Jahon | 18:59 / 20.08.2023
32795
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «Luna-25» stansiyasi Oyga borib urilib, sochilib ketdi

Rossiya o‘zining zamonaviy tarixidagi ilk oy missiyasini bajara olmadi. «Luna-25» stansiyasi Yerning tabiiy yo‘ldoshiga qulab tushgan. «Luna-25» bilan aloqa 19 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 15:00 lar atrofida yo‘qolgan. Shu vaqtgacha apparatni topish va u bilan aloqani tiklashning imkoni bo‘lmagan.

Foto: «Roskosmos»

«Luna-25» sayyoralararo avtomatik stansiyasi Oy yuzasi bilan to‘qnashuv oqibatida «o‘z mavjudligini yo‘qotdi», deb xabar berdi «Roskosmos»dagilar 20 avgust kuni — bu Oy missiyasi boshlanganidan 10-kunida ro‘y berdi. Davlat korporatsiyasidagilar ma’lum qilishicha, 19 avgust kuni qo‘nishdan oldingi orbitaga o‘tish chog‘ida «favqulodda vaziyat» ro‘y bergan. Keyingi kuni «Roskosmos» aniqlik kiritib, apparat bilan aloqa yo‘qolganini bildirdi. Korporatsiya mutaxassislari aloqa o‘rnatish va stansiyani topishga muvaffaq bo‘lmagan. Ular apparat «rejadan tashqari orbita»ga chiqib, Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qulagan, deb hisoblamoqda.

«Luna-25»ning uchirilishi zamonaviy Rossiya tarixidagi birinchi oy missiyasi bo‘lgandi. Stansiya 11 avgust kuni Amur oblastidagi «Vostochnyy» kosmodromidan kosmosga ko‘tarilishni boshlagandi. U oyga 21 avgust kuni qo‘nishi rejalashtirilgandi. Bundan oldingi stansiya — «Luna-24» — 1976 yilda sovetlar tomonidan uchirilgandi. Rejaga ko‘ra, Rossiya apparati Oyga yumshoq qo‘nishi va keyin tabiiy yo‘ldoshning janubiy qutb mintaqasida tadqiqotlar o‘tkazishi va resurslarni, jumladan suv bor yoki yo‘qligini tekshirishi kerak edi.

Stansiya uchirilishidan oldin Xabarovsk o‘lkasida Shaxtinskiy posyolkasi aholisi evakuatsiya qilingandi. Evakuatsiya «Luna-25»ni koinotga olib chiqqan «Soyuz-2. 1b» raketa tashuvchisining birinchi pog‘onasi qulashi xavfi tufayli o‘tkazilgandi. Keyinroq mahalliy aholiga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berildi. Raketa tashuvchi parchalari posyolkadan 28 kilometr masofadan topildi.

Missiya davomida rossiyaliklar stansiyasi bir necha tasvirlarni, jumladan Oyning narigi tomonining janubiy qutb hududidagi Zeyeman krateri fotosurati hamda ilmiy ma’lumotlarni yuborishga ulgurdi. Xususan, «Luna-25» asboblari Oy yuzasiga mikrometeorit kelib urilishini qayd etishgan.

Oyning narigi tomonidagi Zeyeman kraterining fotosurati. «Luna-25» stansiyasi bu tasvirni 17 avgust kuni, koinotga chiqarilganidan olti kun o‘tib olgan. Foto: «Roskosmos»

«Luna-25» Hindistonning «Chandrayan-3» missiyasidan o‘zib ketib, Oyning janubiy qutbiga borgan ilk stansiya bo‘lishi mumkin edi. Hindiston o‘zining uchinchi apparatini 14 iyul kuni uchirgandi. Missiya doirasida u ham Yer tabiiy yo‘ldoshining janubiy qutbini o‘rganishi ko‘zda tutilgandi. 19 avgust kuni Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) «Chandrayan-3»ning «Vikram» nomli qo‘nish moduli oy atrofidagi orbitada balandlikni pasaytirish bo‘yicha so‘nggi manyovrni amalga oshirgani va qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganini xabar qildi. Qo‘nish 23 avgust kuni amalga oshishi kutilmoqda. Muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda, Hindiston Oyga apparatini qo‘ndirishga erishgan SSSR, AQSh va Xitoydan keyingi to‘rtinchi davlat bo‘ladi. The New York Times gazetasi qayd etishicha, hindlarning Rossiya oy missiyasining muvaffaqiyatsizligidan keyingi muvaffaqiyati «Rossiyaning kosmosdagi yutuqlaridan o‘z hokimiyatini tasdiqlashning ajralmas qismi sifatida foydalanadigan RF prezidenti Vladimir Putin uchun zarba bo‘ladi».

«Soyuz-2. 1b» raketa tashuvchisi «Luna-25» avtomatik kosmik stansiyasi bilan Amur oblastidagi «Vostochnyy» kosmodromidan uchirilishi. 2023 yil 11 avgust

«Luna-25»ni uchirish loyihasi 1997 yilda boshlangan, keyin mablag‘ yetishmasligi, avariya va sanksiyalar tufayli bu ish ortga surilib kelgan. Xususan, missiyada «Roskosmos» bilan birga Yevropa kosmik agentligi ham qatnashishi rejalashtirilgandi, ammo tashkilot RF qo‘shinlarining Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya bilan hamkorligini to‘xtatdi. Yangi sanksiyalar tufayli «Luna-25» keyingi «Luna-27» stansiyasining «aqlli qo‘nishi»ni mashq qilishi uchun zarur bo‘lgan Yevropaning Pilot-D navigatsiya kamerasidan ham mahrum bo‘ldi. «Roskosmos» strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Makarov 2014 yil oktyabrida «Luna-25» missiyasi narxi «o‘nlab milliard rubl»ga baholanishini aytgandi. Shu bilan birga, «Roskosmos» rahbariyati missiyani tayyorlash jarayonida korrupsiyada ayblangan.

Mavzuga oid