Jamiyat | 13:37 / 06.09.2023
28851
6 daqiqa o‘qiladi

“Seriallar sabab bugun non topyapmiz” – “Chuqur” mahallasida yashovchi Gunesh Elma

Turkiyada seriallar suratga olingandan so‘ng o‘sha hududlarda sayyohlar oqimi oshib ketadi. Bunga “Chuqur”, “Xinoli qor”, “Hukmdor Usmon” va “Muhtasham yuz yil” seriallari tasvirga olingan manzillarni misol qilish mumkin. Filmlarning mashhurlashishi o‘sha yerlik aholi daromadining yaxshilanishiga ham sabab bo‘ladi. Kun.uz muxbiri Istanbulda serial ortidan tirikchilik qilayotgan Gunesh xola bilan suhbat qilib, kinofilmlarning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida reportaj tayyorladi.

San’atdan sanoatga...

Turkiya kino va seriallari dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida namoyish etiladi va talabgirligiga ko‘ra dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. O‘tgan 2022 yilda birgina teleseriallar eksporti turk kinosanoatiga 600 million dollar daromad keltirgan. Foyda shu bilangina cheklanib qolmaydi, albatta.

Filmlarga talab shu darajada yuqori ekan, ulardan nega aholi turmush darajasini yaxshilash yo‘lida foydalanilmasligi kerak? Bu qanday amalga oshiriladi? Hammasi juda oddiy: iqtisodiy og‘irroq bir hudud tanlanadi, o‘sha manzil bilan bog‘liq serial suratga olinadi va joy nomi tanitiladi.

“Chuqur” seriali suratga olingan Balat rayoni

Serial mashhurlikka erishgach, u tasvirga tushirilgan hududlar kinoixlosmandlarda qiziqish uyg‘otib, o‘sha manzillarda sayyohlar oqimi paydo bo‘la boshlaydi. Qarabsizki, mahalliy aholi uchun tayyor tirikchilik. Gapni ko‘p cho‘zmasdan, mashhur “Chuqur” seriali suratga olingan Istanbuldagi Balat rayoni aholisining fikrlarini eshitsak.

Gunesh Elma

Serial boshlandi va biz bu ishlarni qildik. Olloh Yamachdan rozi bo‘lsin. Shuning yordami bilan non topyapmiz. Serial mening uyimda ham tasvirga olindi. Yamachning o‘zi suratga tushdi. Nabiralarim onasi vafot etgan, yetim bo‘lib ulg‘ayyapti. Ularni kim boqadi? Shu uchun mana savdo, tirikchilik qilyapmiz”, deydi esdalik buyumlari sotuvini yo‘lga qo‘yib olgan Gunesh Elma.

2017-2021 yillarda tasvirga olingan 131 seriyali “Chuqur” serialining dunyo bo‘ylab ommalashuvi ortidan bugun Balat rayonida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish turlari ko‘paygan. Kimdir Gunesh xoladek filmga aloqador unsurlarni eslatuvchi esdalik mahsulotlar sotayotgan bo‘lsa, yana kimdir devorlarga sayyohlar ismini yozish, hududda kinoqahramonlar yashagan uylarga ekskursiya qildirish, kafe va oshxonalarni yurgizish, maxsus maydonchalarda suratga tushirish bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilishmoqda.

“Xinoli qor” nomi bilan tanilgan Jumaliqiziq qishlog‘i

Huddi shunday ko‘pchilik qiziqib boradigan manzillardan yana biri Bursaning Jumaliqiziq qishlog‘i. Bu fayzli manzillarga sayyohlarning qiziqishi faqatgina qishloqning 700 yillardan beri mavjudligi va uylarining buzilmaganida emas, balki 2002-2005 yillarda suratga olingan uch mavsumli “Xinoli qor” seriali bilan ham bog‘liq.

Ali va Nazar munosabatlari haqida hikoya qiluvchi romantik drama mashhurligi ortidan 20 yildirki Jumaliqiziqdan sayyohlar qadami arimay, aholi tirikchiligiga ijobiy ta’sir qilib kelyapti. Serial sabab tanitilgan va Ulug‘tog‘ bag‘rida joylashgan qishloq bugun Turkiyaning turizm yo‘nalishlaridan biriga aylangan. 

Arzon sayohat uchun tekin maslahat

Turkiya yurtdoshlarimizning dam olish uchun eng ko‘p boradigan davlatlaridan biriga aylanib ulgurgan. Chunki u mamlakatda dengiz ham, tog‘ ham, tarix ham, bozor ham, shuningdek, biz ma’lumotlarini keltirayotgan sevimli filmlarning manzillari ham jamlangan. U yerga borish va joylashish uchun esa arzon, qulay yo‘llarni o‘rganib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Aviasales.uz sayti yoki ilovasida esa o‘zingizga to‘g‘ri keladigan samolyot chiptalarini oldindan, aviakassalarga borib ovora bo‘lib o‘tirmasdan, arzongina harid qilishingiz mumkin. Biryo‘la shu ilovadan cho‘ntakbop mehmonxonalarni ham band qilib, buning evaziga 5 foizli qaytariladigan pul – keshbekka ega bo‘lish imkoniyatingiz borligini ham eslatib qo‘ymoqchimiz.

Bir-biriga “qo‘shni” Jaloliddin Manguberdi va hukmdor Usmonlar

Turk va o‘zbek kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan “Mendirman Jaloliddin” seriali suratga olingan maydon Istanbulning Uzkudar rayonida joylashgan. Ko‘pchilik sevib tomosha qilayotgan “Hukmdor Usmon” seriali ham ushbu hududda tasvirga olinadi. Xorazmshohlar saroyi maketlaridan bugun “Hukmdor Usmon”da Saljuqiylar saroyi sifatida foydalanilmoqda. Endi esa mana shu ikki manzil ham sayyohlar uchun ochilib, daromadning yangi manbaiga aylantirildi.

Foto: Mehmed Bo‘zdog‘

Har kuni kinopavilonga tashrif buyurayotgan minglab sayyohlar uchun filmdan sahna ko‘rinishlari jonli ravishda namoyish etiladi, ustaxonalarda mahsulotlar yasaladi, sevimli kinoqahramonlar bilan suratlarga tushiladi. Qarabsizki, buning ortidan mo‘maygina foyda ham bor.

Kinoning kuchi!

“Muhtasham yuz yil” seriali sabab Usmoniy sultonlarining saroy haramini ko‘rish uchun keladigan mehmonlarning “To‘pqopi” saroyidagi qishin-yozin arimaydigan turnaqator navbatlarini gapirmasa ham bo‘ladi. Bularning barchasi – kinoning kuchi! Bu kuchdan mamlakatning turizm salohiyatini oshirish yo‘lida foydalanish anchagina o‘z samarasini beradi. Birgina 1999 yilda suratga olingan “Tohir va Zuhra” filmini tomosha qilgach, Samarqand, Buxoro va Xivaga borish ishtiyoqimiz qanchalik oshganini bir eslab ko‘ring-a?...

Foto: uzbekfilm.uz

Sardorbek Usmoniy
Turkiya, Istanbul

Mavzuga oid