O‘zbekiston | 16:37 / 15.01.2024
13692
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yerusti metrosi yaqinidagi bir necha do‘konlarda yong‘in chiqdi

Sergeli tumanida metroning «Qipchoq» va «Turon» bekatlari yaqinidagi bir nechta yengil konstruksiyali do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi. «Toshkent metropoliteni» yong‘in metro tizimiga ta’sir ko‘rsatmaganini bildirgan.

Foto: Videodan kadr

15 yanvar kuni soat 14:56 da Toshkent shahri Sergeli tumanida metroning «Qipchoq» va «Turon» bekatlari yaqinidagi bir nechta do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Yong‘in tumanning Qanora ko‘chasida joylashgan yengil konstruksiyadan qurilgan do‘konlarda kelib chiqqan. Voqea joyiga 4 ta yong‘in qutqaruv ekipaji soat 15:01 da yetib borgan. Soat 15:05 da yong‘in to‘liq o‘rab olingan va soat 15:12 da batamom o‘chirilgan.

«Hodisa oqibatida jarohat olgan va vafot etgan fuqarolar yo‘q. Ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sababi va zarar miqdori o‘rganilmoqda», deyiladi xabarda.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent yerusti metrosining «Qipchoq» va «Turon» bekatlari yaqinidagi do‘konlarda sodir bo‘lgan yong‘in poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan.

Mavzuga oid