O‘zbekiston | 14:43 / 18.12.2023
18732
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati hokimiga ikki o‘rinbosar tayinlandi 

Namangan shahri hokimi lavozimida ishlagan G‘ofur Jamolov viloyat hokimi o‘rinbosari sifatida ish boshladi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

G‘ofur Orifjonovich Jamolov Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda 18 dekabr kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi. 
  
G‘ofur Jamolov 1974 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1997 yilda Namangan sanoat-texnologiya instituti, 2006 yilda prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1997 yilda Namangan shahar hokimligining «Iqtisodstat» boshqarmasi mutaxassisi vazifasidan boshlagan.

2008–2009 yillarda Namangan viloyati hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari kotibiyati mudiri, 2009–2012 yillarda Iqtisodiyot vazirligi Demografiya va mehnat bozori bo‘limi bosh mutaxassisi, 2012–2017 yillarda Iqtisodiyot vazirligining uy joy, kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, 2017-2020 yillarda Uy-joy, kommunal xizmat vazirining o‘rinbosari, 2020–2021 yillarda esa Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan. 

2021 yildan hozirgi vaqtgacha Namangan shahar hokimi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan Jamshid Xatamov Namangan viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Jamshid Xatamov

Jamshid Xatamov bungacha Farg‘ona viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

U endi 2019 yil mayidan buyon Namangan viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Jamoliddin Karimovich Aloydinov o‘rnida ish boshladi.

Mavzuga oid