Jahon | 22:10 / 24.06.2023
41938
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar miya qarishining oldini olish usullarini sanab o‘tdi

Sog‘lom turmush tarzi miya qarishiga qarshi kurashning asosiy usuli sifatida tan olingan.

Foto: Depositphotos.com / AndreyPopov

AQSh Minnesota universiteti olimlari keksa odamlarda miya salomatligini mustahkamlashning eng samarali strategiyalarini ko‘rib chiqdi. Tadqiqot The Lancet Healthy Longevity jurnalida chop etildi.

Olimlar 2002 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarigacha PubMed ma’lumotlar bazasida chop etilgan ilmiy maqolalarni ko‘rib chiqdilar. Ular turli omillar, jumladan, gipertoniya, chekish, harakatsiz turmush tarzi va yetarlicha uyqusizlik tufayli stressning to‘planishi vaqt o‘tishi bilan miyaga zarar yetkazishini aniqladi. Ushbu stress kompensatsion tiklanish mexanizmlarini bostiradi, bu esa miyaning tiklanmas shikastlanishiga olib keladi.

Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yetarli kognitiv zaxira — miyaning insult, jarohatlar, surunkali kasalliklar yoki yoshga bog‘liq o‘zgarishlar oqibatlarini bartaraf qilish qobiliyati miya qarishini sekinlashtirishi mumkin. Ta’lim va sog‘lom turmush tarzi kognitiv zaxirani to‘plashga yordam beradi.

Miya bilan bog‘liq kasalliklarni davolash usullari cheklangan. Shu sababli, kasallikning oldini olish eng samarali vosita bo‘lib ko‘rinmoqda. Keksa odamlar soni tez sur’atlar bilan oshib borishi bilan butun dunyoda nevrologik kasalliklar yuki ham ortib bormoqda. Olimlar fikriga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish dasturlari zudlik bilan zarur.

Sog‘lom odatlarga misol sifatida tadqiqotchilar Amerika kardiologiya assotsiatsiyasining (AMA) Life's Simple Eight konsepsiyasini misol qilib keltirishadi: yetarli uyqu, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, chekishni tashlash, sog‘lom vaznni saqlash, qonda lipid va shakarning me’yordagi darajasini va qon bosimini me’yorida saqlash.

Mavzuga oid