Jahon | 19:18 / 16.06.2023
42100
10 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘shnilarimiz ochlikda halok bo‘lmoqda». Shimoliy Koreyada yashovchilarning noyob intervyusi

Foto: BBC Russian

Shimoliy koreyalik kishilar BBC nashriga bergan intervyusida mamlakatdagi oziq-ovqat taqchilligi haqida gapirib, vaziyat odamlar ochlikdan o‘lishigacha yetganini aytgan.

Ekspertlar fikricha, dunyoning eng ihotalangan davlati aholisidan olingan ushbu eksklyuziv intervyu Shimoliy Koreya 1990-yillardan beri eng yomon ahvolga tushganidan dalolat beradi.

Koreya xalq demokratik respublikasi (KXDR) aholisi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda hukumat chegaralarni butunlay yopib qo‘ygan va barcha hayotiy muhim ta’minotni to‘xtatgan. Shuningdek, ular o‘z fuqarolarining hayoti ustidan nazoratni kuchaytirgan.

Rasmiy Pxenyan BBC nashriga o‘z fuqarolari manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishini aytgan.

Shimoliy Koreyada o‘z manbalar tarmog‘iga ega bo‘lgan Daily NK gazetasi yordamida BBC uch nafar oddiy shimoliy koreyalikdan yashirincha intervyu olishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning aytishicha, chegaralar yopilganidan keyin ular yo ochlikdan o‘lish, yoki qonunni buzgani uchun qatl etilishidan qo‘rqib yashamoqda.

Shimoliy Koreyada yashovchi odamlar fikrini eshitish kamdan kam kuzatiluvchi holat.

KXDRdan qochganlarga yordam ko‘rsatuvchi «Shimoliy Koreyaga erkinlik» tashkiloti vakili Pak Sokilning so‘zlariga ko‘ra, bu intervyular «mamlakatda sodir bo‘layotgan halokatli fojia» haqida guvohlik beradi.

BBC bilan suhbatlashgan pxenyanlik ayol, o‘z uyida ochlikdan o‘lgan uch kishilik oilani shaxsan tanishini aytgan.

«Biz suv taklif qilish uchun ularning eshigini taqillatdik, lekin hech kim javob bermadi», deydi pxenyanlik Ji Yon. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat vakillari kvartiraga kirganda uning qo‘shnilari allaqachon o‘lgan bo‘lgan.

Ji Yon — ayolning haqiqiy ismi emas, uning va boshqa suhbatlashgan odamlarning ismlari ularning xavfsizligi uchun o‘zgartirilgan.

Xitoy chegarasi yaqinida yashovchi, Chang Ho ismli shimoliy koreyalik quruvchining aytishicha, oziq-ovqat shunchalik taqchilki, uning qishlog‘ida besh kishi allaqachon ochlikdan halok bo‘lgan.

«Oldinlari men koviddan o‘laman deb qo‘rqardim, lekin endi ochlikdan o‘laman deb qo‘rqa boshladim», deydi u.

Shimoliy Koreya hech qachon 26 millionlik aholisi uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat yetishtira olmagan. Hukumat 2020 yil yanvar oyida chegaralarni yopgach, aholi Xitoydan g‘alla, shuningdek, hosil yetishtirish uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it va texnika importini to‘xtatdi.

Hukumat to‘siqlar o‘rnatish orqali chegaralarni mustahkamlagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, askarlarga chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan har qanday shaxsni otib tashlash buyurilgan. Shu tariqa, ular Shimoliy Koreya aholisining aksariyati sotib oluvchi qora bozordagi oziq-ovqat kontrabandasiga amalda chek qo‘ygan.

Mamlakat shimolidagi bozor sotuvchisi Myong Sukning aytishicha, uning mahalliy bozoridagi mahsulotlarning deyarli to‘rtdan uch qismi Xitoydan kelgan, ammo hozir «hamma peshtaxtalar bo‘sh».

Suk va chet eldan noqonuniy olib kirilgan mahsulotlarni sotish hisobiga kun kechirganlarning barchasi daromadlarining katta qismini yo‘qotgan.

Myong Sukning aytishicha, uning oilasida hech qachon bunchalik kam yegulik bo‘lmagan va oxirgi paytlarda odamlar juda och qolgani tufayli ularning eshigini taqillatib, ovqat so‘rashgan.

Pxenyanlik Ji Yongning hikoya qilishicha, u uyida o‘z joniga qasd qilgan yoki kun kechira olmay o‘lish uchun tog‘larga ketgan insonlar haqida eshitgan.

Yongning tan olishicha, u bolalarini zo‘rg‘a ovqatlantirmoqda. Bir marta u ikki kun ketma-ket ovqatlanmagan va uyqusida o‘lib qolishdan qo‘rqqan.

1990-yillar oxirida Shimoliy Koreyada uch millionga yaqin odam halok bo‘lgan katta ocharchilik yuz bergan. Ochlik haqidagi yangi mish-mishlar, BBC intervyularida ham ta’kidlanganidek, mamlakat yangi falokat yoqasida ekani haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

«O‘rta sinfning oddiy vakillari o‘z qo‘shnilarida ochlikni ko‘rayotgani katta tashvish uyg‘otadi. Biz hali jamiyatning keng ko‘lamli halokati yoki ommaviy to‘yib ovqatlanmaslik haqida gapirmayapmiz, biroq baribir ahvol jiddiy ko‘rinadi», deydi Shimoliy Koreya iqtisodi bo‘yicha mutaxassis Piter Uord.

Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari buzilishini hujjatlashtiruvchi NKDB tashkiloti direktori Xanna Son ham shunday fikrda.

«So‘nggi 10-15 yil ichida biz ocharchilik xabarini goh-gohida eshitdik. Ammo endi biz yana Shimoliy Koreya tarixidagi eng og‘ir davrlarga qaytmoqdamiz», deydi Son xonim.

Hatto, qishloq xo‘jaligini yaxshilash uchun turli urinishlar amalga oshirayotgan KXDR yetakchisi Kim Chen Inning o‘zi ham vaziyat jiddiyligiga ishora qilib, «oziq-ovqat inqirozi» haqida ochiq gapirdi.

Ammo, u o‘z yadro dasturiga moliyaviy ustuvorlik berishda davom etmoqda. 2022 yilda 63 ta ballistik raketa sinovi o‘tkazildi, bu KXDR uchun rekord ko‘rsatkich.

Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sinovlarning umumiy qiymati 500 million dollardan oshadi, bu Shimoliy Koreyaning har yilgi g‘alla tanqisligini qoplash uchun kerak bo‘ladigan mablag‘dan ko‘proq.

Shimoliy Koreyada pandemiya vaqtida olingan noyob fotolardan biri
Foto: NK NEWS

BBC nashri bilan suhbatlashgan insonlar so‘nggi uch yil ichida hukumat odamlar hayoti ustidan nazoratni kuchaytirgani, jazo choralari qattiqlashgani va yangi qonunlar qabul qilingani haqida ham so‘zlab bergan.

Janubiy Koreya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiyadan oldin har yili mingdan ortiq odam Yalu daryosi orqali Shimoliy Koreyadan Xitoyga qochib o‘tgan.

Shimollik sotuvchi Myong Suk jurnalistlarga endilikda qochib o‘tish deyarli imkonsiz ekanligini aytgan. «Hozir, hatto agar siz bu daryoga yaqinlashsangiz ham qattiq jazolanasiz, shuning uchun deyarli hech kim tavakkal qilib daryo orqali qochmaydi», deydi u.

Quruvchi Chang Honing so‘zlariga ko‘ra, yaqinda uning do‘stining o‘g‘li yopiq eshiklar ortidagi bir nechta qatlga guvoh bo‘lgan. Har bir qatlda mamlakatdan qochishga uringan uch-to‘rt kishi birdaniga otib tashlangan.

«Hayot kundan kunga og‘irlashib bormoqda. Birgina noto‘g‘ri harakat va sizni qatl etishlari mumkin. Biz bu yerda o‘limni kutib yashamoqdamiz», deydi Ho.

Nashr Shimoliy Koreya hukumatidan olingan ma’lumotlarga izoh berishni so‘ragan. Ular «har doim, hatto eng og‘ir damlarda ham o‘z xalqi manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi»ni aytgan.

«Xalq farovonligi, sinovlar va qiyinchiliklarga qaramay, bizning ustuvor vazifamizdir», degan KXDRning Londondagi elchixonasi matbuot kotibi.

Shimoliy Koreya rasmiylari, shuningdek, nashr ma’lumotlari «haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi»ni ta’kidlab, ular «Koreyaga qarshi kuchlar fitnasi natijasida qo‘lga kiritilgan» deya da’vo qilgan.

Biroq, «Shimoliy Koreyaga erkinlik» tashkiloti vakili Pak Sokilning so‘zlariga ko‘ra, bu intervyu birdaniga «uch karra zarba» beradigan qiyinchiliklardan dalolat beradi.

«Oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan, insonlar erkinligi yanada cheklangan va qochish amalda imkonsiz ishga aylangan», deydi Park Sokil. Uning fikricha, bularning bari «Shimoliy Koreya har qachongidan ham repressivlashgani» haqidagi nazariyani tasdiqlaydi.

Pxenyanlik Ji Yongning aytishicha, kuzatuv va tahdid shu qadar shafqatsizlashib ketganki, odamlar bir-biriga ishonmay qolgan. Uning o‘zi ham, 2020 yil dekabr oyida qabul qilingan, xorijiy filmlar, teleko‘rsatuvlar va qo‘shiqlarni ko‘rish, tinglash va tarqatishni taqiqlovchi yangi qonun bo‘yicha so‘roqqa chaqirilgan.

Xorijiy ma’lumotlarga kirishni yopib qo‘yishga qaratilgan «Reaksion mafkura va madaniyatni rad etish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Janubiy Koreya kontentini tarqatishda gumonlanib qo‘lga olingan har qanday shaxs qatl etilishi mumkin.

2019 yilda mamlakatni tark etgan KXDR sobiq diplomati Ryu Hyong U Shimoliy Koreya hukumatining tashqi ta’sirga qarshi kurashi bu darajaga yetganidan hayratda qolganini tan olgan.

«Kim Chen In aholi qanday vaziyatda ekanligini va Janubiy Koreyaning qanchalik boyligini bilib qolsa, undan nafratlanib, isyon ko‘tarishidan qo‘rqadi», deya tushuntiradi Ryu Hyong U.

BBC intervyusi shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi uch yil ichida ba’zi shimoliy koreyaliklarning o‘z hukumatiga sodiqligi kamaygan.

«Agar kovidgacha odamlar Kim Chen Inga ijobiy munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, hozir deyarli hamma undan norozi», deydi Myung Suk.

Mavzuga oid