Jahon | 11:36 / 12.06.2023
7219
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Tunisga migrantlar bo‘yicha kelishuv uchun milliard yevro taklif qildi

Yevropa Ittifoqi muhojirlar oqimini Yevropaga cheklash uchun Tunis bilan kelishuvga erishmoqchi. Tunis prezidenti esa mamlakat chegara politsiyasi rolini o‘ynash niyatida emasligini aytdi.

Foto: Koen van Weel/ANP/IMAGO

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen , Italiya bosh vaziri Jorja Meloni va Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte 11 iyun, yakshanba kuni Tunis prezidenti Kais Said bilan uchrashdi. Yevropalik siyosatchilarning Shimoliy Afrika davlatiga tashrifidan maqsad Yevropaga qochqinlar va muhojirlar oqimining oldini olish borasida rasmiylar bilan kelishishdir.

Bitim tuzish uchun Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Tunisga "mustahkamlangan hamkorlik" va milliard yevrodan ortiq moliyaviy yordam va’da qildi. Bu summadan YeI 150 million yevroni zudlik bilan ajratishi, qolgan 900 millionini esa keyinroq uzoq muddatli yordam sifatida taqdim etishi mumkin, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP axborot agentligi. Yevrokomissiya rahbari kelishuv iyun oxiriga rejalashtirilgan YeI sammiti oldidan imzolanishini istayapti.

Yevropa Ittifoqi boshqa Afrika davlatlari bilan ham xuddi shunday shartnomalar tuzgan. Shu tariqa, Yevropa Ittifoqi qochqinlar qayiqlarini muntazam ravishda ushlaydigan va odamlarni vaqtincha saqlash lagerlariga jo‘natishni ta’minlaydigan Liviya qirg‘oq xavfsizligini qo‘llab-quvvatlaydi. Qochqinlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va faollar bunday lagerlarni g‘ayriinsoniy sharoitlari uchun tanqid qilib, Tunisga qaytib kelgan odamlarni deportatsiya qilmaslik haqida ogohlantirdi. Huquq himoyachilari, xususan, prezident Saidning avtoritar boshqaruv uslubi va Afrikaning boshqa davlatlaridan kelgan muhojirlarga qaratilgan ritorikasiga ishora qilmoqda. Shuningdek, muhojirlarga nisbatan tazyiqlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani haqida xabarlar bor.

Yevropa delegatsiyasining tashrifi arafasida Tunis prezidenti Kais Said muhojirlar masalasida moliyaviy yordam zarurligini, biroq uning mamlakati Yevropaning chegara politsiyasi rolini o‘ynamasligini aytdi.

Mavzuga oid