Jahon | 19:34 / 16.07.2023
49451
8 daqiqa o‘qiladi

«Shixmurodov ishi». Asr boshida O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari nega keskinlashgandi?

2002 yil 25 noyabr kuni Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozovga suiqasd uyushtiriladi. Turkman tomoni O‘zbekistonni davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Shixmurodov boshchiligidagi turkman muxolifatini qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Turkman maxsus kuchlari O‘zbekiston elchixonasiga bostirib kirishi ortidan ikki tomonlama munosabatlar yomonlashib ketadi.

Fotokollaj: Kun.uz

Joriy yil iyun oyida Turkmanistonda qurolli davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Bu haqda Turkman.news mamlakatdagi bir necha manbalariga tayanib xabar berdi. Unda Turkmaniston maxsus xizmatlari qurolli to‘ntarishga urinishni to‘xtatib, 20 nafar gumondorni qo‘lga olgani aytilgan.

To‘ntarish ishtirokchilari orasida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Payzigeldi Meredovning o‘g‘li Botir Meredov ham bo‘lgani, shuningdek, Turkmaniston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Axmet Xo‘jatov ham qo‘lga olingani (Xo‘jatov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Mari viloyati ichki ishlar boshlig‘i lavozimida ishlagan) haqida xabar qilingan.

Ko‘p o‘tmay Turkmanistonning Qozog‘istondagi elchisi Botir Rejyepov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga izoh berib, davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganini rad etib chiqdi. «Bu ma’lumot feyk, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, tasdiqlanmagan. Bu turkman matbuoti emas. Mazkur ommaviy axborot vositasi mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tmagan va rasman faoliyat ko‘rsatmaydi», dedi elchi.

Ulkan miqdordagi uglevodorod zaxiralari ega, o‘ta yopiq davlat hisoblanuvchi qo‘shni respublikada bundan 21 yil oldin ham davlat to‘ntarishiga jiddiy urinish bo‘lgandi va bu ish tafsilotlari haligacha ochiqlanmagan.

«Shixmurodov ishi»

Turkmaniston rasmiylari 2002 yil 25 noyabr kuni mamlakat birinchi prezidenti Saparmurod Niyozovga suiqasd amalga oshirilgani haqida ma’lum qiladi.

Rasmiy talqinga ko‘ra, Ashxobodda Niyozovga suiqasd uyushtirilgan: prezident kortejining yo‘lini KAMAZ yuk mashinasi va ikkita yengil avtomobil to‘sib qo‘ygan, kortej esa o‘qqa tutilgan. Niyozov jarohat olmagan. Shundan so‘ng turkmanboshi davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida ma’lum qiladi va suiqasdda Boris Shixmurodov hamda boshqa muxolifatchilarni ayblaydi.

Boris Shixmurodov 1992 yildan Turkmaniston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, 1995-2000 yillarda tashqi ishlar vaziri vazifasini bajargan. U mustaqil Turkmaniston tashqi siyosatining me’mori, prezident Niyozovga juda yaqin bo‘lgan shaxs sifatida ko‘rilib kelingan.

Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Boris Shixmurodov rossiyalik hamkasbi Igor Ivanov bilan. Foto: Eduard Pesov / ITAR-TASS.

Keyinchalik ularning orasidagi munosabat sovuqlasha boshlaydi. Buning ortidan, 2001 yilning martida Shixmurodov Xitoyga elchi etib jo‘natiladi va bu lavozimda o‘sha yil oktyabrigacha ishlaydi.

2001 yil noyabr oyida muxolifat tomoniga o‘tayotgani haqida bayonot bilan chiqadi va Turkmaniston Xalq demokratik harakatiga asos solinganini e’lon qiladi. Turkmaniston hukumati esa unga qarshi noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi ayblovi bilan jinoiy ish ochadi.

O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari keskinlashuvi

Niyozovga uyushtirilgan suiqasd ortidan mamlakat bo‘ylab nazorat kuchaytiriladi. Boris Shixmurodov va uning qator hamkorlari qidiruvga beriladi. 2002 yil 16 dekabr kuni Turkmaniston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining 15 nafar zobiti Ashxoboddagi O‘zbekiston elchixonasiga bostirib kiradi. Ular nafaqat xizmat xonalari, balki elchi qarorgohi va diplomatik missiyaning turar joy kompleksini ham tekshiradi. Bu amaliyot «elchixonada yashiringan terrorchilarni qidirish», deya izohlanadi.

Turkman tomoni O‘zbekiston elchisining rafiqasini Saparmurod Niyozovga suiqasd uyushtirgan bir necha mahalliy fuqaroning Turkmanistondan chiqib ketishiga yordam berganlikda ayblagan. Biroq, noqonuniy tintuv davomida elchixona hududidan qidiruvdagi birorta shaxs topilmaydi.

O‘zbekiston TIV turkman maxsus xizmatlarining harakatiga qarshi keskin norozilik bildiradi va sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha zudlik bilan tushuntirish berilishini talab qiladi. Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisiga maxsus nota topshiriladi.

Turkman rasmiylari qo‘lga olingunga qadar o‘tgan bir oy mobaynida Boris Shixmurodov bir necha kun O‘zbekiston elchixonasidan ham boshpana topganini keltirib o‘tadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, turkman tomoni O‘zbekiston elchisini istalmagan shaxs, deya e’lon qilib, mamlakatni tark etishi uchun 48 soat muhlat beradi.

Turkmaniston rasmiylari O‘zbekistonni prezident Saparmurod Niyozovga muvaffaqiyatsiz suiqasd uyushtirib, davlat to‘ntarishini amalga oshirgan Boris Shixmurodov boshchiligidagi turkman muxolifatini qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. O‘zbekiston tomoni barcha ayblovlarni rad etadi va birinchi prezident Islom Karimov Saparmurod Niyozovga qo‘llab-quvvatlash so‘zlari bilan telegramma yo‘llaydi: «Terror xuruji orqali hayotingizga suiqasd qilingani haqidagi xabar O‘zbekistonning chuqur xavotir va g‘azabini uyg‘otdi. O‘zbekiston terrorizmning har qanday shaklini qoralab kelgan va qoralaydi hamda bu illatga qarshi kurashda har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor».  

Islom Karimov va Saparmurod Niyozov, Foto: «O‘zarxiv».

Turkmanboshi bu so‘zlar samimiyligiga ishonmaydi va prezidentlar hamda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar juda sovuqlashib, chuqur inqirozga yuz tutadi. Ikki tomonlama munosabatlar 2006 yil dekabrda Niyozovning vafoti va hokimiyatga Gurbanguli Berdimuhamedov kelganidan keyingina yaxshilana boshlagan.

«Shixmurodov ishi» yakuni

Dastlab, Shixmurodov 25 noyabr voqealariga aloqador ekanini rad etadi. Keyinchalik u Turkmaniston Xalq demokratik harakati Ashxobod, Chorjo‘y, Toshhovuz va mamlakatning boshqa shaharlarida Niyozovning iste’fosini talab qilib, ommaviy tinch namoyishlar o‘tkazishni rejalashtirgani haqida ma’lum qiladi. Uning o‘zi bu vaqtda mamlakatdan tashqarida bo‘lganini ta’kidlaydi. 

2002 yilning 25 dekabr kuni Boris Shixmurodov Turkmaniston rasmiylariga ixtiyoriy ravishda o‘zini topshiradi va aybsiz ekanini ma’lum qiladi. U bu ishni o‘z tarafdorlariga nisbatan keyingi repressiyalarning oldini olish uchun qilganini aytib o‘tadi. 29 dekabr kuni milliy televideniyesida Boris Shixmurodovning nutqi namoyish etildi:

«Biz jinoiy guruhmiz, mafiyamiz. Oramizda bitta ham oddiy odam yo‘q. Men mamlakatni boshqarishga qodir emasman, aksincha, davlatni yo‘q qilishga bel bog‘lagan jinoyatchiman. Bizning vazifamiz Turkmanistondagi vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va prezidentga suiqasd qilish edi», degan u.

Boris Shixmurodovning «iqrori». Turkmaniston televideniyesi ekranidan olingan skrinshot

Atigi bir necha kun davom etgan tergovdan keyin 2002 yilning 30 dekabr kuni Turkmaniston Oliy sudi Boris Shixmurodovni 25 yilga ozodlikdan mahrum qiladi, biroq o‘sha kuniyoq bu jazo umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi. U bilan birga yana 54 kishi Niyozovga qarshi fitnada ayblanib qamaladi. Ular orasida sobiq vazirning ukasi Konstantin Shixmurodov, Turkmanistonning YeXHTdagi sobiq elchisi Botir Berdiyev ham bor edi. Shundan so‘ng ularning taqdiri nima bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda.

Turkman hukumati ushbu ish yuzasidan butun nazoratni o‘z qo‘liga olgani sabab hozirga qadar o‘sha paytda davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgan-bo‘lmagani aniqlanmagan. Niyozov rejimi esa «Shixmurodov ishi» ortidan keng ko‘lamli tozalov ishlari olib bordi, mamlakat xorijliklar uchun butunlay yopildi, yopiq siyosat yanada qattiqlashdi.

Mavzuga oid