O‘zbekiston | 19:03 / 11.07.2023
10940
2 daqiqa o‘qiladi

“Huquq-majburiyatlari tushuntirilmagan qoidabuzar haydovchiga yozilgan jarima bekor qilinmaydi” – YHXX

Telegram-kanallarda YPX xodimi qoidabuzar haydovchiga huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shart ekani, aks holda qoidabuzarlik haqidagi ma’muriy protokol ham, uning jarimasi ham bekor bo‘lishi aytilgan videolar tarqaldi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati buni rad etdi.

Foto: Fotolia

Yurist Haydarov Telegram-kanalida hukumatning 2018 yil 4 dekabrdagi 975-sonli qaroriga asosan YPX xodimi ma’muriy protokol rasmiylashtirishdan oldin haydovchiga huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishga majbur ekani, aks holda ushbu xodim tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy protokol ham, uning jarimasi ham bekor bo‘lishi iddao qilingan video chiqarildi. Keyinchalik ushbu video kanaldan o‘chirib yuborildi.

IIV JXD YHXX axborot xizmati xodimi Oybek Rahmonovning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar orqali xato tavsiyalar berilgan videolar ko‘paygani, bu esa haydovchilar o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

“Ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha jarima qaysi holatlarda bekor bo‘lishi MJtKning 271-moddasida aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Unga ko‘ra, YPX xodimi agar qoidabuzarlik sodir etgan haydovchiga huquq va majburiyatlarini tushuntirmaydigan bo‘lsa, belgilangan qaror talablaridagi majburiyatini bajarmagani uchun xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, intizomiy jazo chorasi yo‘llanishi mumkin, lekin bu haqiqatan ham qoidabuzarlik sodir etgan haydovchiga nisbatan belgilangan jarima bekor qilinishiga asos bo‘lmaydi.

Yana bir jihatiga e’tibor qilish kerak. Ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda tarqalgan videoda Vazirlar Mahkamasining 975-sonli qarori 2018 yil 4 dekabrda qabul qilingan deyilyapti. Bu noto‘g‘ri, aslida bu qaror 2018 yil 1 dekabrda qabul qilingan. Mana shu kabi videolarni tarqatayotganlarga yolg‘on axborotni tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz”, deydi Oybek Rahmonov.

Avvalroq internetda tezlikni qayd etuvchi radarlarga tushgan huquqbuzarliklarning videosi bo‘lmasa, bu haqdagi ma’muriy bayonnomalar fotoshop dasturida ishlangan degan xulosa qilinishi va jarima bekor etilishiga asos bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan, IIV JXD YHHX bunga raddiya bergandi.

 

Mavzuga oid