Jahon | 11:10 / 15.10.2023
30846
15 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush dunyoni ikkiga ajratdi. Fotosuratlar

Falastin tarafdorlari Tokiodan Keyptaungacha birdamlik aksiyalari o‘tkazishmoqda. Isroilni qo‘llovchilar HAMAS hujumi qurbonlariga aza tutmoqda.

Falastin-Isroil mojarosi. To‘qqizinchi kun. So‘nggi ma’lumotlar:

  • Isroil mudofaa armiyasi tun davomida G‘azodagi yuzdan oshiq harbiy obektlar, jumladan HAMAS shtab-kvartirasi va komplekslariga hujum qilgani haqida ma’lumot berdi.
  • Isroil mudofaa armiyasi matbuot kotibi HAMAS tinch aholi vakillari G‘azo shimolidan anklav janubiga ko‘chishiga to‘sqinlik qilayotgani, guruh uchun inson hayoti ahamiyatsiz ekani haqida gapirdi.
  • O‘tgan bir kun ichida G‘azoda yana 300 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi zarbalari oqibatida G‘azo sektorida kamida 2329 falastinlik halok bo‘lib, yana 9714 kishi yaralangan.
  • Isroil mudofaa armiyasi HAMAS hujumi vaqtida halok bo‘lgan yana yetti harbiy nomini e’lon qildi. 7 oktyabr kungi hujum vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar soni 286 nafarga yetdi. Tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 1,3 mingdan ortiq.
  • BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi G‘azoga suv yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin u sektor aholisi uchun «hayot mamot masalasi»ga aylanganini ma’lum qildi. G‘azoning o‘zida ichimlik suvi manbalari deyarli yo‘q va ikki milliondan ortiq aholi uchun suv bu yerga Isroil hududidan olib kelinardi.
  • Isroil uch soatga G‘azodan chiqish uchun yo‘lak ochmoqchi. Isroil mudofaa kuchlarining evakuatsiya to‘g‘risidagi so‘nggi xabarida hali ham G‘azo shimolida bo‘lib turgan tinch aholi vakillari mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan soat 13:00 gacha bu yerni tark etishi lozimligi keltirilgan.

O‘tgan hafta davomida butun dunyo bo‘ylab Falastin tarafdorlari va Isroil bilan birdam bo‘lgan kishilar namoyishlar o‘tkazishdi — ayrim hollarda ikki tomonning aksiyalari bir-biriga ro‘para holatda bo‘lgan. Quyida HAMASning hujumi va Isroilning bunga javoban G‘azo sektorini o‘qqa tutishi hamda blokada qilishiga dunyo bo‘ylab bo‘lgan reaksiya aks etgan suratlar.

Rim politsiyachilari va La Sapiyens universiteti talabalarining Falastinni qo‘llab-quvvatlab va G‘azo sektori qamal qilinishiga qarshi o‘tkazgan marshi ishtirokchilari o‘rtasidagi to‘qnashuv. Falastinlik talabalar namoyishi 13 oktyabr kuni o‘tkazildi.
Stefano Montesi / Corbis / Getty Images
Isroilning G‘azo sektori bo‘ylab yo‘llayotgan aviazarbalariga norozilik sifatida Yaman poytaxti Sanoda o‘tkazilgan miting, 2023 yil 13 oktyabr. Yamandagi isyonchi husiychilar 10 oktyabr kuni agar AQSh mojaro ishtirokchisiga aylansa, HAMASning Isroil bilan urushiga qo‘shilishini ma’lum qildi, deb xabar bergan Turkiyaning Anadolu axborot agentligi. «Biz birodarlarimiz bilan qarshilik o‘qi bo‘yicha to‘liq koordinatsiyada bo‘lib turibmiz», — degan guruh yetakchisi Abdul-Malik al-Husiy.
Khaled Abdullah / Reuters / Scanpix / LETA
Iroq poytaxti Bag‘dod shahrining Tahrir maydonida namoyish vaqtida Isroil bayroqlari yoqildi, 2023 yil 13 oktyabr. Iroq bosh vaziri Muhammad as-Sudani HAMASning Isroilga hujumidan keyingi kunda Falastin-Isroil mojarosini deeskalatsiya qilish yo‘lini topish uchun bir necha arab mamlakatlari rahbarlari bilan muloqot qildi. «Arab davlatlari pozitsiyasi ayon va bu Falastin da’vosini hamda Falastin xalqining qonuniy huquqlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat», — degan RIA Novosti agentligiga Iroq bosh vaziri matbuot kotibi Hishom ar-Rukabi.
Ahmad Al-Rubaye / AFP / Scanpix / LETA
Isroilning G‘azo sektoriga aviazarbalari vaqtida «Jamoat-Islom» («Islom bloki») diniy partiyasi tarafdorlari Falastin bayroqlari va «Isroil — bolalar qotili» shiorlari aks etgan plakatlarni ko‘tarib chiqdi. Lohur, Pokistan, 2023 yil 13 oktyabr. Namoyishchilar «Falastin quruqlikdan dengizgacha ozod bo‘ladi» va «Falastinni qo‘llab-quvvatlang» shiorlarini hayqirib aytishgan, deb xabar beradi The Times of India. Pokiston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar-ul-Hak Kakar 10 oktyabr kuni Yaqin Sharqdagi tinchlik «ikki xalq uchun ikki davlat» masalasi hal etilishiga bog‘liqligini aytdi. Kakar «tiyilish»ga chaqirgan va Yaqin Sharqdagi yangi eskalatsiya Falastin masalasi hal etilishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatganini qayd etdi.
K.M. Chaudary / AP / Scanpix / LETA
«Jamoat-Islom» diniy partiyasi tarafdorlari Lohurda qo‘llarida «Isroilga o‘lim» va «Falastin tez orada erkin bo‘ladi» so‘zlari yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishdi. Partiya rahbari Sirojul Haq namoyishchilar qarshisida qilgan chiqishida AQSh va Yevropa mamlakatlarini Isroilning antifalastin siyosatini qo‘llashda aybladi. U musulmon mamlakatlarini birlashish va Falastin taqdirini hal etishda qatnashishga chaqirdi. «Falastinliklar himoyasi uchun ovozingizni balandlang, bu musulmonning burchi va uning e’tiqodining bir qismi», — deya uning so‘zlarini keltirgan The Times of India
K.M. Chaudary / AP / Scanpix / LETA
Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida Falastinni qo‘llab o‘tkazilgan marsh, 2023 yil 13 oktyabr. Mitingchilarning qo‘llarida — Falastin bayroqlari va «G‘azoni qutqaring» shiori bitilgan plakatlar. JAR prezidenti Siril Ramafosa 12 oktyabr kuni uning mamlakati Falastin-Isroil mojarosini hal etishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Ramafosa mojaroning barcha qurbonlari uchun ta’ziya bildirgan, «tinch aholi vakillariga qarshi vahshiyliklar»ni qoralagan va G‘azo sektori aholisi uchun zudlik bilan gumanitar yo‘laklar ochishga chaqirgan. U shuningdek xalqaro hamjamiyatga yuzlanib, 1967 yilgi chegaralarda «yashovchan» Falastin davlatini tashkil etishga olib keluvchi mustahkam tinchlikka erishishga chaqirgan.
Nic Bothma / Reuters / Scanpix / LETA
Yaponiyaning islom diniga e’tiqod qiluvchi aholisi va ularning tarafdorlari Isroil elchixonasi yaqinida Falastin bilan birdamlik aksiyasi o‘tkazishdi. Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava 13 oktyabr kuni falastinlik hamkasbi Riyoz al-Maliki (HAMAS bilan raqib bo‘lgan Falastin muxtoriyati hukumati vakili) qo‘ng‘iroqlashdi. Muloqot chog‘ida Kamikava yana bir bor «HAMASning terrorchilik hujumi»ni qoralagan va al-Malikini G‘arbiy sohil ma’muriyatini mojaro deeskalatsiyasi uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga chaqirgan.
Taidgh Barron / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Londonda namoyishchilar falastinliklar bilan birdamlik aksiyasini o‘tkazishdi. 2023 yil 14 oktyabr
Toby Melville / Reuters / Scanpix / LETA
12 oktyabr kuni faollar Neapoldagi Sant-Elmo qal’asi devoriga bir necha daqiqaga Falastinning qariyb 30 metrlik bayrog‘ini ilib qo‘yishdi. Keyingi kuni shahardagi eng yirik maydonlardan birida Falastinni qo‘llab-quvvatlab miting o‘tkazildi, unda 800 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Falastin tarafdorlari «Okkupatsiya ostida tinchlik bo‘lmaydi» yozuvi aks etgan bayroqlar ko‘tarib o‘tishdi.
Antonio Balasco / imago images / Scanpix / LETAnpix / LETA
Rimda Falastinni qo‘llab o‘tkazilgan miting ishtirokchisi, 2023 yil 13 oktyabr. «Men Isroil eskalatsiyani istagan deb o‘ylamayman, — degan Italiya TIV rahbari Antonio Tayani 13 oktyabr kuni La Stampa gazetasiga bergan intervyusida. — Ammo biz Isroilning mavjudlik uchun huquqini himoyalashimiz kerak». Tayani Isroilning javob harakatlari «o‘zi duchor bo‘lgan hujumga mutanosibligi»ga ishonchi komil. «Biz G‘arb va arab dunyosi o‘rtasida bo‘linishlar paydo bo‘lishidan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun men Saudiya Arabistoni, Misr, Iordaniya, Marokash, BAA, Turkiya, Qatar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan diplomatik sa’y-harakatlarni intiqlik bilan kutaman», — degan Tayani.
Alessandra Tarantino / AP / Scanpix / LETA
Falastinning Moskvadagi elchixonasi oldida gullar va o‘yinchoqlar. Vladimir Putin 13 oktyabr kuni MDH davlat rahbarlari kengashining Bishkekdagi majlisi vaqtida Falastin-Isroil mojarosini «poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘ladigan mustaqil Falastin davlati tuzishga olib keladigan» tinchlik muzokaralari bilan hal qilish mumkinligini aytdi. Jurnalistlar bilan muloqotda Putin Rossiya muzokaralarda vositachilik qilishi mumkinligini aytdi va hech kim Rossiya hukumati «kimgadir yon bosishi»dan gumon qilmasligini qo‘shimcha qildi. Putin shuningdek G‘azo sektorini blokada qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytib, buni Leningrad blokadasi bilan tenglashtirdi.
Yevgeniy Biyatov / Sputnik / Scanpix / LETA
2023 yil 12 oktyabr kuni Nyu-Yorkda Falastinni qo‘llab o‘tkazilgan aksiyada ishtirok etgan Kolumbiya universiteti talabalari. Ro‘paradagi o‘tloqda esa universitetning boshqa talabalari Isroilni qo‘llab miting o‘tkazdi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hafta oxirida mintaqa davlatlari bilan mojaroni hal qilish, G‘azo sektori aholisini evakuatsiya qilishni tashkil etish va yangi ishtirokchilarning mojaroga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradigan muzokaralar olib borish umidida Yaqin Sharq bo‘ylab safarga chiqdi. U Isroil, Iordaniya va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlarida bo‘ldi.
Spencer Platt / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan miting ishtirokchisi Isroilni qo‘llab o‘tkazilgan aksiya ishtirokchilariga «Sionizm bu - terrorizm» yozuvli plakatni namoyish etmoqda. AQSh, Nyu-York, 2023 yil 13 oktyabr
Eduardo Munoz / Reuters / Scanpix / LETA
Berlin politsiyasi  Falastin tarafdorlarining norozilik aksiyasi ishtirokchisini qo‘lga olmoqda, 2023 yil 13 oktyabr. Germaniya kansleri Olaf Shols 12 oktyabr kuni Germaniya hukumati mamlakatda HAMAS harakati va Isroilning Samidoun qamoqxonasida saqlanayotgan mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkaziladigan aksiyalar taqiqlanishini anons qilgandi.
Fabrizio Bensch / Reuters / Scanpix / LETA
Parijdagi Respublika maydonida sanksiyasiz namoyish o‘tkazgan Falastin tarafdorlarining fransuz jandarmlari bilan to‘qnashuvi, 2023 yil 12 oktyabr. Shu kuni Fransiyada Falastinni qo‘llab o‘tkaziladigan har qanday namoyishlar taqiqlandi, jamoat tartibini buzish tahdidi bu qarorga asos sifatida keltirildi. Ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen Falastin bilan birdamlik aksiyalari tashkilotchilari hibsga olinishi mumkinligini bildirgan.
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA
Respublika maydonida uch mingga yaqin kishi to‘plandi. Namoyish tinch o‘tgan, ammo kechga kelib shahar politsiyasi uni tarqatib yuborgan
Gabrielle Cezard / SIPA / Scanpix / LETA
Maydon markaziga o‘rnatilgan Marianna haykalida (Fransuz respublikasi ramzi) namoyishchilar «Free Palestine» yozuvini yozib ketishdi
Sarah Meyssonnier / Reuters / Scanpix / LETA
HAMASning Isroilga hujumi vaqtida o‘g‘irlab ketilgan tinch aholi vakillari aks etgan plakatlar. Londonning Vest-End tumani, 2023 yil 12 oktyabr. Juma kuni britan nashrlari Londonda yashovchi ikki kishi plakatlarni yirtib ketgani haqida xabar berdi, ulardan biri kameraga qarata shunday degan: «Bu Falastin uchun». Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Suella Braverman 8 oktyabr kuni politsiya HAMASni qo‘llab-quvvatlab o‘tkaziladigan namoyishlarga qarshi «qonun doirasida barcha kuchni ishga solishi»ga va’da bergandi. Braverman «Buyuk Britaniya ko‘chalarida antisemitizm va terrorizmni sharaflashga yo‘l berilmasligi»ni ma’lum qilgan.
Vuk Valcic / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Hindiston poytaxti Dehli shahrida Isroilni terrorizm bilan kurashda qo‘llash ifodalangan banner, 2023 yil 12 oktyabr. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 7 oktyabr kuni Isroilga hamdardlik bildirgan. «Terrorchilarning Isroilga hujumi haqidagi xabardan qattiq larzaga tushdik. Xayollarimiz va duolarimiz begunoh qurbonlar va ularning oilalari bilan. Biz bu qiyin damlarda Isroil bilan birdammiz», — deya yozgan Modi.
Sonu Mehta / Hindustan Times / Getty Images
Avstraliyaning Melburn shahri aholisi HAMAS hujumi vaqtida halok bo‘lgan isroilliklarni xotirlash uchun yig‘ildi. Ularning plakatkalarida — «Avstraliya Isroilni qo‘llaydi» va «Isroil qalbimizda» yozuvlari aks etgan. 2023 yil 13 oktyabr
James Ross / EPA / Scanpix / LETA
Fransiyadagi yahudiy institutlari vakillik kengashi (Crif) chaqirig‘i bilan 9 oktyabr kuni Parijdagi Viktora Gyugo maydoni yaqinida Isroilni qo‘llab-quvvatlash aksiyasida ishtirok etish uchun yuzlab kishilar to‘plandi.
CARON / ZEPPELIN / SIPA / Scanpix / LETA
Derazasi sindirilgan kosher restoran oldida turgan politsiyachi va o‘tkinchi. Restoran «Free Palestine» yozuvi paydo bo‘lgan London ko‘prigi yonida joylashgan. 2023 yil 9 oktyabr
Anna Gordon / Reuters / Scanpix / LETA
Nyu-York politsiyasi departamenti xodimlari Bruklin hududidagi sinagogni qo‘riqlashni kuchaytirgan. Nyu-York, 2023 yil 13 oktyabr
Stephanie Keith / Getty Images

Mavzuga oid