Jamiyat | 18:44 / 28.06.2023
20410
7 daqiqa o‘qiladi

«Uch og‘ayni» – yo‘qotilgan avlod tuyg‘ulari aks etgan asar

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Urush shunday jirkanchki, u insonning jismi, moddiyatinigina emas, ruhi, ma’naviyatini ham halokatga uchratadi. O‘z asoratlari bilan uzoq yillar butun boshli avlodlarning kelajagi, yashash tarzi, ruhiyatiga raxna solib turadi. Bunday avlodlar esa «yo‘qotilgan avlod» deyiladi.

Erix Mariya Remark o‘zining urush ruhidagi asarlari bilan mashhurlikka erishgan. Uning «Uch og‘ayni» asarida ham urushning jamiyat, odamlar turmush tarzidagi siyosiy-iqtisodiy, ruhiy va ijtimoiy ta’siri mahorat bilan aks ettirilgan.

Roman 1938 yili Shveytsariyada yozilgan bo‘lib, unda chin muhabbat va haqiqiy do‘stlik tasvirlangan. Birinchi jahon urushidan keyingi jamiyat, odamlardagi yoqimsiz kayfiyat, ishsiz qolish qo‘rquvi va alamzadalik aks etgan. Chunki mamlakatda ishsizlik avj olib ketgandi. Ishsizlik esa tiriklikdan mahrum bo‘lishdek gap.

Syujyet:

Robert, Kester, Gotfrid – qalin do‘stlar. Bu do‘stlar uzilmas rishtalar bilan bog‘langan. Urushga birga qatnashib, urush orqali hayot nima ekanini yaxshi anglab olgan qahramonlar urushdan so‘ng ham ayrilishmaydi. Bejirimgina ustaxona ochishib, u yerda mashinalarni tuzatish, olib-sotish orqali tirikchilik qilishadi.

Kundan kunga ishsizlik, iqtisodiy inqiroz, qashshoqlik kuchayib borayotgan sharoitda ular shunchaki tirik ekanliklaridan mamnun va hissiz holatda yashayveradi. Urush ularni shunday hissiz va hayotga beparvo, ichkilikka o‘ch qilib qo‘ygandi. Kunlardan bir kun ular Patritsa Holmanni uchratishadi, Robert esa uni sevib qoladi.

Asar ham aynan shu Robert Lokamp tilidan hikoya qilinadi. Patritsa bilan birga Robertning hayotiga yangi hislar, yangi hodisalar kirib kelgandek bo‘ladi. Muhabbatga limmo-lim yuraklar uchun har daqiqa mazmunli o‘ta boshlaydi. Ikki yosh bir qancha ishqiy sarguzashtlarni boshdan kechirishadi. Ammo tez kunda Patritsa Holmanning o‘pkasi jiddiy kasal ekanligini bilib Robert qattiq xafa bo‘ladi.

Qizning bu kasalligiga ham la’nati urush sababchi edi. Yoshligida uzoq vaqt ochlik sababli Pat shunday dardga yo‘liqqandi. Uch og‘ayni birlashib qizni davolatishga, umrini uzaytirishga harakat qilishadi. Birdek tirishadi. Ammo baribir kasallik o‘z ishini qildi. Qiz dunyodan ko‘z yumadi. Ammo uning go‘zal muhabbati, chiroyli va o‘chmas xotirasi Robertning yuragida qoldi.

Bu orada 3 do‘stning biri, eng quvnoq va hazilkash, biroz quv, ammo beg‘ubor Gotfrid ham bir guruh bezorilar tomonidan otib o‘ldirildi. Gotfridning o‘limidan mutaasir bo‘lgan ikki do‘st qotillarning izidan tushadi va o‘ch oladi. Bu o‘ch orqali hovurlari sal bosilgandek bo‘ladi.

Adib asardagi Xosselar oilasi orqali ham jamiyatning og‘riqli nuqtalarini yaqqolroq ochib berishga urinadi. Janob Xosse o‘ta mehnatkash, doimo ishsiz qolishdan qo‘rqib qattiq tirishadigan xodim, vafodor va mehribon er. Ammo uning xotiniga nimadir yetishmaydi. U erining boy emasligidan, hashamatli yashamasligidan noliyveradi. Er-xotin orasidan deyarli har vaqt olamushuk o‘tib turardi. Albatta, bunga davrning, zamonning, ijtimoiy holatning iqtisodiy tangligi katta sabab bo‘lardi.

Oxiri Xosse xonim erini tashlab ketdi. Boy, puldor erkak ketidan ergashdi. Bunga chidolmagan er o‘zini osadi. Ammo bu vaqtda janob Xossening ishxonada amali oshgan, shu bilan birga, maoshi ham ko‘tarilgan, Xosse xonim istagan kunlar kelgandi. U ishsiz qolsam kunimizga yaraydi, deb ancha-muncha pul ham jamg‘argandi. O‘zgalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lish joniga tekkan, eri bilan o‘tkazgan muhabbatli damlarini qo‘msagan ayol erining vafotidan tushkunlikka tushadi. Boy-badavlat yashash ham vaqti kelsa, insonga baxt berolmasligini, haqiqiy muhabbat o‘rnini bosolmasligini tushunib yetadi. Ammo endi kechligidan o‘kinadi.

Tahlil:

Asardagi asosiy g‘oya shuki, muhabbat, do‘stlik, mehr-muhabbat, sadoqat, fidokorlik singari ulug‘ tuyg‘ular hech qachon o‘zgarmaydi, siyqasi chiqmaydi. Inson qalbi bu singari oliyjanob tuyg‘ularga hamisha ehtiyoj sezadi. Ularsiz insonning insonligi qolmaydi.

Romandagi fohishalar guruhi oliyjanob tuyg‘ularing o‘rnini ko‘rsatib berishga xizmat qiladi. Ular fohisha bo‘lishiga qaramay o‘z fikri, tuyg‘ulari, hislariga ega. Ularning beg‘uborligi, qadriyatlari uncha-muncha «toza kishi»larda yo‘q. Ular shunchaki zamondagi parokandalik, tirikchilik yuki sabab bu yo‘lga qadam qo‘ygan. Fohishalik ular uchun shunchaki bir ish, jismini mahv etayotgan yumush. Ammo qalblari bu iflos yumushdan mutlaqo forig‘. Orzu-umidlarga, mehr-muruvatga limmo-lim. Ruhlari tetik. Hech qanday g‘arazli niyatlari yo‘q.

Kasterning o‘z qo‘li bilan yasagan, ko‘rinishidan xarobgina bo‘lsa-da, uncha-muncha mashinani ortda qoldiruvchi «Karl» laqabli mashinasi bor. O‘z vaqtida Kaster «Qo‘limni kesib tashlasam tashlayman, ammo Karlni sotmayman», degandi. Ammo shunday kun keldiki, u do‘sti Robertning boshiga ish tushib turganda farzandidek bo‘lib qolgan Karldan ham voz kecholadi. Bu ham hozirgi kunda kamdan kam uchrayotgan do‘stlikka sadoqatning bir ko‘rinishi edi.

Do‘stining, sevgilisining g‘amini o‘z g‘amidek ko‘rish, yordam uchun amaliy harakatda bo‘lish, sof tuyg‘ularni chinakamiga ardoqlash, qadrga loyiq bo‘lishga urinish – oliyjanoblik. «Uch og‘ayni» qahramonlari ana shunday oliyjanob insonlar. Ular og‘ir damda birlashib, bir-birini qo‘llay, qadrlay oldilar. Jamiyatda hech biri katta o‘rinni tutishmasa-da, siyosiy ahamiyatga molik bo‘lishmasa-da, ularning yuraklari, qalblari, sadoqat va muhabbatlari buyuk edi.

Ularning qaynoq do‘stliklariga qahraton; jipsliklariga jamiyatdagi tarqoqlik ta’sir ko‘rsatolmasdi. Bunday tuyg‘ularni, do‘st-u yorlarni qadrlash kerak. Inson hayotga bir bora keladi. Shunday ekan, yonib, chaqnab, muhabbatga toshib yashashi, o‘zidan chiroyli amallarni qoldirishi lozim. Bu go‘zal tuyg‘ular aks etgan asar Nizom Komil tomonidan tarjima qilingan.

Gulasal Qodirova

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid