Jahon | 07:30 / 20.01.2024
7403
3 daqiqa o‘qiladi

Shvarsenegger soatini auksionda 270 ming yevroga sotdi

Shvarsenegger o‘zining imzo qo‘ygan soatini Kitsbyueldagi kimoshdi savdosiga chiqardi, biroq bu haqda e’lon qilmadi. Uning uchun u Myunxendagi bojxonada 35 ming yevro jarimaga tortilgandi.

Foto: AP

Mashhur Hollivud aktyori va AQShning Kaliforniya shtati sobiq gubernatori, Germaniya bojxonasida ushlangan Arnold Shvarseneggerning imzo qo‘ygan soati Avstriyaning Kitsbyuel shahrida iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha kimoshdi savdosida 270 ming yevroga sotildi. Die Presse xabariga ko‘ra, 18 yanvar, payshanba kuni Stanglwirt mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan xayriya kechki ovqati davomida savdolar o‘tkazilgan. Aktyor Myunxendagi bojxonada qo‘lga olingani uchun ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi: u xayriya auksionida sotiladigan Audemars Piguet soatini olib kelgan, biroq buni ma’lum qilmagan. Shvarsenegger ushlanganidan keyin soat narxi oshdi: aktyorning o‘zi uning narxini 20 ming yevroga baholagan, biroq lotning boshlang‘ich narxi 50 ming yevroni tashkil qildi. Ushbu soat korpusida Shvarsenegger tanasining tasviri bilan o‘yib tushirilgan va Arnold Classic deb yozilgan. Hammasi bo‘lib dunyoda 20 ta bunday soat chiqarilgan

Stanglwirt mehmonxonasidagi kimoshdi savdosida 1,31 million yevro yig‘ildi - unda avstriyalik rassom Kristof Palashkening «Temir Arni» portreti, Shvarsenegger o‘ynagan «Varvar Konan» filmidagi qilich, shuningdek, aktyor bilan mashq qilish uchun sertifikat taqdim etildi. Daromad atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi turli loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan, shuningdek, har yili «Avstriya Jahon sammiti»ga mezbonlik qiluvchi «Shvarsenegger iqlim tashabbusi» jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. 

Shvarsenegger 35 ming yevro jarimaga tortildi

Arnold Shvarsenegger auksiondan bir kun oldin Myunxen aeroportida bojxona tekshiruvi vaqtida qo‘lga olindi. Bavariya bojxonachilari Shveytsariyaning Audemars Piguet soatini hashamatli buyum deb hisoblagan. Yevropa Ittifoqi qoidalari bunday narsalar haqida ma’lumot berishni talab qiladi, ammo Shvarsenegger buni qilmagan. 

Bojxonachilar soatning narxini 26 ming yevroga baholagan. Natijada Shvarsenegger nemis bojxonasiga 35 ming yevro to‘lashga majbur bo‘ldi: soatning o‘zi narxiga 5000 yevro jarima va 4000 yevro soliq qo‘shildi. Aktyor umumiy summaning yarmini naqd pulda to‘lashi kerak edi, shu sababli u bojxona xodimi hamrohligida banklardan birining filialiga borishiga to‘g‘ri keldi.

Mavzuga oid