O‘zbekiston | 14:25 / 11.11.2023
7582
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning YeI bilan munosabatlarida Italiya qanday o‘ringa ega?

1996 yil Florensiyada O‘zbekiston va YeI o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolanganida, Italiya vositachi rolini bajargan. Bu davlat doim, xususan Yevropa bilan munosabatlar turg‘unlashib qolgan paytlarda ham o‘zining konservativ qarashlari bilan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagan, deydi siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyayev.

9-11 noyabr kunlari Italiya prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyayev ikki davlat munosabatlarining bugungi holati haqida ma’lumot berdi.

So‘nggi vaqtlarda Yevropa davlatlari va MO davlatlari o‘rtasida tashriflar ko‘payib qoldi. Oldin Fransiya prezidenti keldi, endi Italiya prezidenti. Umuman, Italiya va O‘zbekiston munosabatlarining tarixi, hozirgi kundagi rivojlanish va munosabatlar tendensiyasiga to‘xtalib o‘tsak.

— O‘zbekiston va Italiya munosabatlari ikki tomonlama va turli doiralarda amalga oshirilmoqda. Bu munosabatlar ancha sermazmun xarakterga ega. Hatto strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Bungacha ham bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Italiyaning Markaziy Osiyodagi eng ishonchli sherigi deb qaraladi. Shuningdek, Italiya ham O‘zbekiston uchun Yevropadagi ishonchli sheriklardan biri. Bizning YeI bilan munosabatlarimizda Italiya muhim rol o‘ynagan. 1996 yilda Florensiyada YeI bilan sheriklik va hamkorlik bitimi imzolangan, Italiya bunga ijobiy qaragan. G‘arbiy Yevropa davlatlari ichida ko‘proq Italiyadan O‘zbekistonga rasmiy tashriflar ko‘p bo‘lgan.

Bu ikki davlat munosabatlari ikki va ko‘p tomonlama xarakterga ega ekanini unutmaslik kerak. Yaqin Sharqdagi vaziyatlar, boshqa savdo-iqtisodiy masalalar YeIdagi Germaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarning mustaqil qaror qabul qilishini taqozo etmoqda. Italiya ham Ukraina urushi sababli yaxshigina zarar ko‘ryapti boshqalar qatori. Shuning uchun O‘zbekistonga yanada ko‘proq intilish bor.

O‘zbekiston va Italiya munosabatlari manfaatlari o‘zagida nima yotadi?

— Birinchi navbatda siyosiy muloqot. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda aniq hamkorlik yo‘nalishlari mavjud. Og‘ir sanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, eksportni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar, texnologik hamkorlik kabilar. Madaniy meroslarni saqlash bo‘yicha ham alohida kelishuvlar mavjud. Turizm, oliy ta’lim sohalarida hamkorlik bor. Umuman, bularning ko‘lami ortib boryapti va uzoq muddatli manfaatlarga ega.

O‘zbekistonning YeI bilan aloqalarida Italiya alohida vositachi rolini bajargan, shu jumladan, yuqorida aytilgan sheriklik va hamkorlik bitimida. O‘zbekiston tashqi siyosatida YeI davlatlari bilan aloqalar bir qadar turg‘unlashib qolgan edi. Shunday bir holatda Italiya muhim vositachilikni bajargan. Italiya doim o‘zining konservativ qarashlari bilan bizni qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida hukumatlararo turli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qo‘mitalari bor. Chunki yuqorida aytganimdek, bu ikki davlat bir-biriga ishonchli hamkor sifatida qaraydi. YeI davlatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasini yaxshilash masalasi ham bor, bunda Italiya muhim o‘rin egallaydi.

Prezidentimizning iyun oyidagi Italiyaga tashrifida strategik sheriklik shartnomasi va turli doiralardagi 11 ta shartnomalar imzolangan. Deylik, eksportni rivojlantirish, og‘ir sanoat, turizm, oliy ta’lim kabi sohalar. Bular ichida 2026 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomalar ham bor. Turli yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar doimiy faoliyat olib boryapti va ularning ishlari foyda beryapti deb o‘ylayman.

Ta’lim sohasida ham Italiya bizning birinchi hamkorlardan biri hisoblanadi. Shu to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz.

— Italiya eng zamonaviy universitetlarga ega mamlakat hisoblanadi. Ilm-fan, texnologiyalar yaxshi rivojlangan. O‘zbekistondagi eng birinchi xorijiy OTMdan biri Turin politexnika universiteti hisoblanadi. Ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, oliy ta’limda va maktablarda italyan tili o‘qitiladi. Madaniyatlararo muloqot o‘rnatilgan, O‘zbekiston va Italiya do‘stlik jamiyati, Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi bor. Boshqa qator sohalarda ham ikki va ko‘p tomonlama aloqalar rivojlanib boradi.

Umuman, bu ikki davlat munosabatlari istiqboli haqida gapirganda, Yaqin Sharq, Osiyo, Sharqiy Yevropadagi vaziyatlarni inobatga olish kerak bo‘ladi. Ukraina urushidan YeI davlatlari zarar ko‘ryapti, boshqa mojarolar bor. Bu vaziyat xalqaro maydonda yangi hamkorlarni kashf etishni talab qilyapti. O‘zbekiston va shu kabi davlatlar bu holatda yaxshi munosabatlarni rivojlantiryapti. Iqtisodiyotda yashil energetikani rivojlantirish, sanoatning hissasini oshirish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston Italiya bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid