WP: AQSh Kiyevga ATACMS raketalarini berishni rejalashtirmayapti
AQSh ma’muriyati bosimga qaramay, hanuzgacha Ukrainani uzoq masofali ATACMS raketalari bilan ta’minlashni rejalashtirmayapti. Pentagon fikricha, Kiyevning ehtiyojlari ko‘proq ta’minot bilan bog‘liq.
Jo Bayden ma’muriyati Kiyev va Kongressning ukrainaparast a’zolari bosimiga qaramay, hozircha Kiyevga ATACMS uzoq masofali raketalarni yetkazib berishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 22 iyul, shanba kuni Amerikaning The Washington Post gazetasi yozgan.
Pentagon fikricha, Ukraina hozir qurol-yarog‘ ta’minoti bo‘yicha «ko‘proq dolzarb ehtiyojlarga ega», deb yozadi gazeta AQSh oliy rahbariyatidagi manbalarga tayanib. Bundan tashqari, amerikalik harbiylar Kiyevni frontdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarlicha ATACMS raketalari bilan ta’minlash «AQShning boshqa ehtimoliy mojarolarga tayyorgarligi darajasini jiddiy pasaytirib yuborishidan xavotirda», deyiladi maqolada.
WP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh harbiy omborlaridagi ATACMS raketalari soni keyingi avlod raketalari - bundan ham uzoq masofali PrSM (Precision Strike Missile, ya’ni «yuqori aniqlikdagi raketalar») bilan almashtirilmaguncha kamaymasligi kerak. Lockheed Martin hali ham yiliga 500ta ATACMS raketalarini ishlab chiqaryapti, ammo ularning barchasi boshqa mamlakatlarga sotish uchun mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, gazeta oxir-oqibat Oq uy HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va F-16 qiruvchi samolyotlarida bo‘lgani kabi, dastlab buni rad etganiga qaramay, Ukrainaga ATACMS taqdim etilishiga ruxsat berishini istisno qilmayapti.
ATACMS «yer-yer» toifasidagi raketalarning uchish masofasi taxminan 300 kilometrni tashkil qiladi. Bu AQSh o‘tgan yildan beri Ukrainaga yetkazib berayotgan HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari raketalaridan qariyb to‘rt baravar hamda yaqinda Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan qurolli kuchlarga taqdim etilgan Storm Shadow va Scalp raketalaridan qariyb 60 kilometrga ko‘pdir.
Mavzuga oid
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
16:42 / 11.11.2024