Jamiyat | 15:40 / 01.12.2023
32858
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi bog‘chalardan birida bolaga tan jarohati yetkazildi

Kuzatuv kamerasida tarbiyachi uni bir qo‘lidan ko‘tarib ketayotgani aks etgan. Bola shifokor ko‘rigiga olib borilganida suyak sinishi tashxisi qo‘yilgan va bolaning qo‘li gipslangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida yashovchi ayol Instagram sahifasida xususiy bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisi uning karavotda o‘tirgan o‘g‘lini bir qo‘lidan ko‘tarib, boshqasiga olib ketgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Jabrlangan bolaning onasiga ko‘ra, voqea 17 noyabr kuni ro‘y bergan. O‘sha kuni tongda u o‘g‘lini bog‘chaga olib borgan, tushdan keyin esa bog‘cha direktori bola yig‘layotganini aytgan. Bolani bobosi olib ketgan, kechga yaqin esa bola yurganda chap qo‘li og‘riyotganini bilib qolishgan.

«Pediatrdan 16-shahar shifoxonasidagi travmatolog-ortopedga murojaat qilish uchun yo‘llanma oldik. Travmatolog Xursand 5 soniyada sinish borligini tushundi va rentgenga jo‘natdi. Rentgen buni tasdiqladi», — degan bolaning onasi va shifokor xulosasi fotosuratini ilova qilgan. Bolaning qo‘li gips qilingan.

Shundan keyin ayol bog‘chadagi kuzatuv kamerasi tasvirlarini so‘ragan, chunki muassasa ma’muriyati hodisaning asl sababini aytishdan bosh tortgan.

30 noyabr kuni ayol bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga murojaat qilib, o‘zining 2021 yilda tug‘ilgan o‘g‘li L.A.ga u tarbiyalanayotgan maktabgacha ta’lim muassasasi xodimining qo‘pol harakati oqibatida jiddiy tan jarohati yetkazilganini bildirgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid