Jamiyat | 16:08 / 04.12.2023
138126
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega

18-64 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ularning yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi esa semiz ekani aniqlandi. 46 foiz aholining qonida xolesterin miqdori oshgan.

Foto: Getty Images

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda O‘zbekistonning 18-64 yoshdagi aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Tadqiqot qanday hududlarni qamrab olgani va unda necha kishi ishtirok etgani ochiqlanmagan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respublika aholisining yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi esa semiz. Har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar iste’mol qiladi.

46 foiz aholining qonida xolesterin miqdori oshgan. Aholining o‘rtacha tuz iste’moli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar ko‘p (kuniga 5 grammdan oshmasligi lozim) deganidir.

Sanepidqo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan taom va shirinliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish yoshlarda ratsional o‘sish va aqliy rivojlanishdan ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli o‘sma kabi insonning erta o‘limiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid