O‘zbekiston | 10:29 / 11.01.2024
3080
2 daqiqa o‘qiladi

“Kapital sug‘urta” AJning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

“Kapital sug‘urta”ning litsenziyasi 10 kun muddatga olib qo‘yilib, 162 mln so‘m jarimaga tortildi.

Foto: Avtotochki.uz

“Kapital sug‘urta” AJning moliyaviy hisobotlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilinmaganlik faktlari aniqlanib, 162 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni 47-moddasi, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni 32-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomning 41-bandi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tegishli qaroriga asosan “Kapital sug‘urta” AJga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan 2022 yil 22 noyabrdagi 049696-sonli litsenziya 2024 yil 11 yanvar sanasidan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatildi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Bunda kompaniyaga yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, amaldagi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi. O‘z navbatida ilgari tuzilgan shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishda davom etadi.

Mavzuga oid