O‘zbekiston | 20:20 / 31.12.2023
26786
21 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2023 yilni qanday o‘tkazdi?

Yakunlangan yil O‘zbekiston hayotida nimalar bilan yodda qoldi? Siyosiy tadbirlar, energetikani o‘nglash harakatlari, uzoq kutilgan o‘zgarishlar va yechimini kutayotgan muammolar – Kun.uz'ning yil dayjestida.

Energetika

O‘zbekistonda 2023 yil qanday boshlanganini eslaganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi bo‘lib anomal sovuq keladi. Yilning ilk haftalaridagi qahraton ob-havo surunkali tus olib, yog‘gan qor uch haftagacha erimay turgani bilan noodatiy bo‘ldi. Toshkentda havo harorati –20 darajagacha tushib, shahar aholisi oxirgi 50 yildagi eng sovuq yanvarni boshdan kechirdi. Bu esa qator mavzelarda soatlab emas, bir necha kunlab svet o‘chishi va odamlarning ko‘chada gulxan yoqib isinishigacha olib kelgan bemisl energiya inqirozini keltirib chiqardi.

Gap shundaki, gaz bosimi keskin pasayib ketgach, hamma yoppasiga elektr jihozlaridan foydalanishga o‘tdi. Energetiklar bunday vaqtlarda avval bo‘lganidek boshqa hududlarni tarmoqdan uzish hisobiga bo‘lsa ham Toshkentga ko‘proq elektr energiyasi yetkazib berishga tayyor edi, lekin shahardagi tarmoqlar bu darajada katta yuklamani ko‘tara olmasligi tezda ayon bo‘lib, seriyali avariyalar boshlanib ketdi. Son-sanoqsiz qurilishlar tarmoqqa yuklamani hisobga olmay qilinganining oqibatlari o‘zini bor bo‘yi bilan ko‘rsatdi. Va bu voqealar oxir-oqibat Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi lavozimidagi faoliyatiga nuqta qo‘ydi. “Quruq gap bilan, yolg‘on “svodka” bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat bu darajadagi inqirozning boshqa takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yil davomida budjetdan 14 trln so‘m yoki milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflab, elektr va gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish, oddiyroq aytganda epaqaga keltirishga harakat qildi. Boshqa tomondan, investorlar mablag‘lari hisobidan o‘nga yaqin yangi elektr quvvatlari ishga tushirildi. Yangi ishga tushgan issiqlik, quyosh va shamol stansiyalarining bir qismi hozircha to‘la bitmagan, faqat birinchi bosqichda quvvat uzatyapti. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning va’dasiga ko‘ra, qurilgan stansiyalar to‘la quvvatda ishlay boshlagach, uzog‘i 1 yildan keyin O‘zbekiston elektr energiyasiga bo‘lgan o‘z ehtiyojini 100 foiz qondira oladi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni yetkazib berish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni e’tirof etish bilan birga, energetikada raqobatli bozorni vujudga keltirish jarayoni sekin ketayotganini ham aytib o‘tish o‘rinli. Sentyabr oyida qabul qilingan farmon bilan, energetika bozori regulyatori tashkil etiladigan bo‘ldi. Lekin sohaga doir qonunchilik bazasini ishlab chiqish, ya’ni eng birinchi bosqich – bozorning huquqiy asoslarini yaratish yana keyingi yillarga qoldirildi.

Gaz masalasiga kelsak, bu borada hozircha optimistik prognozlar yo‘q. Xitoyga gaz eksporti o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar kamaygan bo‘lsa-da, bu bilan bir vaqtda gaz qazib olish ko‘rsatkichlari ham sezilarli pasayishda davom etyapti. 2023 yilda energetik siyosatdagi katta voqealardan biri – tarixda birinchi marta Rossiyadan gaz import qilish boshlangani bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, bu boradagi muzokaralarda Rossiya tomoni O‘zbekistonning gaz-transport tarmog‘i egaligini “Gazprom”ga o‘tkazishni so‘ragan. Bu haqdagi xabarlarga javoban O‘zbekiston rasmiylari shartnomada bunday band yo‘qligini ma’lum qildi, lekin Moskvadagi hamkorlar tomonidan bunday masala ko‘tarilganmi-yo‘qmi, bu borada izohlar bo‘lmadi. Shuningdek, fevral oyida Energetika vazirligi xorijiy matbuotda e’lon qilingan gaz haqidagi shov-shuvli surishtiruvlarga izoh va raddiyalar berishga majbur bo‘ldi.

Energoresurslarni siyosiy bosim quroli qilib ishlatadigan Rossiya mulozimlari O‘zbekistonga gaz eksportini ko‘paytirish va Jizzaxda AES qurish niyatlari haqida takror va takror bayonotlar berayotgan bir paytda, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga zo‘r beryapti. Aytish mumkinki, gaz defitsiti masalasi yaqin yillarda hal bo‘lmasligi aniq, shu sabab asosiy e’tibor uzoq istiqbolda energetika tizimining gazga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan. Hozirda respublika bo‘yicha 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida ish olib borilyapti. Bunga qo‘shimcha, davlat dasturidan keng miqyosda quyosh panellari o‘rnatish, maktablar va boshqa ijtimoiy muassasalarni ko‘mir bilan isitishga o‘tish kabi choralar ham o‘rin olgan.

Siyosiy o‘zgarishlar

Konstitutsiyaning o‘zgartirilishi va shu asosda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari yilning birinchi raqamli siyosiy voqealari bo‘ldi. Asosiy qonunning yangi tahriri 30 aprel kungi referendumda 90 foizlik ovoz bilan ma’qullandi. Unda O‘zbekiston nafaqat huquqiy-demokratik, balki ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani, Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik kuchga ega bo‘lishi, yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi, hokimlar kengash raisi lavozimidan ketishi va boshqa o‘zgarishlar belgilandi. Shuningdek, prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

Referendumdan keyin, Shavkat Mirziyoyev yangi huquqiy makon yuzaga kelgani munosabati bilan muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazishni belgiladi. Saylovda amaldagi davlat rahbari 87 foiz ovoz bilan g‘olib chiqdi. Mirziyoyev Senatning yangi binosida o‘tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida O‘zbekistonni “har bir fuqaro tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantirish”ga va’da berdi; konstruktiv muxolifat faoliyati, so‘z va vijdon erkinligi kafolatlanishini aytdi.

“Kelgan sarmoyador bilishi kerak: O‘zbekiston – demokratik tizim, O‘zbekiston – ochiq, byurokratiya yo‘q, korrupsiya yo‘q degan gap bo‘lsa, hamma ishlarimiz albatta xalqqa va’da berganimizdek bo‘ladi”, – dedi lavozimga kirishgan prezident.

Saylovdan keyingi haftalarda turli darajalardagi kadr o‘zgarishlari ro‘y berdi. Avgust oyiga kelib, bu o‘zgarishlar Prezident administratsiyasiga ham yetib keldi. Administratsiya rahbari Sardor Umrzoqov va uning jamoasi iste’foga chiqarilib, Umrzoqov maxsus masalalar bo‘yicha maslahatchi etib tayinlandi. Administratsiya rahbari lavozimi tugatilib, idora tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi. Eng diqqatga sazovor tayinlov administratsiyada shu’ba mudiri lavozimida ishlayotgan Saida Mirziyoyevaning prezident yordamchisi etib tayinlangani bo‘ldi.

Qo‘shimcha qilish kerakki, nomenklaturadagi tuzilmaviy o‘zgarishlar yil boshida hukumatda ham ro‘y bergan edi. 2023 yildan boshlab, ijro hokimiyati tizimida vazirlik va idoralar soni 86 tadan 70 taga qisqardi. Shunday bo‘lsa-da, yil davomida xalq ta’limi, soliq, ekologiya, turizm, madaniyat, madaniy meros, xotin-qizlar, davlat tili, strategik aktivlar boshqaruvi kabi sohalarda ma’muriy-tuzilmaviy o‘zgarishlar davom etdi. Shular qatorida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.

Iqtisodiy hayot

Iqtisodiy yo‘nalishda esda qolarli voqealardan birinchisi – milliy valutaning qadrsizlangani bo‘ldi. Yil davomida so‘m dollarga nisbatan 9,8 foizga o‘z qadrini yo‘qotdi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2021 yilda ham, 2022 yilda ham bir xil – 3,4 foizni tashkil etgandi. 2023 yilning so‘nggi bank ish kunida AQSh dollari 12 400 so‘m atrofidagi narxda sotildi.

2023 yilda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlash reja qilingan bo‘lsa-da, amalda bunday bo‘lgani yo‘q. Kuzatuvchilar yaqin ikki-uch yilda a’zolik jarayoni yakunlanishi ehtimoli pastligini aytmoqda. Tashqi savdoda bir qator oziq-ovqat mahsulotlari importi vaqtincha bo‘lsa-da bojdan ozod etilganini e’tirof etish mumkin. Shuningdek, iyun oyida ayrim toifa avtomobillarga bojlar vaqtincha pasaytirildi, lekin bu amalda eng xaridorgir segmentdagi avtomobillar bozorida hech narsani o‘zgartirmadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors esa 8 oy davomida avtomobil sotmasdan, kechiktirilgan katta talabning yig‘ilib qolishiga zamin yaratdi. Avgust, sentabr va noyabr oylarida bir martadan sanoqli soatlarga ochilgan shartnoma berish jarayonlari avtosalonlardagi ajiotajlar bilan yodda qoldi. Oxir-oqibat, kompaniya jarayonni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazib, dekabr oxirida kelasi yili ishlab chiqariladigan avtomobillarning butun hajmi uchun shartnomalarni ochib yubordi. Natijada, katta traffikni ko‘tara olmagan sotuv portali texnik muammolar bilan ishladi va shu sabab ikki kun davomida faqat omadi kelgan va ehtimol tanishi borlargina shartnoma ololdi xolos. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 25-27 dekabr kunlari Cobalt, Damas va Labo uchun 170 mingdan ortiq shartnoma berilgan. Millionlab o‘zbekning orzusiga aylangan Gentra esa sotuvga boshqa qaytmasligi kutilyapti.

Bu yil iqtisodiyotdagi eng yaxshi yangiliklardan biri yalpi ichki mahsulotning chorak qismini tashkil etadigan qishloq xo‘jaligida bo‘ldi. O‘tgan yilgi g‘alla islohotidan keyin navbat nihoyat paxtachilikka ham yetib kelgani quvonarli. Fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi fyuchers shartnomalari 2024 yildan boshlab birja orqali tuziladigan bo‘lyapti. Fermer xo‘jaliklari ortiqcha yetishtirilgan hosilni mustaqil tasarruf etishi, shuningdek, klasterlar bilan ishlamasdan, erkin tarzda, o‘z mablag‘i hisobidan yoki kooperativga birlashgan holda paxta yetishtirishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash

Ijtimoiy sohalar – ta’lim va tibbiyotda yilning eng ko‘p e’tibor tortgan yangiliklariga to‘xtalsak.

Aprel oyida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilib, u Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan mustaqil faoliyat olib borishi belgilandi. Bu bilan xalq ta’limining mazmunini belgilovchi funksiyalar – ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar bo‘yicha vakolatlar vazirlikdan olib, yangi markazga berildi. Shuningdek, sentabr oyidan boshlab respublika bo‘ylab maktablarda chet tillarini o‘rgatuvchi xorijlik o‘qituvchilar ishlay boshladi.

Dekabr oyida e’lon qilingan 2022 yilgi xalqaro PISA tadqiqoti natijalari maktab ta’limidagi haqiqiy ahvolimizni bor-bo‘yicha ko‘rsatib berdi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar bu sinovlarda ilk marta ishtirok etib, yakuniy reytinglarda matematika, o‘qish va tabiiy fanlar yo‘nalishlarining uchalasida ham oxirgi o‘ntalikdan joy oldi. O‘quvchilarimizning aksariyati eng boshlang‘ich 1-darajadan o‘ta olmagani, birortasi ham hech bir yo‘nalishda yuqori natijalarni ko‘rsata olmagani – butun hukumat, maktab vazirligi va ayniqsa yangi ochilgan ta’lim markazi uchun jiddiy signal bo‘lishi kerak.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi voqealar esa bundan-da qayg‘uli. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan bolalar soni kamida 65 nafarni tashkil etadi. Bu ish bo‘yicha sud jarayonlari davom etayotgan paytda, bolalarning yana bir preparatdan ommaviy zaxarlangani ma’lum bo‘ldi. Yod tanqisligiga qarshi kurashish dasturi doirasida mas’ullar Antistrumin preparatining dozasini belgilashda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi oqibatida bir nechta hududda yuzlab bolalar zaharlanish belgilari bilan shifoxonalarga yotqizildi.

Xayriyatki, bu safar qurbonlar bo‘lmadi. Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov jurnalistlarga “bu mavzuga chuqur kirmanglar” deb maslahat berishni o‘ziga ep ko‘rolgani ham voqea qurbonlarsiz yakun topgani bilan bog‘liqdir, ehtimol. Hozirda “Antistrumin ishi” bo‘yicha tergov harakatlari davom etyapti. Tergov masalaning faqat tibbiy jihatiga qaratilganmi yoki millionlab dozadagi yod preparatini qimmat narxlarda sotib olishdagi ehtimoliy qonunbuzarliklarni ham qamrab olyaptimi, bu hozircha ma’lum emas.

Shuncha voqealarga qaramay, tibbiyotdagi farmatsevtika lobbisiga qarshi kurashish, qat’iy standartlarga asoslangan va isbotlangan meditsinaga o‘tish bo‘yicha qadamlar ko‘zga tashlanmayapti. Bu yil Toshkent shahrida boshlanishi kerak bo‘lgan tibbiy sug‘urta tizimi bilan nima bo‘layotgani ham tushunarsiz. Sentyabr oyida imzolangan prezident farmoniga asosan, 2026 yil oxirigacha tibbiy sug‘urta tizimiga to‘liq o‘tilishi kerak.

Transport

Eng ko‘p ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgan sohalardan biri – bu transport. Yillar davomida degradatsiyaga uchrab kelgan Toshkent shahar jamoat transportiga nihoyat yangi qon kirdi. Poytaxtga katta sig‘imli mingta yangi avtobus olib kelinganini butun jamoatchilik olqishladi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Nukus shahri va viloyatlar markazlari uchun yana mingta avtobus sotib olinishi kerak.

Toshkent shahrida, shuningdek, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratish boshlangani, metroning yana 5 ta yangi bekati foydalanishga topshirilgani, jamoat transportida “kunlik plan”siz yangi tizimga o‘tilayotgani, piyodalar uchun svetoforlar ko‘paygani ham alohida e’tirofga arziydi.

Faollar uzoq kutgan o‘zgarishlardan yana biri – shaharlarda transport vositalarining harakat tezligi 60 km/soatga tushirilgani bo‘ldi. Noyabr oyiga kelib, haydovchilarning qoidabuzarligiga nisbatan jarima ballari belgilash tizimi nihoyat yana kun tartibiga qaytdi. Bu yil, shuningdek, jarimalarni o‘z vaqtida to‘laganlar uchun chegirma 30 foizdan 50 foizga oshirildi.

Transport sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar qatorida aviatsiya sohasi ham bor. O‘zbekistonga uchadigan aviakompaniyalar soni ko‘payib borishi bilan, 2023 yilda xalqaro aeroportlarimiz ilk marta 10 millionta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Uzbekistan Airways ham o‘z rekordini yangilab, bir yilda 5 million yo‘lovchi tashishga muvaffaq bo‘ldi. Yil davomida 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, O‘zbekistonning rezident tashuvchilari tomonidan 25 ta yangi samolyot olib kelindi.

Temiryo‘l sohasida esa tariflar oshirilib, 2024 yildan boshlab narxlar davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilinadigan bo‘ldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning tarkibiy tuzilmasi o‘zgarib, 6 ta yangi kompaniya tashkil etildi. Koreyadan yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta poyezd, Chexiyadan esa 30 ta tezyurar poyezd sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Ortda qolgan yilda yurtimizda yana nimalar ro‘y berdi?

Oktyabr oyidan boshlab, barchamiz qo‘shtirnoq ichidagi “mobil qullik”dan ozod bo‘ldik. Endi O‘zbekistonda ham telefon raqamni saqlab qolgan holda, aloqa operatorini o‘zgartirsa bo‘ladi. Bu imkoniyatdan birinchi haftaning o‘zidayoq mingdan ortiq abonent foydalandi. Agar siz ham o‘z operatoringiz taqdim etayotgan aloqa sifatidan zada bo‘lgan bo‘lsangiz-u, lekin yanga raqamga o‘tishni istamasangiz, bemalol hozirgi raqamingizni o‘zgartirmasdan boshqa operatorga o‘tishingiz mumkin.

28 sentabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri o‘z tarixidagi eng kuchli portlashlardan biriga guvoh bo‘ldi. Sergelidagi bojxona omborida ro‘y bergan portlash qo‘ziqorin shaklini olib, uning qora tutunlari Yunusobodgacha yetib bordi. Oqibatda shu yaqin atrofdagi uylardan birida bo‘lgan 17 yoshli yigit halok bo‘lib, 163 kishi jarohatlandi. 1400 ga yaqin xonadon va boshqa obektlar zararlanishidan ko‘rilgan zarar 1,2 mln dollarga baholandi. Hukumat komissiyasiga ko‘ra, omborxonada katta miqdordagi kimyoviy moddalar va qurilish materiallari noqonuniy saqlangan. Holat yuzasidan 4 kishi qamoqqa olingan va tergov davom etyapti.

Yangi O‘zbekiston bog‘i atrofida Yangi Toshkent shahri qurilishi boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida shahar qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholiga mo‘ljallangan yashil va zamonaviy shahar qurish rejalashtirilgan. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Yangi Toshkentni qurish direksiyasi rahbari 350 mlrd so‘mlik buyurtmani qarindoshiga tegishli kompaniyaga bergan bo‘lishi mumkin.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan progressiv qonunni ham alohida eslab o‘tishimiz o‘rinli. Eng rezonansli voqealardan biri Xorazmdagi pedofil amaldorlarga yengil jazo tayinlangani bilan bog‘liq bo‘ldi. Ular keyinchalik 3 yilga qamaldi, lekin bu xabar ortidan pedofiliyaga doir yangi-yangi holatlar chiqib kelaverdi. Kerakli vaqtda qabul qilingan yangi qonun bilan xotin-qizlar va bolalarni himoya qilishning qo‘shimcha choralari belgilanib, qonunlardagi “lazeyka”lar yopildi, maishiy zo‘ravonlik va ta’qib qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.

O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayevning vafoti o‘zbekistonliklar uchun yil yo‘qotishi bo‘ldi. So‘nggi yarim asrda o‘zbek xalqining milliy o‘zligi shakllanishida katta o‘rin tutgan atoqli san’atkor 4 sentabr kuni 77 yoshida vafot etdi. Shuningdek, yil davomida o‘zbek san’ati darg‘alaridan Murod Rajabov 74 yoshida, Nuriddin Hamroqulov 77 yoshida olamdan o‘tdi.

Yil oxirida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi reydlar asosiy mavzular qatorida turdi. Rasmiylarga ko‘ra, jinoyat olami vakillariga qarshi amaliyotlarga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan va birgina Toshkentning o‘zida ikki hafta ichida yuzdan ortiq kishi qo‘lga olinib, 38 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda korrupsion jinoyatlarda gumonlanayotgan sobiq qishloq xo‘jaligi Aziz Voitov, bir nechta tumanlarning sobiq hokimlari, soliq, bojxona, bank va boshqa sohalardagi mansabdorlar qamoqda o‘tiribdi. Umuman, yil davomida o‘ndan ortiq sobiq tuman hokimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Korrupsionerlar ichki taraqqiyotga to‘siq bo‘lib turgan bir paytda, O‘zbekiston mustaqilligiga tashqi bosimlar ham oshib boryapti. Jamoatchilik Z-artistlarning O‘zbekistonda rejalashtirilgan ikkita konserti bekor bo‘lishiga erishgan bo‘lsa-da, 9 may kuni Toshkentda Stalinga sharaflar aytilgani, organ xodimlari fuqaroning balkonida turgan Ukraina bayrog‘ini olib tashlagani, rossiyalik muxolif qiziqchining konsertida mikrofoni o‘chirib qo‘yilgani kabi holatlar yuzasidan rasmiylarning hisobdor bo‘lishiga erisha olmadi.

Sentyabr oyida Duma deputati Yevgeniy Fyodorov Rossiya ertami-kechmi sobiq sovet davlatlarining barchasi bilan yo urushishi, yoki nizolashishini taxmin qilgan bo‘lsa, kuni kecha harbiy siyosatchilardan biri Zaxar Prilepin ochiqchasiga O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerakligini aytib chiqdi. Avvalroq Xitoyning Fransiyadagi elchisi post-sovet davlatlarining mustaqilligini shubha ostiga olganini ham unutmaslik kerak. Shu ma’noda, biz kirib kelayotgan 2024 yilda yurtimizga eng avvalo mustaqilligimiz daxlsizligini va shu mustaqilligimiz mustahkamlanishi uchun eng samarali chora – inklyuziv institutlar yaratish bo‘yicha tub islohotlar bo‘lishini tilab qolamiz.

Dayjyestlar muallifi: Komron Chegaboyev

Doimiy boshlovchi: Bobur Akmalov

Loyiha surdotarjimoni: E’zoza Ahmedova

Tasvir ustalari:
Nuriddin Nursaidov,
Asror Almurodov,
Muhiddin Nido,
Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid