Jahon | 22:29 / 29.05.2023
19408
14 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qutblilik me’morlaridan biri – Erdo‘g‘anning g‘alabasi haqida siyosatshunos bilan suhbat

2023 yilda mustaqilligining 100 yilligini nishonlayotgan Turkiya ikkinchi yuz yillikka Erdo‘g‘an rahbarligida qadam qo‘yadigan bo‘ldi. Kun.uz xalqaro siyosatda joriy yilning eng muhim saylovida qayd etilgan natija, turk demokratiyasining O‘zbekiston uchun muhimligi va Qilichdoro‘g‘liga g‘alaba uchun yetishmagan jihatlar haqida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Turkiyadagi bu saylovni butun dunyo, xususan o‘zbekistonliklar ham juda yuqori darajada qiziqish bilan kuzatgani nima bilan bog‘liq?

— Turkiya biz uchun qardosh xalq, Turkiya siyosatchilari O‘zbekistonni ota yurt, deb ataydi. Turkiyaning asli kelib chiqish tarixi bugungi Xorazmga taqaladi. Biz u yerdan kelmaganmiz, ularning ajdodlari bu yerdan ketishgan. Shuning uchun Turkiyaga borgan o‘zbekistonlik bir necha oy ichida turk tilini o‘rganib olishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat bu – Turkiya. Chunki 20-asr turkiy dunyo uchun fojia asri bo‘ldi, Turkiyaning o‘zidan boshqa barcha turkiy davlatlar va xalqlar mustamlakaga aylantirildi.

20-asrning oxirlariga kelib, turkiy davlatlar o‘z mustaqilligini e’lon qilganida zudlik bilan Turkiya ularni mustaqil davlat sifatida tan oldi, chunki u bu davrni kutib turgan edi. Turkiya o‘tgan asrda, ayniqsa, 1-jahon urushida qaqshatqich zarbalarga uchradi, shuning uchun, 2-jahon urushiga rasman qo‘shilmadi.

Shu paytgacha bizning asosiy geosiyosiy vektorimiz Rossiya bilan bog‘liq bo‘lib kelgan, so‘nggi bir yarim asr davomida o‘rnatilgan aloqalar shunchaki yo‘qolib ketmaydi va aslida bu aloqalarning yo‘qolishi bizning manfaatlarimizga zid. Bizning jamiyatimizda e’tiroz Rossiyaga emas, uning rahbariyatiga bo‘lishi kerak: agar Kreml imperialistik tafakkurga ega bo‘lib, bizning mustaqilligimizga shubha qiladigan bo‘lsa, albatta.

2016 yildan boshlab O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari qaytadan ko‘rib chiqildi va hozirgi kunda bizning ikkinchi geosiyosiy oriyentirimiz bu – Turkiyadir. Tashqi dunyoda bizning xalqimiz qiziqayotgan, kuzatayotgan, manfaatdor bo‘lgan va aloqalar mustahkamlanib borayotgan ikkinchi mamlakat bu – Turkiya Respublikasi.

Masalan, hozir Turkiyaga borish uchun viza shart emas. Bir vaqtlar Rossiya o‘zbekistonliklar uchun ikkinchi xavfsiz hudud hisoblangan bo‘lsa, hozirda Turkiyani xuddi shunday e’tirof etish mumkin. U bizga til, madaniyat va masofa nuqtayi nazaridan yaqinlashib kelayotgan davlat.

2016 yilga qadar, O‘zbekistonda Turkiyaga munosabat borasida hokimiyat va jamiyat o‘rtasida bo‘linish paydo bo‘lgan, ya’ni jamiyat Turkiyani o‘ziga yaqin olgan, hokimiyatlar o‘rtasida esa kelishmovchilik mavjud bo‘lgan. Hozir unday emas, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni to‘laqonli ijobiy deyish mumkin. Qolaversa, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida geosiyosiy ziddiyat ham yo‘q. Turkiya Markaziy Osiyoda geosiyosiy manfaatlarga ega mamlakatlar bilan yashirin yoki oshkora tarzda O‘zbekistonga bosim o‘tkazayotgani yo‘q. Turkiya va Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlarning xalqaro tashkilotlardagi ishtirokidan ham kelib chiqib aytish mumkinki, ular o‘rtasidagi munosabatlar nihoyatda ijobiy.

Shu o‘rinda yana bir jihatni qo‘shimcha qilish kerak. Bugungi kunda O‘zbekiston tafakkurida va intensiv qarashlarida katta evolyutsion o‘zgarishlar bo‘lyapti, biz avtoritarizmning salbiy tomonlarini anglayapmiz, shuningdek, demokratik jamiyatning yutuqli taraflarini anglashimiz ham ancha jadallashdi. Aynan shu sababli jamiyatimiz Turkiyadagi saylovlarni kuzatdi, bu saylovlar demokratik ruhda o‘tayotgani, u yerda muxolifat borligi, ularning prezidentni tanqid qila olishi va umuman olganda, Turkiyaning demokratiya modeli bizga namuna bo‘lyapti.

Biroq biz Rossiya haqida bunday deyolmaymiz, chunki u yerda muxolifat partiyalar yo‘q, Ukrainadagi harbiy amaliyot boshlanganidan beri mamlakatda tanqidiy fikrlaganlarning barchasining ovozlari o‘chirildi. Amerika va Yevropa jamiyati bizga juda uzoq va ular bilan o‘zaro bog‘liqligimiz yo‘q, shuning uchun demokratiyaning Turkiya modeli bizga ilhom bag‘ishlayapti va namuna bo‘lyapti.

Mazkur saylovlarning dunyo hamjamiyati uchun ahamiyati qanday? Bugungi kunda dunyo geosiyosatida Erdo‘g‘anning reputatsiyasi o‘ta ziddiyatli. Dunyo tarixida Erdo‘g‘anga o‘xshab qil ustida yura oladigan siyosatchilar juda kam bo‘lgan. Masalan, Ukrainadagi mojarolarni olaylik. Bunday vaziyatda Erdo‘g‘an Ukrainaga dronlar beryapti, Rossiya bilan don kelishuviga erishdi. Shuningdek, u – global geosiyosatda Putinning yaqin ittifoqchisi. Ularni birlashtirib turuvchi narsa bu – kollektiv G‘arbga qarshi birgalikda harakat qilish, lekin shu bilan birga, u Qrimni Ukraina hududi sifatida tan olishini aytmoqda. Bunday ziddiyatlar juda ko‘p.

Erdo‘g‘an 20 yildan beri hokimiyatda o‘tiribdi: avval bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2014 yildan beri prezidentlik qilib kelmoqda. Turkiyaning joylashuvi va tarixi nihoyatda ahamiyatli, u musulmon davlatlar orasida NATOga a’zo yagona mamlakat, shuningdek, tashkilot a’zolari orasida harbiy salohiyat jihatidan AQShdan keyin 2-o‘rinda turadi. Qolaversa, Turkiya Qora dengiz va O‘rta yer dengizining katta hududlarini nazorat qila oladi. Bundan tashqari, Turkiya iqtisodiy salohiyat tomonlama ham juda qudratli mamlakat hisoblanadi va Katta yigirmatalikka kiradi. Shuningdek, aholi va YaIM bo‘yicha ham, boshqa tomonlama ham musulmon dunyosida birinchi 5 talikda o‘z o‘rniga ega.

Bugungi kunda global maydondagi asosiy intriga nimadan iborat? Dunyoda ko‘p qutblilik atrofida katta o‘yin ketyapti. Sovet ittifoqi qulaganidan keyin to‘laqonli dunyoni boshqargan markaz bu Vashington edi. 1990 yillarda Turkiya kollektiv g‘arb bilan bir jamoada bo‘lgan, Vashington bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan va uning qosh-qovog‘iga qaragan davlat edi. Lekin Erdo‘g‘an hokimiyat tepasiga kelganidan keyin mana shu holatni o‘zgartira oldi. Ya’ni u – NATOning a’zosi bo‘la turib, Rossiya, Xitoy yoki boshqa mamlakatlar bilan mustaqil munosabatlarni shakllantira olgan siyosatchi.

AQSh Erdo‘g‘andan o‘z tarafida qolishni, Rossiya va Xitoy bilan ittifoq tuzmaslikni talab qilib kelgan, lekin u mazkur talablarni rad etgan, hatto Rossiyaga qarshi sanksiyalarga ham qo‘shilmadi. Turkiya kollektiv g‘arb jamoasini tark etmoqchi ham emas, biroq NATOdagi barcha harakatlari milliy manfaatlarga mos ravishda amalga oshiriladi.

O‘tgan 20 yil davomida Erdo‘g‘an Turkiyani juda kuchli mustaqil geosiyosiy o‘yinchiga aylantirdi, ya’ni tashqi siyosatda ko‘p qutbli ekanini ko‘rsatdi. Aynan shu sababli uni saylovdagi g‘alabasi bilan birinchi bo‘lib tabriklagan davlat rahbarlaridan biri bu Vladimir Putin bo‘ldi, u o‘z tabrigida uni “do‘stim” deb atagan.

— Turkiya prezidentlik saylovining birinchi va ikkinchi turi o‘rtasida qandaydir xilma-xillik sezildimi? Umumiy holatda, saylovni adolatli deyish mumkinmi?

— Avvalo, bir narsani ta’kidlash kerakki, Turkiya demokratiya modeli ancha murakkab. Masalan, Rossiyada prezident o‘z vakolat muddatini uzaytirmoqchi bo‘lsa, odatda ovozlarning 70-75 foizini oladi. Biroq bu prezidentning emas, balki hokimiyatning reytingi: kim hokimiyat tepasida bo‘lsa, jamiyat unga shunday ishonch bildiradi. Erdo‘g‘an esa barcha saylovlarda 52-53 foiz ovoz olgan, chunki Turkiyada hokimiyatni tiyib turuvchi va saylovlarning xolis o‘tishini ta’minlovchi institutlar shakllanib bo‘lgan. Turkiyada prezident xohlagan taqdirda ham saylovdagi ovozlarni o‘z manfaati uchun o‘zgartirib ololmaydi.

G‘arb davlatlari yoki xalqaro institutlar bu saylovga qanday baho berdi? Ular saylov adolatli o‘tganini, kuchli siyosiy raqobat bo‘lganini, biroq saylov kampaniyalari adolatli bo‘lmaganini aytishdi. Ularning fikricha, ikkala nomzodga tashviqot ishlarini olib borishlari uchun davlat telekanallari va mashhur telekanallarda efir vaqti noto‘g‘ri taqsimlangan. Ammo Turkiyadagi do‘stlarimizning aytishicha, mamlakatda muxolifatning ham o‘z ommaviy axborot vositalari ko‘p va har ikkala nomzod istagancha axborot tarqatish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Shuningdek, kuchli siyosatchilar bo‘lgan Anqara va Istanbul merlarining saylovda ishtirok etishlariga imkon berilmadi, bu holat natijasida Qilichdoro‘g‘li prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ydi. Turkiyadagi barcha muxolifat birlashib, Erdo‘g‘anga qarshi chiqdi. Zilziladan keyin shaxsan menda Erdo‘g‘an prezidentlik saylovda g‘alaba qozonmaydi, degan fikr paydo bo‘lgan edi, chunki mamlakat zilzila natijasida katta iqtisodiy zarar ko‘rdi, muxolifat esa hukumatni qurilish kompaniyalar ustidan nazorat o‘rnatmaganlikda aybladi.

Mening fikrimcha, Erdo‘g‘anda xarizma paydo bo‘lgan, ya’ni odamlar baribir unga ishonishadi. Umuman olganda, turkiyaliklar o‘z manfaatlariga qarshi ovoz bergani yo‘q, chunki Erdo‘g‘an davrida mamlakat 2018 yilgacha bo‘lgan muddatda katta iqtisodiy o‘sishga erishdi. Ammo unga o‘xshagan rahbarlar, tarixiy loyihalarni amalga oshirish va hokimiyatni saqlab qolish uchun, demokratik cheklovlarni chetlab o‘tishni istaydi. Saylovdan keyin prezident turkiyaliklarga murojaat qildi va rasman ikkinchi yuz yillik boshlanganini, endi tarixiy loyihalar amalga oshirilishini aytdi.

— Kamal Qilichdoro‘g‘lining siyosiy portretiga qanday chizgilar xos, uning asosiy argumentlari nimalar va qaysi faktorlar evaziga u mag‘lub bo‘ldi?

— Menimcha, Qilichdoro‘g‘lining eng katta kamchiliklaridan biri bu uning xarizmasi pastligi. Uning yoshi kattaligi, uning mamlakatdagi ma’lum bir konservativ doiralar bilan chiqisha olmasligi, sovuqqonligi va boshqa jihatlar unga xalaqit beradi.

Xalq va hokimiyat o‘rtasida devor bo‘lmasligi, xalq prezidentga so‘zsiz ishonishi va ergashishi kerak. Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lidan farqli o‘laroq shunday xarizmaga ega bo‘lib ulgurgan edi. Erdo‘g‘an birinchi marta prezidentlik saylovlarining birinchi turidanoq g‘alaba qozona olmadi, u ham oqsashni boshladi. Bu esa uning ham katta muammolari borligini anglatadi. Ulardan biri – inflatsiya. O‘tgan 5 yil ichida Turkiyada har yili 100 foizgacha inflatsiya kuzatilgan.

Uning hokimiyatda qolishi Turkiyaning dunyodagi iqtisodiy markazlar bilan munosabatlari tarangligicha qolishini bildiradi. Bunda Turkiya geosiyosatda ko‘p qutblilikning rivojlanishiga hissa qo‘shishda davom etadi, biroq uning ichki iqtisodiy o‘sishi uchun hech kim o‘z resurslarini Turkiyaga yo‘naltirmaydi. Rossiyaning ahvoli yaxshi emas, Xitoy ham yordam bera olmaydi, chunki buning uchun Turkiya G‘arb bilan aloqalarni uzib, Xitoy tomoniga o‘tishi kerak.

Erdo‘g‘an barcha tomonlar bilan munosabatlarni muvozanatda saqlashda davom etadi. Agar Qilichdoro‘g‘li saylanganida, turk jamiyatining G‘arbga yaqinlashishi uchun Turkiyaga katta iqtisodiy yordamlar taklif qilinishini kutsa bo‘lar edi, biroq endi bunday bo‘lmaydi. Natijada Turkiyaning iqtisodiy ahvoli kelasi 5 yilda ham shundayligicha qoladi yoki og‘irlashadi.

— Qaysi siyosiy kuchlar va mafkuralar Turkiya jamiyatida yetakchilik qilib kelmoqda?

— Turkiyada siyosiy plyuralizm shakllanib bo‘lgan. 1917 yilda mamlakatda respublika tizimi tashkil topgan, lekin buni demokratiya deb bo‘lmasdi, Otaturk davrida mamlakatda avtoritar tuzum hukmron bo‘lgan, hatto 1946 yilgacha davlat bitta partiya tomonidan boshqarilgan. Hozir esa plyuralizm ancha kengaygan. Mamlakatda 122 ta partiya rasman ro‘yxatdan o‘tgan va partiya tuzishda yashirincha yoki oshkora cheklovlar yo‘q.

Turkiyadagi har bir etnik guruhlar o‘z partiyalariga ega va mamlakatda 3-4-darajali siyosiy kuch kurdlar bilan bog‘langan. Kurdlar mazkur saylovlarda Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi. Hozirda kurdlar ikkiga bo‘lingan, bir tomon Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchi tomon unga qarshi. Aslida Erdo‘g‘an hokimiyat tepasiga kelishidan avval kurdlarning turk davlatchiligiga qarshi terroristik harakatlari ko‘p amalga oshirilar edi, hozir bu harakatlar mavjud emas, biroq siyosiy kurashlar hamon bor. Erdo‘g‘an etnik bo‘linishni qoralab, din jihatdan birlashish g‘oyasi bilan davlat tepasiga kelgan edi.

Kurdlardan chiqqan siyosiy namoyandalar Erdo‘g‘anning prezidentlikdan ketishi va mamlakatda o‘zgarishlar bo‘lishini istaydi. Lekin bu Erdo‘g‘anning Suriyadagi operatsiyalari yoki mamlakatdagi siyosiy diskriminatsiya bilan bog‘liq emas, chunki prezident kurdlarga nisbatan diskriminatsiya qilayotgani yo‘q. Ularning asosiy motivi bu – siyosiy partiyalarning o‘zgarishlar bo‘lishini istashi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid