O‘zbekiston | 12:33 / 13.06.2023
29738
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondagi yongan bozordan fotoreportaj

Qo‘qon shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” savdo majmuasida (ulgurji bozor) yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Qariyb 6 soat davom etgan yong‘in majmuaning katta qismiga zarar yetkazgan. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib vaziyatni o‘rgandi.

12 iyun Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan savdo majmuasida kelib chiqqan yong‘in natijasida yuzlab do‘kondorlarning kiyim-kechaklari yonib kulga aylangan. Ayrim tadbirkorlar olov ichidan o‘z mahsulotlarini olib chiqishga ulgurgan. Aksariyat savdogarlarning harakati besamar ketgan. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib FVB rasmiysi va bozorda savdo qilib kelgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Farg‘ona viloyati FVB axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonovning ma’lum qilishicha, yong‘inni o‘chirish uchun Namangan viloyatidan ham yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yordamga kelgan.

Ahliddin Alijonov

“Kiyim-kechak do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgani haqida FVBga 12 iyun kuni soat 19:17 da xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 19:25 da yetib kelishgan. Olib borilgan tezkor chora-tadbirlarga qaramasdan majmuaning taxminan 5000 kv.mda yong‘in sodir bo‘ldi.

Viloyatdagi 20 ta yong‘in-qutqaruv avtomobillari yong‘inni o‘chirishga jalb etildi. Bundan tashqari Namangan viloyati FVBdan ham 5 ta qutqaruv ekipajlari yordamga kelgan. Soat 23:30 da yong‘in butunlay o‘chirildi. Ayni paytda yong‘in sodir bo‘lgan hudud qayta nazorat qilinyapti. Hozirda yong‘in kelib chiqish sababi o‘rganilyapti”, – deydi u.

Tadbirkor Humoyun Farhodov do‘konidagi barcha mollari butkul yonib bitgani haqida so‘zlab berdi.

Humoyun Farhodov

“Soat 17:00-18:00 larda bozor yonishni boshlagan ekan. Bu paytda uyda edik. Mudhish hodisa haqida eshitib, zudlik bilan bozorga yetib keldik. Bozor ichkarisiga kirib, olov do‘konimiz yaqinigacha yetib kelganiga guvoh bo‘ldik.

Yonayotgan bozorga ukam bilan birga kelgan edik. Do‘kon eshigi ochilavermagach, oynasini sindirib ichkariga kirdik. 2-3 qop kiyim olishga ulgurdik. Lekin qolgan mollarimizni olib chiqishga imkon bo‘lmadi. Do‘konimda 150-200 million so‘mlik kiyim-kechak bor edi. Qo‘limizdan hech narsa kelmadi”, –deydi yong‘indan zarar ko‘rgan Humoyun Farhodov.

Gulbahor Mahkamova yong‘in to do‘konigacha yetib kelgunicha barcha mahsulotlarini tashqariga tashib chiqishga ulgurgan.

Gulbahor Mahkamova

“Savdo majmuasida yong‘in bo‘lgani haqida uyimizda xabar topdik. Uyda nevaramni olib qolgan edim. O‘g‘lim va kelinim esa o‘sha paytda bozorda edi. Zudlik bilan do‘konga yetib keldim. Holat chindan dahshatli edi. Tanish-bilishlarning yordamida do‘kondagi bor buyumlarni olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik.

Ming shukrki, do‘konimizgacha yong‘in yetib kelmadi. Kiyim-kechaklarni tashqariga tashib bo‘lib, tanish do‘kondorlarga yordamga shoshildik. Ayrim noinsof kimsalar yordam berish bahonasida qo‘limizdagi qoplarni olib qochishdi”, – deydi u.

Do‘koniga o‘t ketgan tadbirkor Muslima Qo‘ldosheva do‘koni uchun ajratilgan joy boshqalarga sotib yuborilishidan xavotirda ekanini aytdi.

Muslima Qo‘ldosheva

“Yong‘in bo‘layotgani haqida soat 19:00 larda xabar topdim. Ko‘chalar tirband edi. Tadbirkorlar shosha-pisha kiyim-kechaklarini olov qurshovidan olib chiqishga urinishardi. 

Bozorga yetib kelsak ichkariga kiritishmadi. Onam ham do‘konim yonida parfyumeriya va taglik sotadi. Onam 25, men esa 5 yildan beri shu bozorda savdo qilamiz. Mahsulotlarimizning ayrimlarini o‘g‘irlashdi. Ayrimlari yonib kul bo‘ldi. Do‘konimizda kamida 40-50 mlnlik yuk bor edi. Kiyim-kechaklarni tashqariga tashishga ulgurmadik. Tovarlar yonib ketganiga chidaymiz, lekin eng asosiy masala bizga qarashli joylarni boshqalarga sotib yuborishlaridan xavotirdamiz”, – deydi u. 

Bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlarning aytishicha, yong‘in sodir bo‘lishidan avval soat 17:00 larda ayrim do‘konlarda elektr payvandlash ishlari amalga oshirilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, savdo komplekslarida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz 

Mavzuga oid