O‘zbekiston | 10:19 / 19.12.2023
19500
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Gentra haydovchisi o‘quvchini urib yuborib qochib ketdi

Tan jarohati olgan bola tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan, haydovchi topilgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumanidagi mahallaning ichki ko‘chasida qora rangli Gentra tez harakatlanib kelib, o‘quvchilardan birini urib yuborgani va voqea joyidan ketib qolgani tasvirlangan video tarqaldi.

Videoda ko‘chani uch nafar o‘quvchi kesib o‘tayotgani, Gentra kelib qolganda ularning ikki nafari o‘zini olib qochgani va bir nafarini mashina urib uchirib yuborganini ko‘rish mumkin.

Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB axborot xizmati ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, hodisa 2023 yil 18 dekabr kuni soat 17:25 larda Samarqand tumani «Ravonak» MFY hududidan o‘tuvchi ichki yo‘lda sodir bo‘lgan.

Yo‘lni kesib o‘tayotgan 2011 yilda tug‘ilgan 7-sinf o‘quvchisini davlat raqami 30 O 641 AB bo‘lgan Gentra urib yuborgan va haydovchi voqea joyidan ketib qolgan.

Oqibatda, maktab o‘quvchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

YPX xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida haydovchi va transport vositasi topilgan. Hozirda holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid