Fitch Toshkentning kredit reytingini bekor qildi
Bunga poytaxtning reyting jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qilgani sabab bo‘lgan.
Fitch Ratings agentligi Toshkent shahrining xorijiy va mahalliy valutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingining “BB-” darajasidagi “Barqaror” prognozini bekor qildi. Bunga Toshkentning reyting jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qilgani sabab sifatida keltirilgan.
“Fitch endi reytingni tuzish uchun yetarli ma’lumotga ega emas. Shunga ko‘ra, agentlik bundan buyon Toshkent shahri uchun reyting va tahliliy xabarlarni taqdim etmaydi”, deyiladi Fitch Ratings izohida.
Xalqaro reyting agentliklarining “katta uchligi” tomonidan beriladigan kredit reytingi shaharning investitsiya jalb qilishga layoqatliligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, rasmiylar tomonidan Fitchʼga ma’lumotlar taqdim etish to‘xtatilgani tushunarsiz.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning iyun oyida Fitch Ratings agentligi Toshkentga suveren reyting darajasida “Barqaror” prognozi bilan uzoq muddatli “BB-“ reytingini bergandi.
Fitch Ratings AQSh moliyaviy korporatsiyasi bo‘lib, Standard & Poor’s va Moody’s reyting agentliklari bilan bir qatorda, uchta eng nufuzli xalqaro reyting agentligidan biri sifatida ma’lum. Bunday agentliklardan ijobiy reyting olish shahar yoki davlatning investorlar oldida moliyaviy ishonchliligi kafolati hisoblanadi.
Mavzuga oid
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024