Iqtisodiyot | 14:33 / 26.08.2023
49310
7 daqiqa o‘qiladi

Gaz bo‘yicha yangi kelishuv, o‘zbekistonliklarning ovqatga xarajatlari, yangicha jinoiy sxema – iqtisodiy taymlayn

“Charjbek” firibgarlik sxemasi ekani ma’lum qilindi. Tashqi savdo statistikasi e’lon qilindi: Xitoyga bog‘liqlik ortib boryapti. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

“Charjbek” – jinoiy sxemasi ommalashyapti

Bosh prokuratura “Charjbek” jinoiy sxemasi haqida xabar berdi. Bu jinoiy sxema O‘zbekistonda allaqachon keng tarqalib, ayrim tadbirkorlar bundan jabr ko‘rib ham ulgurgan.

“Charjbek” bu – karta egasi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi bank orqali bank karta operatsiyasiga e’tiroz bildirish va bekor qilish tartibi.

Himoya funksiyasiga qaramay, “charjbek” mexanizmidan noqonuniy daromad ko‘rish uchun tobora ko‘proq foydalanilmoqda.

Masalan, mijoz internet-do‘kondan 8 million so‘mlik noutbukni boshqa shaxsning bank kartasi orqali onlayn to‘lov bilan xarid qiladi. Biroz vaqtdan keyin bu kartaning qonuniy egasi bunday operatsiyani amalga oshirmaganini aytib, bankdan to‘lovni qaytarishni talab qiladi.

Bank 8 mln so‘mni tovar sotuvchisi hisobidan chiqarib, mijozga qaytaradi. Shunday qilib sotuvchi noutbukka ham, 8 mln so‘mga ham kuyib qoladi.

Oddiy firibgarlik sxemasidan farqli o‘laroq, “charjbek” tartibi to‘lovni qabul qilib oluvchining aybini isbotlashni talab qilmaydi. Mijoz tomonidan olingan tovar va xizmatlarning yo‘qligi yoki kompaniya firibgarlikda gumon qilingani haqidagi shikoyatning o‘zi yetarli. Isbotlash majburiyati tadbirkor zimmasiga tushadi, bu masofaviy savdo sharoitida qiyin, ayniqsa mijoz boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa.

“Charjbek” mexanizmidan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kompaniyalar zarar ko‘rmoqda, chunki ayni paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan “charjbek” firibgarligini tekshirish va oldini olishning aniq uslubi ishlab chiqilmagan.

O‘zbekistonliklar daromadining qanchasini oziq-ovqatga sarflayapti?

Picodi tahlilchilari Euromonitor ma’lumotlariga tayanib, dunyoning 105 mamlakatida aholi daromadining qanchasini ovqatga sarflashini hisoblab chiqdi.

O‘zbekiston ro‘yxatda quyi pog‘onalardan birini egalladi – fuqarolarning oziq-ovqatga sarflaydigan mablag‘i barcha xarajatlarning deyarli yarmini, 46,5 foizni tashkil qiladi, bu rivojlangan mamlakatlarga nisbatan 7-8 barobar ko‘p.

Beshta davlatda odamlar topgan daromadining 10 dan biridan kamrog‘ini oziq-ovqatga ishlatadi. Reytingda AQSh 6,7 foiz, Singapur 8,4, Buyuk Britaniya 8,7, Irlandiya 9,2 va Shveytsariya 9,9 foiz bilan yetakchilik qiladi. 

Oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadigan mablag‘larning yuqori ulushi Nigeriya 59 foiz, Myanma 56,6 foiz va Keniyada 56,1 foiz qayd etilgan.

Pul ko‘rinishida oziq-ovqat mahsulotlariga eng ko‘p mablag‘ sarflanadigan mamlakatlar Shveytsariya, Norvegiya va Daniya bo‘lib, ular buning uchun 300 dollardan ko‘proq xarj qiladi. Bu ushbu mamlakatlarda tovarlar narxining umumiy yuqori darajasi bilan izohlanadi.

Tashqi savdo: Xitoyga bog‘liqlik ortyapti

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotlarni e’lon qildi.

Respublika tashqi savdo aylanmasi 35 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 14,9 mlrd dollarni, import hajmi esa 20 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 31 foizga, import hajmi 18,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan.

Tashqi savdo aloqalarida O‘zbekistonning Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, yil boshidan beri Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,9 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19,5 foizini tashkil qilgan.

Shuningdek, joriy yilning yanvar-iyul oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 37,7 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan.

Gaz bo‘yicha yangiliklar

Yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 201 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 49,1 foizga ko‘p. Gaz eksporti 35 foizga yoki 342 mln dollargacha qisqargan.

O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi esa pasayib bormoqda. 2022 yilda gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,66 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga qisqargandi. Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davrida nisbatan 9,5 foizga kamaygan.

Yakunlanayotgan haftada energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston va Turkmaniston yiliga 2 mlrd kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli shartnoma imzolanganini ma’lum qildi. Vazir turkman ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida gaz O‘zbekistonning ichki ehtgiyojlari uchun yo‘naltirilishini aytgan.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” 2023 yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 34,1 milliard kub metrdan 32,3 milliard kub metrga pasaytirdi. Bu konlardagi zaxiralarning qisqarishi bilan bog‘liqligiga urg‘u berilgan.

Ayni paytda hukumat Gazli gaz ombori hajmini 10 mlrd kubga yetkazmoqchi. 2025 yilgacha amalga oshirish lozim bo‘lgan loyiha doirasida tabiiy gaz qazib olishni 1,1 mlrd kub metrgacha, neft qazib olishni 114 ming tonnagacha oshirish reja qilingan. Loyihaning umumiy qiymati 557,4 mln dollarni tashkil qiladi.

Strategik ahamiyatga ega davlat korxonalarining moliyaviy ahvoli 

Joriy yilning birinchi yarmida strategik ahamiyatga ega 31 ta aksiyadorlik jamiyatlari va davlat korxonasidan 6 tasi umumiy hisobda 6,5 trln so‘m zarar ko‘rgan.

25ta davlat korxonasining umumiy sof foydasi esa 25 trln so‘mni tashkil etgan.

10ga yaqin davlat korxonalarining aktivlari kamaygan. Jumladan “O‘zbekneftegaz” aktivlari 7,1 trln so‘mga, “Issiqlik elektr stansiyalari” aktivlari – 4,3 trln so‘mga “Uzbekistan Airports” aktivlari – 3,7 trln so‘mga, “O‘zmilliy bank” aktivlari – 3,2 trln so‘mga, “Asakabank” aktivlari – 2,8 trln so‘mga, “Hududgazta’minot” aktivlari – 0,6 trln so‘mga, “Navoiyazot” aktivlari – 0,4 trln so‘mga qisqargan.

Yana bir muhim ma’lumot: 2023 yilning mart oyida prezident qarori bilan Strategik islohotlar agentligiga berilgan 31 ta yirik davlat korxonalari, tijorat banklari hamda UzAssess investitsiya kompaniyasidagi davlat ulushi yana Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazildi.

Madina Ochilova tayyorladi
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid