Jahon | 13:40 / 11.06.2023
26778
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda kuchli o‘rmon yong‘inlari. 14 kishi halok bo‘lgan, umummilliy motam e’lon qilingan

Qozog‘istonning sharqidagi Abay oblastidagi o‘rmon xo‘jaligida sodir bo‘lgan tabiiy yong‘in oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabariga ko‘ra, yong‘in daraxtlarni yashin urishi natijasida kelib chiqqan.

Qozog‘istonning Abay oblastida keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari ro‘y bermoqda. ORDA xabar berishicha, natijada «Semey o‘rmoni» o‘rmon xo‘jaligi qo‘riqxonasining 14 nafar ishchisi halok bo‘lgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Abay viloyatida sodir bo‘lgan yong‘inda halok bo‘lganlar xotirasiga 12 iyun, dushanba kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi.

Foto: Qozog‘iston FVV 

Yong‘in payshanba kuni chaqmoq urishi bilan boshlangan. Shanba kuni berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmonning 60 ming gektardan ortiq hududi alanga ichida qolgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga mingdan ortiq kishi jalb etilgan.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Semey o‘rmoni» tabiat rezervatida ro‘y bergan keng miqyosli yong‘inda halok bo‘lgan o‘rmon xodimlarining oilasi bilan uchrashdi. To‘qayev ularga hamdardlik bildirib, marhumlarning xotirasiga motam kuni e’lon qildi.

«Men sizlarga hamdardlik bildirish uchun ataylab keldim. Bu butun xalqimiz uchun ulkan fojia. Bunday og‘ir damlarda bardam va kuchli bo‘linglar. Men aniq va’da beraman, bu fojiada aybdorlar qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka tortilishadi. Ertangi dushanba kunini men umummilliy motam kuni deb e’lon qilaman. Biz sizlarning qayg‘ungizga sherikmiz, birgalikda halok bo‘lganlarni xotirlaymiz. Sizlardan sabr qilishni va bardam bo‘lishni so‘rayman. Barcha yo‘nalishlarda, huquqni muhofaza qilish organlari yoki vazirliklar darajasida zarur choralar ko‘riladi. Hozir biz bu masalada yig‘ilish o‘tkazib, kerakli xulosalarni chiqaramiz», — degan Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Foto: Akorda.kz
Foto: Akorda.kz

60 ming gektardagi 9 ta uchastkani qamrab olgan yong‘inni o‘chirish uchun mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi, 252 dan ortiq texnikalar jalb qilingan.

To‘qayev ushbu hodisadan so‘ng favqulodda vaziyatlar vazirini ishdan olgan.

Mavzuga oid