Iqtisodiyot | 13:50 / 17.10.2023
17528
9 daqiqa o‘qiladi

ITFC O‘zbekistonga investitsiyalarini yil oxirigacha 700 mln dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda

Xalqaro islomiy savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC; ISMK) 2023 yilning oxirigacha O‘zbekistondagi moliyaviy investitsiyalari portfelini 700 million dollarga yetkazmoqchi.

Abduhamid Abu / Foto: ITFC

Sentyabr oyi oxirida korporatsiyaning savdo-moliya bosh menejyeri Abduhamid Abu Toshkentga amaliy tashrif bilan keldi. Tashrif doirasida ISMK'ning O‘zbekistondagi hamkorlari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Abduhamid Abu uchrashuvlar natijalari, hamkorlik istiqbollari, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va yaqin kelajakdagi rejalar haqida so‘zlab berdi.

— Janob Abuhamid Abu, Xalqaro islomiy savdo va moliya korporatsiyasi haqida ma’lumot bersangiz. Korporatsiyaning global maqsadi nima?

— Xalqaro islomiy savdo va moliya korporatsiyasi (ISMK) – Islom taraqqiyot banki (IsDB) guruhining a’zosi. ITB guruhi tarkibida bizning tashkilotimiz Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo mamlakatlarda savdoni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan yagona korporatsiya hisoblanadi.

ISMK o‘z faoliyatini 2008 yilda boshlagan. Hozirda biz savdoni moliyalashtirish va umuman savdo sohasini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan keng qamrovli savdo yechimlari shaklida o‘z xizmatlarimizni taqdim etamiz. Korporatsiyaning asosiy maqsadi – Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar o‘rtasida savdoni rivojlantirish, bu – oxir-oqibat odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha umumiy maqsadga erishishga yordam beradi.

Global miqyosda korporatsiya har yili 6 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi, ularning bir qismini biz xalqaro bozorlardagi sheriklarimizdan mobilizatsiya qilamiz. ISMK o‘z faoliyati boshlagandan beri IHTga a’zo mamlakatlarga 70 milliard AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ ajratdi, bu esa o‘z navbatida ushbu mamlakatlar ehtiyojlari uchun savdo yechimlarining yetakchi provayderi bo‘lishiga imkon berdi. Moliyalashtirish hamda qo‘llab-quvvatlashning asosiy sohalariga energetika, qishloq xo‘jaligi/oziq-ovqat xavfsizligi va xususiy sektor, asosan kichik, shuningdek o‘rta biznes kiradi.

— ISMK O‘zbekistonda qancha vaqtdan beri faoliyat yuritmoqda?

Korporatsiyamiz O‘zbekiston bilan hamkorlikni 2018 yilda boshlagan. 2019 yilda O‘zbekiston tashkilotimizga a’zo bo‘ldi va shu yili O‘zbekiston hukumati hamda ISMK 500 million AQSh dollari miqdoridagi hadli kelishuv imzoladi.

Bugungi kunda biz O‘zbekistonga taqdim etgan jami moliyalashtirish hajmi 538 million AQSh dollarini tashkil etadi, shundan 200 million AQSh dollari davlat loyihalariga, qolgan 338 million AQSh dollari esa hamkorlarimiz tomonidan O‘zbekiston banklari orqali amalga oshirilayotgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bugungi kunga qadar ISMK 12 ta bank bilan shartnomalar imzoladi.

Biz O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishga katta talab va hamkorlik qilish salohiyati borligini ko‘rib turibmiz, shuning uchun biz savdoni moliyalashtirish orqali islomiy moliyalashtirishning muhimligidan foydalanishga va uni ilgari surishga intilamiz.

— O‘zbekistonga tashrifingiz haqida so‘zlab bersangiz. Qanday kelishuvlarga erishildi?

— Bu tashrif biz uchun juda muhim bo‘ldi, tashrif davomida O‘zbekistondagi faoliyatimizni baholab, hamkorlarimiz bilan kelgusi yil uchun rejalarni muhokama qildik. O‘zbekiston – muhim a’zo davlat, shu sababli biz milliy iqtisodiy rivojlanish strategiyasiga muvofiq mamlakat ehtiyojlarini qondirish hamda rivojlanish ustuvorliklariga erishish uchun hamkorlarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Bunga xususiy sektor, qishloq xo‘jaligi va ayollar tadbirkorligi kabi asosiy sohalarga ta’sir qilish orqali erishiladi.

Hamkorlikning kelgusi bosqichida ISMKning mamlakatdagi faoliyati diversifikatsiya qilinadi, jumladan, hamkor banklarimiz orqali “yashil moliyalashtirish” ham. Biz bu sohadagi biznes talablarini tushunish uchun ular bilan yaqin muhokamadamiz.

Joriy tashrif yakuni sifatida tez orada mamlakat hukumati bilan oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv haqida e’lon qilamiz. Davlat loyihasidan tashqari, biz boshqa banklar bilan shartnomalar imzolanishini hamda mavjud moliyalashtirish liniyalarini yangilashni kutmoqdamiz. Yil oxiriga qadar ISMK tomonidan ajratilgan moliyaviy mablag‘larning umumiy hajmi 700 million AQSh dollarini tashkil etishini rejalashtirmoqdamiz.

— Umuman olganda, O‘zbekistonning savdo salohiyatini qanday baholaysiz va yana nima ustida ishlash kerak?

— Biz mamlakatda juda kuchli savdo salohiyatini ko‘rmoqdamiz, shuningdek mamlakat iqtisodiyoti qanchalik faol rivojlanayotganini ko‘ryapmiz.

Bundan tashqari, biz uchrashgan sherik banklarning vakillari bizga savdoni moliyalashtirish mexanizmlariga katta talab haqida gapirib berishdi. Hamkorlik qilayotgan barcha banklar bizdan moliyalashtirish chegaralari va hajmlarini oshirishni so‘rashadi, bu esa savdo-sotiqni moliyalashtirish, xususan, shariat bo‘yicha savdo-sotiqni moliyalashtirish uchun kuchli salohiyat hamda ehtiyojlarni aniq namoyish etadi. Umuman olganda, O‘zbekistonda biz yaxshi istiqbollarni ko‘rmoqdamiz va bu istiqbol hamda taraqqiyotning bir qismi bo‘lganimizdan xursandmiz.

— ISMK O‘zbekiston uchun qanday aniq mexanizmlar va yechimlarni taklif qilishi mumkin?

— ISMK har doim keng qamrovli savdo yechimlarini taqdim etishga harakat qiladi. Va O‘zbekistonda, moliyalashtirishdan tashqari, bizning korporatsiyamiz savdo imkoniyatlarini yaratishga, shuningdek, mamlakatda islomiy moliyalashtirishni rivojlantirishga qaratilgan bir nechta treninglar hamda seminarlar o‘tkazdi.

Shuningdek, biz ikki davlat bankiga MHXS (moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari) amalga oshirishda yordam berdik. Biz ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirishni davom ettirmoqchimiz. Yana bir muhim ma’lumot – hozirda biz bir dastur ustidan ish yurityapmiz.

Uning nomi TCCA+ (Trade Connect Central Asia+), savdo sohasiga integratsiyalashgan yechimlar deb nomlanadi, shuningdek Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini + Ozarbayjonni o‘z ichiga oladi. Dastur mintaqaviy bo‘lib, mintaqaning savdo salohiyatini ochishga hamda mintaqadagi savdo aloqalarini oshirishga qaratilgan. Ayni paytda biz dasturga a’zo barcha mamlakatlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz va yaqin orada uni ishga tushiramiz deb umid qilamiz.

— Siz banklar moliyalashtirishni ko‘paytirishni so‘rashayotgani haqida aytdingiz. Bu yil moliyalashtirish darajasini 700 million dollarga oshirish rejalashtirilgan, kelgusi yil uchun esa qanday istiqbollar mavjud?

— Biz hozir ko‘rib chiqayotgan sohalardan biri bu – portfoliomizni kengaytirish, davlat hamda hamkor banklar bilan hamkorlikni mustahkamlashdir. Shuningdek, biz yirik davlat va xususiy korporativ mijozlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ISMK tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganishini rejalashtirmoqdamiz.

O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotgan yana bir yo‘nalish – bu, banklarga sinditsirlangan kredit liniyalarini taqdim etishdir. Sherik banklar moliyalashtirish chegaralari hamda hajmini oshirishni istaydilar, biz esa xalqaro bozorga chiqib sheriklarimizning mablag‘larini jalb qilamiz degani. Bu sohada biz boy tajribaga egamiz.

— Korporatsiya O‘zbekistonda yana qaysi sohalarni rivojlantirishda ishtirok etmoqchi?

ISMK faoliyat yuritayotgan har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi O‘zbekistondagi strategiyamiz ham davlat taraqqiyot dasturlari bilan bevosita bog‘liqdir. Bizning birinchi qadamimiz mamlakatni rivojlantirish maqsadlarini sinchkovlik ila tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.

Biz, tajribamiz sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda davlatning qarashlariga mos keladigan sohalarga ustuvor ahamiyat beramiz. O‘zbekistonda biz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xususiy sektorning o‘sishiga ko‘maklashish, kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, yashil moliyalashtirish tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek tadbirkor ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish kabi muhim sohalarga e’tibor qaratishda davom etmoqdamiz.

Ushbu sohalar bizning tajribamiz hamda O‘zbekistonning rivojlanishga intilishlarining asosiy kesishish nuqtalarini ifodalaydi. Bu yerda o‘z sa’y-harakatlarimizni jamlab, biz nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqdamiz, balki davlat maqsadlariga strategik jihatdan ham amal qilmoqdamiz. Shuni ta’kidlash kerakki, biz iqtisodiy o‘sish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ajralmas qismi bo‘lgan savdo-sotiqni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratishda davom etamiz.

Ushbu sohalarga bo‘lgan sadoqatimiz O‘zbekistonda barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga sodiqligimizni anglatadi. Biz oziq-ovqat xavfsizligiga sarmoya kiritish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlash, yashil tashabbuslarni rag‘batlantirish, shuningdek tadbirkor ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish orqali farovon hamda inklyuziv kelajak uchun zamin yaratayotganimizga qat’iy ishonamiz. Ushbu sohalar bizning o‘sish nuqtalarimiz bo‘lib xizmat qiladi va bizga uzoq muddatli ijobiy o‘zgarishlarga erishish hamda mamlakat taraqqiyotiga mazmunli hissa qo‘shish imkonini beradi.

Mavzuga oid