqirmaydigan onalar haqida kitob

“Onam yopgan nonlari oqib tushsa ham, nimadir ishlari o‘xshamasa ham bizga baqirib, urishib ketardilar. Ammo bizni urishga urib, onam o‘zi tuni bilan yig‘lab chiqardi. Kitobni o‘qiganimdan so‘ng agar otam ro‘zg‘or yuklarini onamning yelkasiga tashlab qo‘ymaganida, ichkilikka berilmaganida, onam bu qadar asabiy bo‘lib qolmagan bo‘larmidi, deb o‘ylay boshladim”, deydi o‘quvchilardan biri.

Esingizni taniganingizdan to shu yoshga yetguningizcha onangiz sizga biror marta ham ovozini ko‘tarib gapirmaganmi? Quloqsizlik qilganingizda tayoq yemaganmisiz? Qilgan xatoingizni onangiz koyimasdan, bosiqlik bilan tushuntirgan lahzalar qanchalik xotirangizda qolgan?

Yoki o‘rtoqlaringizning, qo‘shni bolalarning onalari haqida qo‘rqitmasdan, urishmasdan farzandini katta qilgandi, deb ayta olasizmi?

Xadicha Kubro Tongarning “Baqirmaydigan onalar” kitobi ayni shunday ayollar uchun. Muallif bolalarga “bizniki” deb qarash noto‘g‘ri ekanini tushuntiradi, farzand tarbiyasi borasidagi fikrlarimizni mutlaqo o‘zgartiradi, xatolarimizga ko‘zgu tutadi.

Kitobda farzandlarni nafaqat yaxshi ko‘rish, balki hurmat qilish, ularning alohida shaxs ekanligini his qilish, anglash, tan olish haqida gap ketadi.

Xadicha Kubro Tongar bolalar psixologi, oilaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi, uch farzandning onasi. Uning bu kitobidagi voqealar real hayotdan olingan. Undan turli taqdirga ega bo‘lgan ayollarning hikoyalari, tajribalari o‘rin olgan. Ular orqali muallif onalarning xato va kamchiliklarini o‘quvchiga ko‘rsatib beradi:

Qaynonam doim bolalarimni erkalatishimni, ularni urmasligimni aytib meni koyirdi. Nimadir xato qilib qo‘yishsa, jazolashimni talab qilardi. Qaynonamning so‘ziga kirib, bolalarimni urardim. Shunday kunlarning birida farzandimga qo‘l ko‘tarar ekanman, qaynonamning bu harakatlarimni kulib kuzatib turganiga ko‘zim tushdi. O‘sha lahzada vujudim muzlab ketdi. Men nega bir yoshga borib qolgan, aqli joyida bo‘lmagan ayolning so‘zlariga kirib, farzandlarimning ruhiyatini shikastlayapman, deb so‘radim o‘zimdan. O‘sha lahzada bolalarimni qaytib urmaslikka, xatolarini bosiqlik bilan tushuntirishga o‘z-o‘zimga so‘z berdim”, deyiladi hikoyalardan birida.

Atrofdagilarning gap-so‘zlariga kirib bolalarni jazolash, ularning xatosini anglatish uchun emas, balki o‘sha odamga bolalarni urish qo‘limizdan kelishini ko‘rsatib qo‘yish uchun qilingan ishdir. Bu orqali faqat farzandlarimizning ruhiyatini sindirishga erishishimiz mumkin xolos.

Begonalarning ichida uyaltiradigan ish qilganida yoki gapimizga kirmaganida ham bolalarimizni jazolaymiz. Bu ish ham bolaga tarbiya berish uchun emas, balki bolamiz qilgan harakatni oqlamasligimizni atrofdagilarga ko‘rsatib qo‘yish uchun qilinadi.

O‘zimizni oqlash uchun qilinadigan bunday harakatlarni muallif bir necha misollar bilan yetkazib berishga urinadi. Ulardan biri shunday: “Bolangiz bilan bog‘ga, aylangani chiqdingiz. Siz yugurmasligini aytdingiz. Lekin u aytganingizni qilmadi va yiqildi. Atrofda hammaning nigohlari sizga qadalganini his qilasiz va yiqilgan farzandinizni turg‘izib, hol so‘rash o‘rniga, men senga nima degandim, deb baqira boshlaysiz...

Bir qarashda asar onalar va onalik ostonasida turgan kelinlar uchundek. Aslida esa, bu asar erkaklar, otalar uchun. Muallif ilgari surgan g‘oya ham aynan shundan iborat bo‘lib, yuqorida keltirilgan sabablar, ushbu g‘oyaning atrofidagi kichik qismlar xolos.

“Otaning farzandga qilishi mumkin bo‘lgan eng katta yaxshiligi, uning onasini baxtli qilishdir”, deydi muallif. Bu orqali oilada baxt topgan, sevilgan, tushunilgan, g‘amlariga turmush o‘rtog‘i yelka tutolgan ayollar farzandiga zug‘um qilmasligi, ular ham bolasining xatolarini qabul qila olishi, to‘g‘ri tushuntirishini aytadi.

“Kitobni o‘qirkanman, bolaligim ko‘z oldimga keldi. Onam yopgan nonlari oqib tushsa ham, nimadir ishlari o‘xshamasa ham bizga baqirib, urishib ketardilar. O‘zimiz xato qilganda yegan kaltaklarimizni aytmay qo‘ya qolay. Kaltak cho‘plar sinib ketardi.

Ammo bizni urishga urib, onam o‘zi tuni bilan yig‘lab chiqardi. Kitobni o‘qiganimdan so‘ng agar otam ro‘zg‘or yuklarini onamning yelkasiga tashlab qo‘ymaganida, ichkilikka berilmaganida, onam bu qadar asabiy bo‘lib qolmagan bo‘larmidi, deb o‘ylay boshladim”, deydi kitobxonlardan biri.

Ko‘pincha bizni bolaligimizdan qolgan ruhiy jarohatlarimiz, oilaviy muammolarimiz yoki atrofimizdagi tushunmovchiliklar bezovta qiladi. Ko‘nglimiz sokin va xotirjam bo‘lmaganligi uchun bolalarimiz bolaligini qilganida tezda asabiylashib, jahl otiga minamiz.

“Men jahldor insonman degan so‘z bahona, aslida to‘g‘ri ta’rif ham, sof fitrat ham emas”, deydi muallif. Insonning o‘zini o‘zi himoya qilish tuyg‘usi boshqa tuyg‘ulardan ustunroqdir, lekin bu tuyg‘u faqat dushmanga nisbatan ishlatiladi. Axir farzandingiz sizning dushmaningiz emas-ku?!

Xo‘sh, siz farzandingizga xuddi dushmaningizga qilganingiz kabi muomala qildingiz. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, nega vijdoningiz qiynalyapti? Nega bezovta bo‘lyapsiz? Demak, bu to‘g‘ri emas.

Bunday vaziyatda ona, avvalambor o‘tirsin-da, o‘ylab olsin. Bolam qilgan ish uni urishim uchun arziydimi? Arzimaydi, demak men bolamni buning uchun emas, boshqa narsa uchun jazolayotgan ekanman-da”.

O‘z qalbini taftish qilib ko‘rganidan so‘ng, aslida jahlini chiqarayotgan boshqa narsaligi, bolasining xatosi bir bahona bo‘lganini anglab yetadi. Afsuski, barcha ham o‘z qalbini tahlil qilolmaydi. Bu haqida o‘ylab ham ko‘rmaydiganlar, farzandiga baqirish oddiy holga aylanganlar ham bor.

“Baqirmaydigan onalar” xotin-qizlarga aynan shuni eslatadi. O‘z tuyg‘ularini jilovlashga, qalbini tahlil qilishga chaqiradi. Erkaklarga esa ayoliga e’tiborli va shafqatli bo‘lish orqali, o‘z farzandining kelajagi uchun katta yaxshilik qilishini anglatadi.

Demak, bu kitob har bir oilaning kitob javonida bo‘lishi, o‘qilishi va uqilishi lozim.

Charos Mannonova

Mavzuga oid