O‘zbekiston | 09:41 / 07.07.2023
2632
2 daqiqa o‘qiladi

Sport-ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirish autsorsing asosida tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha va yordamchi funksiyalarni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha va yordamchi funksiyalarni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • sport-ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha va yordamchi funksiyalarni autsorsingga o‘tkazish sport-ta’lim tashkilotlarining tashabbusi asosida Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
  • sport-ta’lim tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlantirishni tashkil etishda, ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebeli tekin foydalanish huquqi bilan beriladi;
  • autsorsing asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun narxlar (shartnomalar bo‘yicha), qoidaga ko‘ra, ko‘pi bilan bir kalendar yilda bir martda qayta ko‘rib chiqiladi;
  • xizmatlar autsorsing asosida tashkil etilishi munosabati bilan tejalgan davlat budjeti mablag‘lari, birinchi navbatda, sport-ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda sport-ta’lim tashkilotlarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan tasdiqlangan jadval asosida ko‘pi bilan uch oyda bir marta o‘rganishlar tashkil etadi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi:

  • 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kamida 10 ta sport-ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishni autsorsing asosida tashkil etish choralarini ko‘radi;
  • 2024 yil 1 aprelga qadar sport-ta’lim tashkilotlarida xizmatlarni autsorsing asosida ko‘rsatish tartibini takomillashtirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid