“Novostroyka”lar muammosi. Bir martalik emas, tizimli yechimlar kerak
Toshkentda yangi qurilayotgan ko‘pqavat uylarda hali u, hali bu shakldagi muammolarning oxiri ko‘rinmayapti. Shaharsoz Temur Ahmedovning Kun.uz'ga aytishicha, bu muammolar shahar bosh rejasining yo‘qligi va nazorat mexanizmlari ishlamayotgani bilan bog‘liq. Davlat nazoratni ta’minlolmayotgan paytda xaridorlarning o‘zi tashabbusni qo‘liga olishi kerak, deydi u.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston poytaxtida yangi ko‘p qavatli uy-joylar bilan bog‘liq muammolar ko‘paydi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yangi uyning devorlari yorilib, avariya holatiga kelib qolgani, Yashnobodda oldindan to‘lov qilgan va 300 mlrd so‘m zarar ko‘rgan xaridorlar, Yakkasaroyda qurilishi cho‘zilayotgan yana bir “novostroyka” va o‘tgan haftada yap-yangi uydagi liftdan jasadi topilgan pochtachi ayol. Xo‘sh, nima sabab bunday muammolar yuzaga kelmoqda?
Yangi uylar qurilish va shaharsozlik me’yorlariga muvofiq barpo qilinyaptimi? Xaridorlar nima sabab kuyib qolishyapti? Kun.uz muxbiri mavzu atrofidagi savollarni xalqaro toifadagi shaharsoz Temur Ahmedovga berdi.
– Dastlab ritorikdek tuyulsa-da, so‘nggi vaqtlarda nima sabab aynan eski emas, yangi turar joy majmualari bilan muammo yuzaga kelayotgani haqida so‘ramoqchiman. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz? Vaholanki, poytaxtda ikkilamchi bozordan xonadon olayotgan yurtdoshlarimiz ham talaygina.
– O‘zbekistonda yashayotganimga salkam 3,5 yil bo‘lib qoldi, shu sababli asosan mana shu vaqt davomida ko‘rib kuzatganlarim hamda AQShda orttirgan tajribam asosida savollaringizga javob beraman. Yaqinda taksida ketayotganimda bir haydovchi yigit “kvartira” olish uchun pul yig‘ib qo‘yganini, shaharsoz ekanimni bilgach, bu borada unga qanday tavsiya bera olishimni so‘radi. Shunda men yangi turar joylardan “kvartira” olishni maslahat bera olmasligimni, eski uy-joylarning xonadonlari ancha chidamli ekanini aytdim. Xaridor quruvchi kompaniyani yaxshi bilmasa, qurilish davomida jarayonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmasa, qurilishni tekshirayotgan odamlarga ishonch yo‘q. Shuning uchun ham “novostroyka”lardan uy olishni tavsiya bermasligimni aytdim.
To‘g‘ri, aslida yangi mahsulot eskisidan yaxshiroq bo‘lishi kerak. Ammo qurilishda bu tushuncha sal boshqacharoq. Hozirda mavjud bo‘lgan eski binolarga qarasak, ular yer qimirlasa ham, ob-havo sharoiti qancha o‘zgarsa ham hanuzgacha turibdi. Demak bu binolar sifatli qurilgan, shuning uchun yillab turibdi, qarab turilsa, yana 100 yillab ham turaveradi. Mana shu obektlarning qanday qurilganiga qarash kerak. Odamlarning fikrlashini o‘zgartirish, ularga ma’lumot berish kerak, ularning o‘zi ham bularni o‘rganib borishi kerak. Uylarni o‘rganmasdan turib ham sotib oladigan odamlar bor. Lekin ularga ko‘proq ma’lumot beriladigan bo‘lsa, quruvchilarga savol berishni boshlashadi. Shunda tadbirkorlar ham harakat qilishga majbur bo‘lishadi. Hech kim biror narsani so‘ramasa, talab qilmasa, shunchaki qurib berib yuboraverishadi.
– Sifat masalasiga yana ham chuqurroq kiraylik. Albatta, barcha yangi ko‘p qavatli uylar haqida fikr bildirish qiyin, ammo joylarda qurilish me’yorlariga amal qilinmayotganini murojaat qilayotgan fuqarolarning noroziligidan ham bilish mumkin. Xo‘sh, bu jarayonda qanday xatolikka yo‘l qo‘yilyapti deb o‘ylaysiz?
– Eng boshiga borsak, bu muammolarning hammasi shaharning bosh rejasi bilan bog‘lanadi. Bosh rejada qaysi hududda qanday obekt qurilishi belgilangan bo‘ladi. Bular har bir hudud uchun alohida yozib chiqilishi kerak. Ilgari SSR vaqtida kvartallar bo‘lardi, shu kvartallar qurilayotganda u yerda qancha aholi bo‘lishi, qancha do‘kon, qancha ijtimoiy obektlar bo‘lishi ko‘rib chiqilgan va shu tarzda barpo qilingan. O‘sha vaqtlarda har bir kvartalning alohida va umumiy shaharning bosh rejasi bo‘lgan. Ya’ni ma’lum joyga aynan belgilangan obekt qurilishi lozim, boshqa narsa qurishga ruxsat berilishi kerak emas. Masalan, deylik, bosh rejada yozilgandek, mehmonxona qurishga ruxsat berilgan, lekin u yerga boshqa bino quriladigan bo‘lsa, u buzilishi kerak. Buzilib, quruvchidan uning puli va litsenziya olinishi lozim. Keyin esa qonuniy jazo bilan qoidani buzgan tadbirkor ma’lum yillar davomida quruvchilik bilan shug‘ullana olmasligi kerak.
“Bo‘lar ish bo‘ldi, bino qurib bo‘lindi”, degan narsa bo‘lishi kerak emas. Chunki bosh reja nimaga borib taqaladi, albatta, resurslarga. Ya’ni elektr ta’minoti, kanalizatsiya, suv ta’minoti hisobga olinadi. Hudud uchun mo‘ljallanmagan binoni qurish bu tizimning buzilishiga olib keladi.
Qoida buzilganda, binoning buzilishini talab qilishmasa, hech narsa o‘zgarmaydi. Yoki jarima sifatida qurilgan obekt olib qo‘yilishi yoki buzilishi lozim. Quruvchi bo‘lib, qoidani men buzayotgan bo‘lsam, mening qilgan ishim butun shaharning bosh rejasiga ta’sir qiladi.
– Qo‘shilaman, shaharda bosh reja bo‘lishi va undagi me’yorlar aniq-tiniq qilib belgilab qo‘yilishi lozim. Lekin bu jarayonda yana bir jihat bor. Ya’ni deylik, bosh reja mavjud, tadbirkor unga asosan hududda mo‘ljallangan obekt qurmoqchi, shahar hokimiyati ham bunga ruxsat bergan. Lekin bino sifati uchun quruvchining o‘zi qurilish me’yorlariga nima sabab amal qilmaydi?
– Bu yerda ham o‘ziga yarasha tizim, qoida va uning bosqichlari bor. Ishlar mana shu qoidalar asosida olib borilishi lozim. Masalan, binoning qurilish rejasi, konsepsiyasi tuzilib, uni tegishli tashkilotlarga tasdiqlatish kerak bo‘ladi. Hujjatlar, loyihalar ekspertizadan o‘tgunicha bir nechta qadamlardan o‘tishi kerak bo‘ladi. Mana shu jarayonda har bir qadamdan o‘ta turib, undagi xatolar to‘g‘rilansa, so‘ngida qurilish sifatli chiqishi kerak. Lekin bizda bir metod bor, hamma ishni parallel olib borishadi. Ya’ni bir tomondan loyihani qilishadi, ikkinchi tomondan esa qurilishni boshlab yuborishadi. Men AQShda unday amaliyotni ko‘rmaganman, O‘zbekistonga kelgach kuzatdim. Ha, birinchidan bu holat men uchun shok bo‘ldi, keyin yana qayerlarda shunday qurilish qilishayotganini o‘rganishni boshladim. Aslini olganda, boshqa davlatlarda ham parallel ravishda ishlash tizimi bor ekan. Lekin buni qilish uchun qurilish tashkilot, hokimiyat – hammasi “Shveytsariya soati” deydi-ku, mana shunday rejimda ishlashi kerak. Har bir kompaniya yaxshi va vaqtida ishlashi kerak, mana shu vaziyatda qurilishni parallel olib borsa bo‘ladi. Qayerdadir chala ish qilinsa, u xato qolsa, to‘g‘rilanmasa, yig‘ilib-yig‘ilib ketaveradi. So‘ngida ham uni hech kim to‘g‘rilamaydi.
Bino uchun yer ajratilishi bilan to u qurib bitkazilmaguncha, boshidanoq har bir qadamda shahar hokimiyati, qurilish vazirligining o‘z vazifalari bo‘ladi. Mana shu vazifalarni birinchi navbatda ular bajarishi kerak. Ular quruvchidan sifatni talab qilishi lozim. Chunki quruvchi tadbirkorni hech kim yomon demaydi, lekin uning vazifasi – daromad ko‘rish. Tadbirkorlar uchun qoidalar aniq bo‘lishi kerak. Bu qoidalarga amal qilsa, u rag‘batlantirilgani, amal qilmasa, chora ko‘rilgani yaxshi.
Qoidalarga qarab, jarayonni nazorat qiladigan tashkilotlar esa mustaqil bo‘lib, faqat shu bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim. Ammo afsuski bu ishlar qilinayotgani yo‘q.
- Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:32 / 06.11.2024