Jahon | 11:49 / 24.07.2023
6988
2 daqiqa o‘qiladi

WP: AQSh Kiyevga ATACMS raketalarini berishni rejalashtirmayapti

AQSh ma’muriyati bosimga qaramay, hanuzgacha Ukrainani uzoq masofali ATACMS raketalari bilan ta’minlashni rejalashtirmayapti. Pentagon fikricha, Kiyevning ehtiyojlari ko‘proq ta’minot bilan bog‘liq. 

Foto: South Korea Defense Ministry/AP/dpa/picture alliance

Jo Bayden ma’muriyati Kiyev va Kongressning ukrainaparast a’zolari bosimiga qaramay, hozircha Kiyevga ATACMS uzoq masofali raketalarni yetkazib berishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 22 iyul, shanba kuni Amerikaning The Washington Post gazetasi yozgan

Pentagon fikricha, Ukraina hozir qurol-yarog‘ ta’minoti bo‘yicha «ko‘proq dolzarb ehtiyojlarga ega», deb yozadi gazeta AQSh oliy rahbariyatidagi manbalarga tayanib. Bundan tashqari, amerikalik harbiylar Kiyevni frontdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarlicha ATACMS raketalari bilan ta’minlash «AQShning boshqa ehtimoliy mojarolarga tayyorgarligi darajasini jiddiy pasaytirib yuborishidan xavotirda», deyiladi maqolada. 

WP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh harbiy omborlaridagi ATACMS raketalari soni keyingi avlod raketalari - bundan ham uzoq masofali PrSM (Precision Strike Missile, ya’ni «yuqori aniqlikdagi raketalar») bilan almashtirilmaguncha kamaymasligi kerak. Lockheed Martin hali ham yiliga 500ta ATACMS raketalarini ishlab chiqaryapti, ammo ularning barchasi boshqa mamlakatlarga sotish uchun mo‘ljallangan. 

Shu bilan birga, gazeta oxir-oqibat Oq uy HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va F-16 qiruvchi samolyotlarida bo‘lgani kabi, dastlab buni rad etganiga qaramay, Ukrainaga ATACMS taqdim etilishiga ruxsat berishini istisno qilmayapti. 

ATACMS «yer-yer» toifasidagi raketalarning uchish masofasi taxminan 300 kilometrni tashkil qiladi. Bu AQSh o‘tgan yildan beri Ukrainaga yetkazib berayotgan HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari raketalaridan qariyb to‘rt baravar hamda yaqinda Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan qurolli kuchlarga taqdim etilgan Storm Shadow va Scalp raketalaridan qariyb 60 kilometrga ko‘pdir. 

 

Mavzuga oid