O‘zbekiston | 05:47 / 28.09.2023
136006
5 daqiqa o‘qiladi

Sergelida kuchli portlash ro‘y berdi. Asosiy ma’lumotlar

Ayni vaqtda yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilmoqda. Hodisa «Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgani» haqidagi xabarlar rad etildi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlash oqibatida yirik yong‘in ro‘y berdi. O‘zbekiston FVV vaziyat yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Bugun, 28 sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani «Quruvchilar» dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. 

Shunga ko‘ra, 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 02:48 da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borib, hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yong‘in oqibatida fuqarolarni tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari bo‘yicha hozircha ma’lumot kelib tushmadi.

Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», deyilgan xabarda.

  • FVV yong‘in soat 05:02 da qurshab olingani, yong‘in maydoni qisqartirilib borilayotgani haqida xabar berdi. 

FVV Sergeli tumanidagi hodisa «Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgani» haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etgan.

«Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi hodisa «Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan» mazmunidagi feyk xabarlar tarqalmoqda. Bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Yong‘in hodisasi «Inter Logistics» MChJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan», deyilgan xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, portlash oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filialiga olib kelingan.

«Hozirga qadar ular orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi xabarda.

Yong‘in oqibatida voqea joyi va uning atrofidagi xonadonlarda jarohatlanganlarga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani ma’lum qilingan.

IIV jabrlanganlar soniga aniqlik kiritilayotgani haqida xabar berdi.

Bojxona qo‘mitasi ushbu ombor tadbirkorlik sub’yektiga tegishli bo‘lib, Bojxona qo‘mitasi vakillari ham voqea joyida bo‘lib turgani haqida xabar berdi. Yong‘in sabablari tegishli idoralar bilan hamkorlikda o‘rganilib qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinishi aytilgan.

Uzbekistan Airports Toshkentdagi portlash poytaxt aeroporti faoliyatiga ta’sir qilmagani, xalqaro aeroport cheklovlarsiz, odatiy rejimda ishlayotgani haqida xabar berdi.

Toshkent shahri hokimligi vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. Voqea joyiga yetib borgan shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Quruvchi massividagi portlashda jabrlangan uy egalariga yetkazilgan zarar qoplanishini ma’lum qildi. «Moddiy zarar 2-3 kun ichida qoplanadi, bu muammolarni hal qilamiz», degan u.

«Toshkent metropoliteni» Sergelidagi portlash natijasida hududga yaqin bo‘lgan metropolitenning Yer usti halqa yo‘lining «Quruvchilar» bekatining me’moriy qismiga yengil shikast yetgani, bu holat yo‘lovchi va poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatmagani haqida xabar berdi.

Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa mas’ullar yetib borgan. Yong‘inni bartaraf etish, jabrlanganlarga yordam berish va zararni qoplash bo‘yicha tezkor tegishli choralar ko‘rilmoqda. Yong‘inni o‘chirish ishlariga Mudofaa vazirligi vertolyoti jalb etilgan.

Interlogistics korxonasiga egalik qiluvchi Xalqaro logistika markazi (United Cargo Center) ma’lum qilishicha, portlash ro‘y bergan omborxonada portlovchi va yonuvchi moddalar bo‘lmagan, portlash oqibatida omborxona xodimlaridan hech kim jabrlanmagan.

Sergeli tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, omborxonada ro‘y bergan kuchli portlash oqibatida kamida 1 kishi halok bo‘lgan. Keyinroq O‘zbekiston SSV hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lganini tasdiqlab, yana 163 kishi turli darajada tan jarohatlari olgani haqida xabar berdi.

Hukumat komissiyasi tuzildi, unga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchilik qiladi.

IIV Tergov departamenti tomonidan JKning 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid