Jahon | 13:25 / 01.01.2024
6422
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Malidagi tinchlikparvarlik missiyasini yakunladi

Xalqaro harbiy kontingentni olib chiqib ketish tugallangach, missiyani tugatish bosqichi boshlanadi, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Foto: Lisi Niesner/REUTERS

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) G‘arbiy Afrikadagi Mali davlatida Ko‘p o‘lchovli integratsiyalashgan barqarorlashtirish missiyasi (KIBM)ni rasman yakunladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qilishicha, qo‘shinlarni olib chiqish bosqichidan so‘ng «tugatish bosqichi» 1 yanvar, dushanba kuni boshlanadi.

Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, jihozlar Mali hukumatiga beriladi (2020 yildan buyon davlat to‘ntarishi natijasida harbiy xunta hukmronlik qilmoqda), bundan tashqari, amaldagi shartnomalar bekor qilinadi. Guterrish o‘z bayonotida halok bo‘lgan 311 KIBM missiyasi xodimlariga va 700 dan ortiq yaradorlarga hurmat bajo keltirdi.

Mali hukumati BMT tinchlikparvar kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishni talab qilgan

2023 yil iyun oyida Mali tashqi ishlar vaziri Abdulayye Diop BMT Xavfsizlik kengashidan xalqaro tinchlikparvar kontingentni mamlakatdan olib chiqib ketishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT missiyasi mamlakatdagi vaziyatni xavfsiz holatga keltira olmadi, bundan tashqari, uning harakatlari mamlakat aholisida «ishonchsizlik hissi»ni keltirib chiqardi. Shundan so‘ng, BMT Xavfsizlik kengashi olti oylik o‘tish davridan so‘ng Malidagi missiyani 2023 yil oxirigacha tugatishga qaror qildi.

Yanvar boshida BMT inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va Mali hukumat kuchlari faoliyatini, jumladan, tinch aholiga qarshi ehtimoliy jinoyatlarini mustaqil tekshirishga chaqirgan edi. Qo‘shma Shtatlar Mali mudofaa vaziri va harbiy xuntaning boshqa a’zolariga rossiyalik yollanma askarlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar kiritdi. 

Bundesverning Malidagi BMT missiyasida ishtirok etishi 

KIBMda nemis harbiylari ham ishtirok etdi - u Germaniya tashqarisidagi eng yirik Bundesver missiyalaridan biri bo‘lib, 1100 nafar xodimga ega edi. Iyul oyida Germaniya Bundestagining harbiy ishlar bo‘yicha komissari Yeva Hyogl Bundesver yil oxirigacha Malini tark etishga tayyorligini aytgan. 

KIBM missiyasi Malida 2013 yildan beri faoliyat yuritib keldi, uning rasmiy maqsadi aholini turli guruhlardan himoya qilish edi. Mamlakat 2012 yildan beri hukumatparast kuchlar va guruhlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ostida. Bu vaqt ichida Mali poytaxti Bamakoda hokimiyat bir necha bor o‘zgardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid