O‘zbekiston | 19:04 / 27.08.2023
14237
15 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga uchragan hokim va «ikkichi» abituriyentlar - O‘zbekiston hafta ichida

Prezidentning turkiy davlatlarga tashrifi, oliygohlarga mandat natijalari, Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar, tortilib qolgan metan gaz — ortda qolgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Aziz Mag‘rupov ham yangilangan tarkibda prezident yordamchisi lavozimini saqlab qolgan.

Farmonga ko‘ra, ikkita yordamchi lavozimi tuzilgan, olti nafar maslahatchi lavozimi qayta tashkil etilgan, shuningdek oltita departament tuzilgan. Administratsiya rahbari o‘rinbosari lavozimlari tugatilgan.

Nomlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Shuhrat G‘aniyev va Doniyor Qodirov prezident maslahatchilariga aylandi. Bungacha prezident maslahatchisi bo‘lgan Odil Abdurahmonov departamentga rahbar bo‘ldi, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyevga ham alohida departament rahbarligi berildi.

Shuningdek, ko‘p yillar energetika sohalarini boshqargan Alisher Sultonov prezidentning energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga, Komil Allamjonov esa Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.

Vengriya va Ozarboyjon safarlari

O‘tgan hafta oxirida Vengriyaga amaliy tashrif bilan borgan Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi.

20 avgust kunidan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.

Budapesht shahrida Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, prezident Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Tatariston raisi Rustam Minnixanov va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbatlashdi.

Ilhom Aliyev bilan uchrashuv yana davom ettirildi, chunki prezident Mirziyoyev 23 avgust kuni Ozarboyjonga davlat tashrifi bilan bordi.

Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Mirziyoyev va Aliyev ikki davlat o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi. Bunday darajadagi kelishuv faqat juda yaqin bo‘lgan davlatlar o‘rtasida bo‘ladi.

«Ozarboyjon Osiyodan Kaspiy dengizi orqali Yevropaga chiqadigan eng muhim «darvoza»dir. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkamlangan munosabatlar o‘zaro manfaatli yondashuv orqali yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi», — degan sharqshunos tahlilchi Sabina Latipova.

Ikkala davlat ham o‘ziga xos tarixiy va madaniy merosga ega. Turizm industriyasini rivojlantirish, jumladan, turistik oqimlarni almashish, sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish va infratuzilmani rivojlantirish sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishi va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga olib keladi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi asosiy transport va logistika markazlari hisoblanadi. Transport, avtomobil, temiryo‘l va tranzit yo‘nalishlarini qurish va modernizatsiya qilish sohasidagi hamkorlik mintaqaviy integratsiyani takomillashtirish va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur tashrifning esda qolarli jihatlari Mirziyoyev va rafiqasining Qorabog‘dagi Shusha va Fuzuliy shaharlariga borgani bo‘ldi. Fuzuliy shahrida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Maktablar va ulardagi ta’lim

Hafta ichida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva maktab ta’limi sohasidagi muammolarni sanab o‘tdi. Shu bilan birga, ularning yechimi izlanayotgani haqida ham xabar berdi.

«Ta’lim sohasida qiladigan ishlar ham, yillar davomida yechimini kutib charchagan muammolar ham, oddiy ichimlik suvidan tortib, isitish moslamalari-yu, sanitar sharoitlari yo‘q maktablar qancha. Afsuski, maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayapti. Hozirda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor», dedi u.

Mirziyoyeva o‘tgan 7 yilda muammolarni bartaraf qilish uchun ko‘plab choralar ko‘rilganini ta’kidlab o‘tdi: «5140 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ko‘tarildi. Millatimiz paxta qulligidan ozod etildi. O‘qituvchilarni maktabga qaytarish prezidentimizning armoni va orzusi edi. Bugun o‘qituvchi darsda».

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, endi pedagoglarga yangi darsliklar, yangi metodika kerak: «Endi ularga tajriba, bilim va o‘qitish uchun dasturlar, metodika va darsliklar kerak. Bu yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsliklari tubdan yangilanyapti. Hozirda 5–11-sinflar uchun darsliklar yaratish ishlari boshlandi. Shu bilan birga yangi metodika asosida Toshkentda 300 nafar ilg‘or pedagog o‘z malakasini oshirdi».

Saida Mirziyoyeva pedagoglar bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘nggi vaqtlarda maktab ta’limi sohasida olib borilayotgan islohot, jumladan, boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan yangi darsliklar haqida fikr bildirdi.

«Bu o‘quv yilidan boshlab, boshlang‘ich sinf darsliklari tubdan yangilandi. 4 yil davomida yaratilgan bu darsliklar Finlandiyadagi nufuzli tashkilot tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, maxsus sertifikat oldi. Bu degani, Finlandiya darsliklarimizni sifatli va talabga javob beruvchi deb tan oldi. Xudo xohlasa ushbu kitoblar mazmuni, sifati, dizayni va rang-barangligi bilan barchaga ma’qul bo‘ladi», dedi u.

Maktabdan keyingi ta’lim masalasiga o‘tsak. Tugab borayotgan hafta ichida, 22 avgust kuni yarim tunda (!), nihoyat, oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijalari — mandat e’lon qilindi. Abituriyentlar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha qaysi oliygoh talabasi bo‘lganini bilib olishdi.

Test sinovlari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Unda yangi o‘quv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani ma’lum qilindi.

2023/24 o‘quv yilida 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 42 ming 655 nafari davlat granti, 150 ming 766 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.

Davlat granti asosida o‘rtacha ball – 119,3 ballni; to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha ball – 93,3 ballni tashkil etgan.

Xursand qiladigan tomoni — davlat granti uchun ajratilgan o‘rinlarning 77 foizini maktab bitiruvchilari egallashgan.

129 ming 927 nafar abituriyent kunduzgi ta’lim shakliga, 49 ming 852 nafar abituriyent sirtqi ta’lim shakliga, 10 ming 752 nafar abituriyent kechki ta’lim shakliga va 2 ming 890 nafar abituriyent masofaviy ta’lim shakliga tavsiya etilgan.

Mandat natijalari e’lon qilingach, maksimal 189 ball olib ham ayrim abituriyentlarning kontraktga o‘qishga kirgani ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri mas’ullarga maksimal ball olib, kontraktga tushgan abituriyentlar prezident grantiga qabul qilinadimi, keyingi yildan Temurbeklar maktabi bitiruvchilari umumiy kvotaga daxl qilmagan holda alohida bellashadimi, degan savol bilan murojaat qildi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbari Majid Karimov kimga imtiyoz berilishi, Temurbeklar maktabi bitiruvchilari uchun alohida kvota bo‘lish-bo‘lmasligi Bilim va malakani baholash agentligiga ham, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ham bog‘liq emasligini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizdan yuqori tashkilot bo‘lgan Ta’lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasi bor, bu o‘sha komissiya vakolatiga kiradi. Agar shu komissiya kvota berishni belgilasa, biz shu asosda ishlaymiz, bo‘lmasa yo‘q. Bizning vakolatga kirmaydi», – dedi Karimov.

Qayd etib o‘tish kerakki, bu yil 13 ming nafardan ortiq abituriyent turli imtiyozli kvotalar doirasida o‘qishga qabul qilingan.

Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov abituriyentlarning 40 foizdan oshig‘i 56,7 ball ham ololmaganini musibat, deb atadi:

«Yaqinda hindistonlik olimlar birlashib Oyga o‘z apparatini chiqardi. Hindlar butun dunyoni lol qoldiradigan texnikalar yaratmoqda, ular shu masalada baslashishmoqda. Hozir davolanish uchun eng qulay joy Hindiston.

U yerlarda mana shunday ilm ustidan musobaqalashayotgan bir vaqtda biz hali ham soqolni qanday qo‘yish, kiyimni qanday kiyishni tortishib yuribmiz. Tortishuvlarni to‘xtatmasak, ilm-ma’rifat bilan shug‘ullanmasak, xalqimiz baxtli bo‘lishi qiyin.

O‘qishga topshirgan maktab bitiruvchilarining ballari e’lon qilindi. 40 foizdan ko‘pi «ikki» bahoga ham javob bermabdi! Mana bu musibat biz uchun. Soqol uzun-kalta bo‘lishini muhokama qilish o‘rniga mana shu masalaning tashvishini qilishimiz kerak», — degan muftiy.

Svet uchun prezidentdan gap eshitgan Turdimov

Hafta ichida Samarqand viloyatiga tashrif bilan borgan prezident Samarqand viloyatida elektr energiyasidagi taqchillik o‘tgan yildagidan ham og‘irroq bo‘lishi mumkinligini aytib, viloyat hokimi va uning mas’ul o‘rinbosarini tanqid qildi va zudlik bilan tizimni yaxshilash bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rish lozimligidan ogohlantirdi.

«Samarqandda so‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan, lekin viloyatda deyarli generatsiya yo‘qligi sabab yil yakunida 650 million kilovatt soat yoki o‘tgan yilgiga nisbatan uch baravar ko‘p defitsit bo‘lishi kutilmoqda.

Hamma topshiriqni beryapmiz, lekin qishda «svet» o‘chsa, samarqandliklar Turdimov demaydi, Mirziyoyev qayerga qarayapti, deydi. Tuman hokimi, viloyat hokimining noinsof o‘rinbosari shu sohaning egasi, oylik olyapti, noinsof, demaydi», — dedi prezident.

Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov ham tanbehdan bebahra qolmadi.

«Sening Toshkentda ehtiyojmanding ko‘p. Qaytmoqchisan, lekin qaytmaysan Toshkentga, shuni bil», — dedi prezident Umarovga.

Energetika

Asosan qishda barchani birdek bezovta qiladigan energetika masalalari yozning jaziramasida ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Svetlar o‘chmoqda, metan to‘ldirish shoxobchalarida uzundan uzun navbatlar hosil bo‘lmoqda.

Energetika vazirligi bunga munosabat bildirar ekan, barcha metan «zapravka»larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan, belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgani, hech qanday cheklov kiritilmaganini ta’kidlagan. Agar qaysidir metan «zapravka» o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin, degan vazirlik axborot xizmati.

Vaziyatni o‘nglash uchun energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Turkmaniston O‘zbekistonga yiliga 2 mlrd kub metrgacha gaz yetkazib berishini ma’lum qildi.

«Bu boshlanishi. Biz o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning keng istiqbollarini muhokama qildik. Bu uzoq muddatli shartnoma ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi. Gaz O‘zbekistonning ichki ehtiyojlari uchun yo‘naltiriladi», — degan Mirzamahmudov.

Xo‘sh, bu xarid qilinajak gaz O‘zbekistonning ichki ehtiyojlarini qondiradimi? Qish kelaversa ko‘raveramiz...

Hafta ichida yana qanday e’tiborga molik yangiliklar bo‘ldi?

O‘zbekistonliklar 1 sentabrdan Qirg‘izistonga ID-karta orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi. Qo‘shnilar o‘rtasida erishilgan yangi kelishuvga ko‘ra, endilikda ikki davlat fuqarolari O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududiga kirish, undan chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turish uchun — ID kartasidan foydalanishi mumkin.

2023 yil 25 avgustdan O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqida Bayonnoma kuchga kirdi. Ushbu bayonnoma 2023 yil 27 yanvar kuni Bishkek shahrida imzolangan edi.

Avtobuslarda yo‘lovchilarni tunda tashishga ruxsat beriladi. Hukumat qaroriga ko‘ra 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran avtobuslarda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari bo‘lganda yo‘lovchilarni tunda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishga ruxsat beriladi.

Hechdan ko‘ra kech deganlaridek, Oliy sud qatag‘on qurbonlarining yana bir guruhini oqladi. Sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid jinoyat ishi Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqildi va Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Dayjyest so‘ngida, odatdagidek, futbol yangiliklari. Hafta ichida O‘zbekistonning ikki klubi Osiyo chempionlar ligasi saralash pley-offida Qatar klublarini yengib, guruh bosqichiga chiqishdi. 2016 yildan buyon O‘zbekistonning biryo‘la to‘rt klubi OChLda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi — o‘tgan mavsum chempioni «Paxtakor» va kubok egasi «Nasaf» guruhga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olishgandi.

Guruh bosqichiga qur’a ham tashlandi. Tarkibini jahon futbol yulduzlari bilan to‘ldirayotgan Saudiya klublaridan ikkitasi O‘zbekiston klublariga tushdi. «Al-Ittihod» Namanganning «Navbahor» klubi bilan o‘ynasa, «Al-Hilol» OKMK klubi bilan bellashadi. Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi yulduzlardan iborat «An-Nasr» guruh bosqichida O‘zbekistonning to‘rt klubidan birortasiga raqib bo‘lmadi. Balkim pley-off bosqichlarida uni ko‘rish nasib etib qolar.

Mavzuga oid