Jahon | 16:24 / 16.07.2023
17434
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya FXX Simonyan va Sobchakka suiqasd tayyorlangani haqida xabar berdi

Tergovga ko‘ra, ularni «Ukraina xavfsizlik xizmati topshirig‘i bilan» neonatsistlar o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) mamlakat bosh propagandachilaridan biri Margarita Simonyan va muxolif jurnalist Kseniya Sobchakka suiqasdning oldi olinganini xabar qildi. FXX xabarida aytilishicha, bu qotilliklarni go‘yoki Ukraina xavfsizlik xizmati buyurtma qilgan.

G‘alati «qotil»

FXX e’lon qilgan videoda o‘zini 18 yoshli Mixail Balashov deb tanishtirgan Rossiya fuqarosi go‘yoki Ukraina maxsus kuchlari unga ikki jurnalistni o‘ldirishni buyurtma qilganiga «iqror bo‘lgan».

«Men Mixail Balashov, 2005 yilda tug‘ilganman. Moskvada yashayman. «Paragraf-88» nomli neonatsistik guruh tuzib, unga voyaga yetmagan do‘stlarimni jalb qilganman. Biz tashqi ko‘rinishi slavyancha bo‘lmagan odamlarga hujum qilish bilan shug‘ullanganmiz.

Ukraina maxsus kuchlari men bilan bog‘lanib, avvaliga rele shkaflarini (temiryo‘l harakatini ta’minlovchi qurilma – tarj.) portlatishni taklif etishdi. Keyin esa Margarita Simonyan va Kseniya Sobchakni o‘ldirishni buyurtma qilishdi. Men Simonyanning yashash manzilini o‘rganib razvedka qildim va buning uchun pul oldim.

Keyin menga Kalashnikov avtomati va pul qayerda bo‘lishini aytgan kurator bilan yozishdim. Va’da qilingan narsalarni olish uchun borganimda [Rossiya] maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olindim», degan Balashov.

Bu «iqror»da yigit o‘zini g‘alati tutganiga ko‘pchilik e’tibor qaratdi. Muxolif kanallar FXXning bu xabarini sahnalashtirilgan tomosha deb atashdi.

7 kishi qo‘lga olingan

Moskvadagi Basmanniy rayon sudi qarori bilan ushbu ish doirasida 7 kishi qo‘lga olingan. Ulardan 4 nafari 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar bo‘lgan. Yana bir qo‘lga olingan shaxs voyaga yetmagan. Sud xabarida aytilishicha, ularga nisbatan bezorilik bo‘yicha ish ochilgan, suiqasd haqida esa xabarda so‘z bormagan. Shuningdek, millatchilik kayfiyatidagi guruh vakillari xorijlik fuqarolarga hujum qilgani aytilgan.

Har biri uchun 1,5 million rubl

FXX xabarida aytilishicha, Ukraina xavfsizlik xizmati har bir qotillik uchun Rossiya fuqarosi bo‘lgan neonatsistik guruh vakiliga 1,5 million rubl taklif qilgan. Ikki jurnalistning ish va yashash manzillarida razvedka ishlarini amalga oshirgan guruh vakillari 14 iyul kuni Moskva hamda Ryazan oblastida qo‘lga olingan. Ayblanuvchilardan Kalashnikov avtomati, 90 ta patron, pichoq, kastet, rezina kaltak, kishan, shevron, natsistik bayroq, natsistik simvollar, natsistik adabiyotlar, aloqa vositalari va «jinoiy qilmishlarini isbotlovchi» kompyuterlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

FXX xabariga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasi qo‘lga olinganlarga nisbatan ekstremizm va terrorizm ayblovi bo‘yicha ish ochadi.

Simonyan – Rossiya «propaganda malikasi»

Margarita Simonyan (Foto: RT / RIA Novosti)

Go‘yoki Ukraina o‘ldirilishini buyurtma qilgan ikki jurnalistdan biri – Margarita Simonyan. Beslan voqealaridagi shov-shuvli reportaji (asir olinganlar sonini kamaytirib aytgan) bilan tanilgan arman millatiga mansub Simonyan hozirda Rossiyaning bosh propagandachilaridan biri hisoblanadi. U Kreml propagandasini xorijiy tillarga tarqatuvchi «Russia Today» telekanali bosh muharriri hamdir. Unin turmush o‘rtog‘i, arman millatiga mansub Tegran Keosayan bilan birga uzoq vaqtdan buyon Rossiya hukumat pozitsiyasini ifoda etib keladi. Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol qo‘llaydi va urushga targ‘ib qiladi.

Rossiyada Simonyanga suiqasd haqida avval ham xabarlar berilgan. Masalan, propagandachining o‘zi urush boshlanganidan 3 oy o‘tib uni o‘ldirmoqchi bo‘lishganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishxonasiga portlovchi modda izi bo‘lgan jo‘natma yuborilgan. Bu xabardan biroz avval Vladimir Putin mamlakat bosh propagandachisi Vladimir Solovevga suiqasd uyushtirishga urinish bartaraf etilganini aytgandi.

Simonyan o‘ziga nisbatan tashkillashtirilgani iddao qilingan suiqasdga munosabat bildirdi. «Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Tergov qo‘mitasi Ukraina buyurtmasiga ko‘ra meni o‘ldirishga chog‘langan guruhni qo‘lga oldi. Meni kuzatishgan, manzillarimni bilishgan. Bo‘shashmaymiz, do‘stlar!» deb yozdi Simnoyan o‘z kanalida.

Keyinroq u sharmandalik o‘limdan ham yomon narsa ekanini aytib, video e’lon qildi. Darvoqe, FXX qo‘lga olgan Rossiya fuqarosining «iqrori» ham aynan Rossiya «propaganda malikasi» rahbarlik qiladigan RT telekanalida e’lon qilindi.

Sobchak – liberallar xushlamaydigan «liberal»

Kseniya Sobchak. (Foto: Valeriy Melnikov / RIA Novosti)

Kseniya Sobchak Rossiyadagi eng mashhur jurnalistlardan biri va muxolif siyosatchi hisoblanadi. U 2018 yil Rossiya prezidentligiga nomzod ham bo‘lgan va sharmandali natija qayd etgan (1,68 foiz). Sobchak Rossiyaning o‘zgarmas prezidenti Putinning sobiq ustozi, Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning qizi hisoblanadi. Sobchak Putinga aloqasi borligini rad etib kelsa-da, Rossiyadagi liberal siyosatchilar uni xushlamaydi.

Prigojinning isyoni vaqtida Sobchak yozib qoldirgan ushbu post uni navbatdagi tanqidlar girdobida qoldirgandi: «Xullas, mana bunaqa gap, o‘rtoqlar: harbiy holatdagi isyon har qanaqasiga jang qilayotgan narigi tomon foydasiga ishlaydi. Bu nafaqat frontdagilar, balki tinch aholi uchun ham xavfni oshiradi».

Sobchak ham FXX e’lon qilgan suiqasd haqidagi xabarga munosabat bildirdi. «Agar bu rost bo‘lsa, uni bartaraf etishda ishtirok etgan hammaga rahmat. Agar bu yolg‘on bo‘lsa va maqsad meni Simonyan bilan bir qatorga qo‘yish bo‘lsa, bu – pastkashlik. Har qanday holatda terror bu – zulmkorlik, hech qanday istisnosiz», deb yozdi Sobchak o‘z kanalida.

Kiyev rad etdi

Ukraina tomoni rossiyalik jurnalist ayollarni o‘ldirishga urinishga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. «Ularning bizga umuman keragi yo‘q, bu ko‘rinib turgan narsa. Axir bu insonlar hech narsaga ta’sir qila olmaydi», dedi Ukraina prezident devoni vakili Mixaylo Podolyak. Uning fikricha, Simonyan ham, Sobchak ham urush natijasiga va Rossiyaning global dunyodagi pozitsiyasini yo‘qotishiga hech qanday ta’sir qilish kuchiga ega emas.

Mavzuga oid