O‘zbekiston | 07:15 / 08.06.2023
8345
2 daqiqa o‘qiladi

MSK O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oldi

Toshkentda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) O‘zbekiston prezidenti saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha  navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: MSK

MSK ma’lumotiga ko‘ra, majlis davomida komissiya a’zolari  O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari, O‘zbekiston prezidentligiga nomzod MSK tomonidan ro‘yxatga olingandan so‘ng uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Nomzodning ishonchli vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.

Ishonchli vakillar prezident lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Shuningdek majlisda, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida MSK huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilindi va tegishli nizom tasdiqlandi.

Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YeXHT DIIHBning 12 nafar saylovni kuzatuvchi missiyasi vakillari MSKning qarori bilan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

5 iyun kuni MSK siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga oldi.

Mavzuga oid