Jahon | 21:40 / 25.10.2023
29370
5 daqiqa o‘qiladi

“HAMASning hujumi yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmadi” - Antoniu Guterrish

Falastin xalqi 56 yildirki siqib chiqaruvchi bosqinchilikka duchor bo‘lyapti, deb bayonot berdi BMT bosh kotibi. “Ularning yerlari aholi punktlari qurish orqali yutib yuborilyapti, iqtisodiyoti bo‘g‘ib qo‘yildi, xalqi ko‘chirib yuborildi, uylari esa buzib tashlandi”, dedi Guterrish. Bunga javoban Isroil rasmiylari uning iste’fosini talab qilib, BMT xodimlariga endi viza berilmasligini ma’lum qildi.

Foto: AP / Seth Wenig

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashining 24 oktyabr kungi yig‘ilishida Yaqin Sharqdagi vaziyat borgan sari og‘irlashib borayotganini aytib, barcha tomonlarni tinch aholini hurmat va himoya qilishga chaqirdi.

“Men HAMAS tomonidan 7 oktyabr kuni Isroilda sodir etilgan dahshatli va misli ko‘rilmagan terroristik harakatlarni so‘zsiz qoraladim. Oldindan maqsad qilingan qotilliklar, jarohat yetkazishlar va tinch aholini garovga olishni, shuningdek, fuqarolik obektlarini nishonga olishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”, – dedi BMT rahbari.

Shu bilan birga, u HAMASning hujumlari “yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmagani”ni ta’kidladi.

“HAMASning hujumlari yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmaganini tan olish muhim ahamiyatga ega. Falastin xalqi 56 yildirki siqib chiqaruvchi bosqinchilikka duchor bo‘lyapti. Ularning yerlari ularning ko‘z oldida doimiy ravishda aholi punktlari qurish orqali yutib yuborilyapti, zo‘ravonliklar bo‘lyapti. Ularning iqtisodiyoti bo‘g‘ib qo‘yildi, xalqi ko‘chirib yuborildi, uylari esa buzib tashlandi. Ayanchli ahvolni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga bo‘lgan umidlari esa puchga chiqyapti.

Lekin HAMASning dahshatli hujumlarini Falastin xalqining chekkan ozorlari bilan oqlab bo‘lmaydi. O‘z navbatida, Falastin xalqining ommaviy jazolanayotganini ham bu dahshatli hujumlar bilan oqlab bo‘lmaydi”, – dedi Guterrish.

Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen BMT yetakchisiga javob qaytararkan, undan “Qaysi dunyoda yashayapsiz?” deb so‘radi va HAMAS harakatini “yangi natsistlar” deb atadi.

“Biz nafaqat o‘zimizni himoya qilish huquqiga egamiz, balki bunga majburmiz. Bu – huquq emas, bu – majburiyat. Hammangizga qarata aytmoqchiman, G‘arb – bu keyingisi! Bu urush bizga, bizning zimmamizga yuklab qo‘yilgan. Bu faqat Isroilning urushi emas. Bu – erkin dunyoning urushi.

Mutanosib bo‘linglar degan chaqiriqlarni eshityapman. O‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlar bo‘lyapti. Aytinglarchi, bolaning o‘ldirilishiga, ayol kishining zo‘rlanishiga, chaqaloqning boshi olinishiga nisbatan qanaqa mutanosib javob bo‘lishi mumkin?

Seni o‘ldirishga va yo‘q qilib yuborishga qasam ichganlar bilan qanday qilib o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishish mumkin?” – dedi Isroil tashqi siyosiy idorasi rahbari.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Ernan esa Guterrishni terrorizmga xayrixohlik bildirishda ayblab, undan darhol iste’foga chiqishni talab qildi.

“Bosh kotib iste’foga chiqishi shart deb o‘ylayman. Biz bugun uni uzr so‘rashga chaqirdik. Shu ondan boshlab, u mana shu binoda bo‘lar ekan, zudlik bilan uzr so‘ramaguncha, bu binoning mavjud bo‘lishi uchun asos yo‘q. Bu bino vahshiyliklarning oldini olish uchun qurilgan. Qanday qilib bosh kotib o‘zining so‘zlari bilan bizning begunoh tinch aholimizga qilingan dahshatli vahshiyliklarni oqlashi mumkin?” – dedi u.

Gilad Ernan keyinroq qilgan chiqishida Isroil endi BMT vakillariga viza bermasligini qo‘shimcha qildi.

25 oktyabr kuni BMT rahbari o‘zining so‘zlariga Isroil tomonidan bo‘lgan reaksiyaga munosabat bildirdi.

“Ayrim bayonotlarimning noto‘g‘ri talqin qilinganidan shokdaman. Huddiki men HAMASning terrorchilik harakatlarini oqlayotgan emishman. Unday emas, aksincha”, – dedi Antoniu Guterrish bu safar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilni tilga olmagan holda.

Tel-Avivga ko‘ra, HAMASning hujumi oqibatida Isroildan 1400 kishi halok bo‘lgan, 222 kishi garovga olingan. HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning javob zarbalari oqibatida anklavda 6500dan ortiq kishi o‘ldirilganini bildirgan.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid