O‘zbekiston | 14:14 / 23.12.2023
24794
2 daqiqa o‘qiladi

Tomdi tumani hokimi lavozimdan ozod etildi

Navoiy viloyati Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldabergenov lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimda 2009 yildan buyon ishlab kelayotgandi.

Foto: Kun.uz

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldabergenovni lavozimdan ozod etish haqidagi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, tuman hokimi o‘z arizasiga binoan ishdan olingan.

Bugun xalq deputatlari Tomdi tumani kengashining navbatdan tashqari oltmish uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyada Normat Tursunov so‘zga chiqib, Q.Aldabergenovni tuman hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qabul qilingan viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirgan.

Ushbu qaror xalq deputatlari Tomdi tumani Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan. Tomdi tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajarish Tomdi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Orzumurod Umarov zimmasiga yuklatilgan.

Ma’lumot uchun, Qayrat Aldabergenov 1966 yil Nurota tumanida tug‘ilgan. Uzoq yillar soliq tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2009 yildan bugungacha Tomdi tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. 2014 yilda «Do‘stlik» hamda 2021 yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlangan.

Mavzuga oid