Fan-texnika | 00:23 / 11.01.2024
26484
2 daqiqa o‘qiladi

Internet bloklanishi tufayli eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar e’lon qilindi

Rossiya ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi, O‘zbekiston reytingda qayd etilmadi.

Foto: Top10VPN

2023 yilda Rossiya iqtisodiyoti internet bloklanishi tufayli 4,2 milliard dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi. Yanvar oyida e’lon qilingan Top10VPN xalqaro loyihasi hisobotiga ko‘ra, internetning ataylab o‘chirilishi va saytlarning bloklanishi tufayli Rossiya eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 2022 yil yakuniga ko‘ra ham Rossiya ushbu ro‘yxatda birinchi bo‘lgan edi.

2023 yilda internet tarmog‘ining o‘chirilishi va bloklanishidan jahon iqtisodiyotiga yetkazilgan jami zarar 9,01 milliard dollarga baholanmoqda. Rossiyadan keyin eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar ichida Efiopiya (1,59 milliard dollar), Eron (920,3 million dollar), Myanma (859,4 million dollar) va Hindiston (585,4 mln. dollar) bor.

O‘zbekiston 2023 yilgi reytingda qayd etilmadi. 2022 yilgi reytingda esa 5-o‘rindan joy olib, moliyaviy zarar miqdori 219,7 mln dollarga teng bo‘lgan edi.

Hisobotda, shuningdek, 2023 yil davomida 25 mamlakatda 196 marta internet qasddan o‘chirilgani qayd etilgan, bunda 747 million kishi zarar ko‘rgan. Internet ko‘pincha Iroqda uzilgan (66 marta). Internetning eng uzoq vaqt uzilishi Hindistonning Manipur shtatida yuz bergan: 200 kundan ortiq. Qayd etilishicha, internet bloklanishi holatlarining yarmi inson huquqlarining poymol etilishi, birinchi navbatda, namoyishlar erkinligini cheklash bilan bog‘liq.

Top10VPN 2019 yildan beri Jahon banki, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi, Yevrostat ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar asosida internetning o‘chirilishi, sekinlashtirilishi va bloklanishi natijasida iqtisodiyotga yetkazilgan zararni hisoblab keladi.

Mavzuga oid