O‘zbekiston | 17:25 / 07.08.2023
16603
8 daqiqa o‘qiladi

Ashxobodda uchtomonlama sammit: Nimalar gaplashildi?

MO beshligining an’anaviy maslahat uchrashuvidan oldin, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari torroq doirada o‘zaro gaplashib olishga qaror qildi. Kun.uz suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, unda toliblar qurayotgan Qo‘shtepa kanali, Ashxobod va Dushanbe o‘tgan yilgi muhim mintaqaviy bitimni imzolamagani, Tojikiston va O‘zbekiston Turkmanistonning tranzit salohiyatidan ko‘proq foydalanishni istayotgani kabilar muhokama qilingan bo‘lishi mumkin.

4 avgust kuni Ashxobodda Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari uchtomonlama sammit o‘tkazdi. Bunday noodatiy formatdagi sammit atrofida qator savollar yuzaga kelmoqda. Kun.uz bu savollarni siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov va Nargiza Umarovaga berdi.

— Nega bu uchrashuvda Markaziy Osiyoning faqatgina uch davlati ishtirok etdi, mintaqaning barcha davlatlari mavjud bo‘lgan maslahat uchrashuvi formati ham ham bor edi-ku? Umuman olganda, bu sammit ham qandaydir tezkor tashkil qilindi yoki biz tashrifdan sanoqli kunlar qolganda xabardor bo‘lganimiz uchun shunday tuyuldimi?

Farhod Tolipov: Rostdan ham favqulodda uchrashuv bo‘lgandek taassurot qoldiradi. Chunki shundog‘am sentabr oyida 5 ta davlat prezidentlarining uchrashuvi bor, o‘sha yerda ham 3 davlat rahbari alohida uchrashishi mumkin edi. Bu uchtomonlama uchrashuv haqida, mazmun-mohiyati haqida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hech qanday e’lon bo‘lmadi. Shuning uchun ham endi faqat taxminlarni keltirish mumkin.

Uchrashuvdan so‘ng OAVda nima masalalar ko‘tarilgani haqida xabarlar bo‘ldi, lekin umumiy gaplar, ya’ni har doimgi masalalar. To‘g‘ri, Markaziy Osiyoda integratsiya davom etyapti, jipslashish kuchayyapti, lekin hamma joyda ham kichikroq guruhlar, faqat ularga taalluqli masalalar bo‘ladi. Endi bu uch davlatni boshqalardan bo‘lak nima birlashtiradi, degan savol qo‘ysak bo‘ladi. Deylik, Amudaryo havzasi faqat shu uchala davlatga taalluqli. Afg‘oniston tomonidan Qo‘shtepa kanali qurilishi vaziyatga ta’sir qiladi. Shu masala ko‘rilib, sentabrdagi sammitda o‘rtaga tashlashga tayyorlanishdir, degan taxmin ham bor. Bundan tashqari, energetika masalalari bor bu 3 davlat o‘rtasida. Shu va shu kabi taxminlar yuzaga keladi bu uchrashuv atrofida.

Nargiza Umarova: Ekspertlar orasida bu kutilmagan uchrashuv sifatida qabul qilindi. Bilamizki, bunday uchrashuvlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rilib, e’lon qilinadi. Bu uchrashuv aynan bir masala yuzasidan bo‘ldi deb o‘ylamayman. Turlicha fikrlar bor ekspertlar orasida. Farhod Tolipov aytgandek, Afg‘oniston masalasi ham asosli sabab bo‘loladi. Uchrashuvda ayni uch mamlakat manfaatlariga to‘g‘ri keluvchi masalalar ko‘tarilgan, menimcha. Qo‘shma bayonot va yakuniy hujjatda ham birinchi o‘rinda xavfsizlik masalasiga urg‘u berilgan, bu ham Afg‘oniston bilan bog‘liq. Qo‘shtepa kanali qurilishi ham oziq-ovqat xavfsizligiga aloqador. Mirziyoyev o‘z nutqida umumiy xavf-xatarlarga umumiy pozitsiyamizni ham shakllantiraylik, degan ma’noda gapirdi.

Ikkinchidan esa savdo-iqtisodiy munosabatlar masalasi ko‘tarildi. O‘zbekistonning savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari ichida Turkmaniston va Tojikiston oxirgi o‘rinda edi o‘tgan yilgi statistikada. O‘zbekiston tomonidan oldin ham aytilgan chegara oldi savdo hududlari masalasi ko‘tarildi.

Uchrashuvda muhim o‘rin tutgan masala transport-logistika bo‘ldi. Turkmaniston mezbonlik qilganining sababi esa asosiy tranzit-bog‘lovchi davlat bo‘lgani. O‘z navbatida, Turkmaniston bu imkoniyatdan unumli foydalanmoqchi. Menimcha, shu 3 ta: xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport logistika masalalariga urg‘u berildi. Va uchala davlat ham bundan manfaatdor.

— Bunday uchtomonlama sammit Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyasiga qanaqa ta’sir qiladi, bu ta’sir salbiy xarakterga ega bo‘lishi mumkinmi?

Farhod Tolipov: Albatta, bunday xavotir bo‘ladi, lekin bu noto‘g‘ri yondashuv. Rad etuvchi argumentlar keltiraman. Birinchidan, sentabr oyida bo‘ladigan uchrashuvni hech kim bekor qilgani yo‘q va bo‘ladi. Bundan tashqari, bu uch tomonlama uchrashuv ayni o‘sha sentabrdagi sammitga tayyorgarlik bo‘lishi ham mumkin. Sammitdagi yakuniy hujjatga kechagi uchrashuvdagi masalalar ham kiritilishi mumkin.

O‘tgan yilgi Cho‘lponotadagi sammit oxirida qo‘shma bayonot emas, «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida»gi bitim tuzildi. Bitimga Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari imzo qo‘ymagan. Mana shu masala ham mavhum hali. Chunki har qanday bitim, qo‘shma bayonotlar ancha oldin diplomatik kanallar orqali kelishiladi, muvofiqlashtiriladi. Sentyabrdagi sammitda Tojikiston va Turkmaniston bitimga to‘la qo‘shilar balki. Chunki maslahatlashuv uchrashuvlari O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan, shu sababdan ham O‘zbekiston tomoni bu ikki davlatni masala muhokamasiga chorlagandir. Sodda qilib aytganda, bitimga qo‘shilishga ko‘ndirmoqchi bo‘layotgandir. Bu ham bir taxmin, albatta.

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasiga salbiy ta’sir emas, balki ayni shu integratsiyaning bir bo‘g‘inidir bu uchrashuv. Yevropa integratsiyasida ham shunga o‘xshash jarayonlar ko‘p bo‘lgan. Umuman olganda, bunday uchrashuvdan hayron bo‘lmaslik kerak, faqat favqulodda bo‘lgani uchun turli taxminlar bo‘lyapti.

Nargiza Umarova: Bu uch tomonlama uchrashuvda ko‘rilgan masalalar ko‘p tomonlama sammitda ham ko‘riladi. Bu narsa maslahatlashuv uchrashuvlarining ta’sirini oshirish uchun xizmat qiladi. Jarayonni mukammallashtiradi. Uchrashuvda ko‘tarilgan xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-logistika kabi masalalar integratsiya uchun muhim omillar. Bu narsalarni yana bir maslahatlashib, kelishib olishsa, judayam yaxshi. Buning ortidan ertaga pozitsiya kuchayadi. Prezidentimizning Qo‘shtepa kanali qurilishi yuzasidan umumiy pozitsiyamiz bo‘lishi kerak, degan fikriga qo‘shilaman. Nafaqat bu borada, balki yirik davlatlar bilan munosabatlarda ham shunday umumiy pozitsiya bo‘lishi kerak va buning uchun yilda bir bor bo‘ladigan maslahatlashuv uchrashuvlari kamlik qiladi, aslida.

Balki Ukraina krizisi haqida ham gap borgandir parda ortida. Bizda informatsiya o‘ta darajada cheklangan. Umumiy gaplar aytiladi, tahlil qilish uchun ilinadigan gap ham yo‘q. Hozir ham faqat taxmin va kuzatuvlar asosida gaplashyapmiz. Deylik, savdo-iqtisodiy aloqalar deganda ham uning ichida katta struktural elementlar bor. Axborot cheklangani tahlillarga xalaqit beradi. Umumiy olib aytganda, bu uchrashuv maslahatlashuv uchrashuvi va integratsiya uchun ijobiy omil bo‘ladi.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Nurmuhammad Ali suhbatlashdi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Beshinchi maslahatlashuv uchrashuvi joriy yil 14-15 sentabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid