Jahon | 21:35 / 13.12.2023
8803
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sovuqda yo‘lda qolgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam berildi 

O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus xizmat mashinalari hamrohligida Osakarovka qishlog‘iga olib borilgan. Bu yerda odamlar madaniyat markaziga joylashtirilib, issiq ovqat bilan ta’minlangan. 

Foto: Videodan kadr

Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari qattiq sovuqda trassada qolgan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatdi. Sovuqdan qutqarilgan shaxslar turar joy va issiq ovqat bilan ta’minlandi. Ularning avtobusi Qarag‘andi-Astana yo‘lida qolib ketgan edi, deb xabar berdi Kazinform. 

12 dekabr kuni kechqurun Qarag‘andi viloyati politsiya departamenti xodimlari Qarag‘andidan Aqmola viloyati chegarasigacha bo‘lgan asosiy trassada kuzatuv o‘tkazdi. 

Politsiyachilar Temirtau tashqarisidagi pullik terminalda yo‘lovchilar bilan to‘xtab qolgan avtobusni payqab qolishdi. Janubiy hududdan Astana shahriga ketayotgan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan yo‘nalish avtobusi yo‘l yopiqligi sababli to‘xtashga majbur bo‘lgan. Ular yakshanba kuni yo‘lga chiqqan. Balqashda qattiq ayoz tufayli bir kun to‘xtashga majbur bo‘lishgan va butun vaqtini avtobusda o‘tkazishgan. Seshanba kuni harakatni davom ettirishgan, lekin qattiq sovuq tufayli yana Temirtaudan tashqarida to‘xtab qolishgan. 

«Xorijiy fuqarolar eng yaqin aholi punktiga yetib borishda yordam so‘rab, yonilg‘i zaxirasi va pullari tugab qolgani sababli politsiyaga murojaat qilgan. Dori-darmoni tugab qolgan qandli diabetga chalingan ayolga ham yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilgan. O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus xizmat mashinalari hamrohligida Osakarovka qishlog‘iga olib borilgan. Bu yerda odamlar madaniyat markaziga joylashtirilib, issiq ovqat bilan ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid