Iqtisodiyot | 15:20 / 31.07.2023
25048
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet taqchilligining cheklangan miqdori keskin oshirilishi mumkin

Davlat budjeti defitsitining YaIMga nisbatan cheklangan miqdorini 5 foizga oshirish taklif qilinyapti. Bu hukumatning joriy yilda ham qonunda ko‘rsatilgan 3 foizlik limitga “sig‘mayotganidan” darak beradi. Kuni kecha Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini saqlash uchun limitga amal qilish muhimligini bildirgandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hukumati 2023 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining YaIMga nisbati 5 foizdan yuqori bo‘lmasligini ta’minlash niyatida. Bu – Prezident administratsiyasi e’lon qilgan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Loyiha – “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish choralari haqida. Undagi iqtisodiy mo‘ljallarda joriy yil YaIM o‘sishi kamida 5,3–5,5 foiz, inflatsiya 9–9,5 foizgacha, budjet defitsiti 5 foizgacha bo‘lishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Yil oxirigacha asosiy kapitalga investitsiyalar 29,6 mlrd dollarga, eksport 23,6 mlrd dollarga yetkazilishi reja qilinmoqda. Iqtisodiyot va aholiga yil yakuniga qadar 55,6 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazish ko‘zda tutilgan.

2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan, joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan. Qonunga ko‘ra, yil davomida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan defitsitni moliyalashtirish uchun olinadigan qarzlar miqdori 2,0 mlrd dollardan oshmasligi kerak.

27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov davlat budjeti taqchilligi belgilangan limitdan “biroz yuqorilab” ketgani, budjet xarajatlarining oshishida tabiiy gaz importi katta o‘rin tutganini aytgandi.

Shu kuni Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish qarori yuzasidan e’lon qilgan relizida aytilgandiki, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatlarni o‘zaro uyg‘un holda olib borish maqsadlaridan kelib chiqib, budjet defitsiti belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi shu yil 13 yanvardan boshlab budjet daromadlari va xarajatlarini ochiqlashni to‘xtatib qo‘ygan. Bu yilning dastlabki haftalarida, energetika inqirozi fonida budjet xarajatlari daromadlarga qaraganda 2 barobardan ko‘proqqa oshib ketishi ortidan ro‘y bergandi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2024 yilda YaIMga nisbatan 3 foizdan, kelgusi yillarda 2 foizdan oshirmaslik reja qilingan.

Bu strategiya va uni 2023 yilda amalga oshirishga oid harakatlar rejasi loyihalari muhokamasi 15 avgustgacha davom etadi.

Mavzuga oid