O‘zbekiston | 07:42 / 21.09.2023
7456
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda fuqarolikka ega bo‘lmaganlar soni ochiqlandi

Ularning aksariyati sovet ittifoqi sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.

Toshkent shahrida Fuqarolikka ega emaslik masalalari bo‘yicha tahliliy ma’ruza va Parlamentlararo ittifoq hamda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining parlament a’zolariga mo‘ljallangan fuqarolik va fuqarosizlik masalalariga oid yo‘riqnomasi o‘zbek tilidagi nashrining taqdimoti bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakat hududida fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqda. Mamlakatda 2014 yildan e’tiboran yuz ming nafardan ziyod shaxsning fuqarolikka ega emasligi aniqlangan bo‘lib, o‘tgan davrda shundan 83 ming 793 nafarining bu muammolari ijobiy hal etilgan.

2023 yil birinchi yarmidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta ko‘rsatkich bo‘lib, ayni shaxslarning aksariyati sovet ittifoqi sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.

Mavzuga oid