Jahon | 12:24 / 25.01.2024
10171
9 daqiqa o‘qiladi

Husiylar Qizil dengiz bilan cheklanmoqchi emas: eskalatsiya ehtimoli qanchalik?

Yaman husiylari “Al-Aqso uchburchagi” nomli rejani ko‘rib chiqmoqda: ularning bayonotlariga ko‘ra, bu reja Yaqin Sharqdagi uchta asosiy suv yo‘li – Bob al-Mandab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Suvaysh kanalini yopishni nazarda tutadi. Harakat shunga qodirmi? Bu rejaga Misr, Eron va Fors ko‘rfazi arab davlatlarining reaksiyasi qanaqa bo‘ladi?

“Geosiyosat” shu kabi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimovga yuzlandi.

— Ho‘rmuz bo‘g‘ozining strategik ahamiyati va bo‘g‘ozning yopilishi husiylarning ittifoqchisi bo‘lmish Eron uchun ham iqtisodiy yutqazish bo‘lmaydimi?

Farhod Karimov: — Hormuz bo‘g‘ozi xalqaro savdo uchun muhim obekt. Energiya resurslari uchun marshrutning asosiy qismi ham shu bo‘g‘ozdan o‘tadi. Umuman, mintaqa uchun ham, dunyo davlatlari uchun ham katta ahamiyatga ega. BAA, Qatar katta bozor sifatida ochilib boryapti, Xitoy va boshqa yerdan keluvchi tovarlar Hormuzdan o‘tadi. Shuning uchun ham bu yerni himoya qilish uchun katta miqdordagi moliyaviy resurslar sarflanadi. Qatar, BAAda AQSh, Britaniya, Turkiya harbiy bazalari ham joylashgan, shu ham bu huquqning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan bu bo‘g‘oz Qizil dengiz darajasida muhim hisoblanadi.

“Al-Aqso uchburchagi” masalasi o‘tgan yili noyabr oyida ham ko‘tarilgan edi, o‘shanda ushbu uchburchakdan o‘tadigan G‘arb va Isroil kemalarini o‘tkazmaymiz, degan edi. Dekabr oyida Isroilga hujum qilish haqida ham gapirgandi husiylar. Ammo buning texnik jihatdan imkoni yo‘q, Saudiya ustidan o‘tib amalga oshirolmaydi, Saudiya bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan ham. Hozir yana shu masalani ko‘taryapti. Fors ko‘rfazi davlatlari manfaatlari bo‘lgan bu hududlarga husiylar hujum qilib, nazorat etishi qiyin masala. Faqatgina Bob al-Mandab bo‘g‘ozida hozirgidek nazorat olib borishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Husiylar bayonotlarda Xitoy, Rossiya va Eron kemalariga teginmasliklarini bildirishdi. Tramp husiylarni terroristik tashkilot sifatida AQSh qora ro‘yxatiga kiritgan edi, Bayden hokimiyatga kelgach, Yamandagi humanitar holat izdan chiqyapti deb husiylarni bu ro‘yxatdan chiqargan edi. Ammo yaqinda Bayden husiylarni qora ro‘yxatga qayta kiritdi. Husiylar bu ishdan tashvishga tushgani yo‘q, ammo bundan o‘z maqsadlarida vaj sifatida foydalanmoqchi. AQSh ekspertlari ham bu ish husiylarni cho‘chitmaydi, balki yamanliklarni qiynaydi, savdo-iqtisodiy aloqalar uzilib, humanitar yordamlar to‘xtab qoladi, deyishdi.

Eron husiylarga ta’sir qiladi, lekin husiylar Eronning qo‘l ostida emas. Husiylar Eronning gapini eshitadi, lekin o‘z bilganini qiladi, degan qarashlar ham kuchli. Saudiya husiylar bilan kelishuvga erishgan. Saudiya kelajakdagi potensial urushlarni inobatga olib, sharqiy hududlaridagi neftni Qizil dengizga olib chiqish logistikasini yo‘lga qo‘ygan. Vaziyat chigallashyapti. Husiylar AQSh, Isroil va ularning ittifoqchilariga qo‘lidagi vositalar bilan zarba bermoqchi, lekin ularning qurol-yarog‘ zaxirasi u qadar katta emas, deyiladi.

— Bu Qatar, BAA va Saudiya Arabistonidan Isroilga neft va gaz yetkazib berishni to‘xtatishga olib keladi. Bu vaziyatda yuqoridagi davlatlar qanday yo‘l tutadi?

Farhod Karimov: — Fors ko‘rfazi arab davlatlari asosiy neft-gaz eksportini Isroilga qilmaydi, uning asosiy hamkori Ozarboyjon bu borada. Shuning uchun ham neft-gaz tankerlari ko‘p muammolarga duch kelmaydi. Bu bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi neft-gazning asosiy importyori Xitoy hisoblanadi, Xitoy esa bosim qilib bo‘lsa ham, husiylarga ta’sir o‘tkazib, xavfsizligini ta’minlaydi, chunki Xitoy sanoati energiya resurslariga bog‘liq. Shuning uchun ham bu borada Fors ko‘rfazi arab davlatlari tashvishga tushmayapti. Yana bir tomoni borki, ularda quruqlik yo‘li loyihalari bor suv yo‘llariga alternativ sifatida, agar bosim bo‘lsa ham, o‘sha yo‘llarni ishga tushirishi mumkin. Umuman, eksport-importni cheklab qo‘yadigan jiddiy xavf yo‘q hali.

— Suvaysh kanali manfaati uchun Misr qanday chora ko‘radi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bugun dunyo davlatlarida shunday tafakkur bor: partizanlik yoki guruhlar bilan urush qilish katta xarajat talab qiladi, geosiyosiy, siyosiy talafotlarga sabab bo‘ladi. Husiylarni yoqtirmaydigan arab davlatlari ko‘p. Masalan, Saudiya 7 yil husiylar bilan urushdi, ammo kelishishga majbur bo‘ldi.

Husiylarning bu harakatlari Misrning shundoq ham tang iqtisodiyotiga zarba beradi. Bob al-Mandab bo‘g‘ozining yopilishi Suvaysh kanaliga kelayotgan kemalar salmog‘iga ham katta ta’sir qiladi. Misr haftasiga yuz millionlab pul yo‘qotyapti. Ammo husiylarga nisbatan harbiy harakatlar bo‘lmaydi.

Saudiya ham husiylarning 7 oktyabrdan keyingi harakatlarini xavotir bilan kuzatyapti. Eron ham, Saudiya ham mintaqada yana bir urush bo‘lishini istamaydi. Chunki bosqichma-bosqich bu davlatlarni ham tortib ketishi mumkin. Har bir davlatning ijtimoiy, siyosiy muammolari bor. Saudiya va Eronda legitimlik pastligi muammosi bor. Shu fonda qandaydir beqarorlik paydo bo‘lsa, keyingi oqibatlar qanday bo‘lishini hech kim modellashtira olmaydi. Saudiyaning aniq pozitsiyasi – urush bo‘lmasligiga yo‘l qo‘ymaslik.

— Voqealar shunday shakllanib borsa, husiylar boshiga HAMASning kuni kelishi mumkinmi?

Farhod Karimov: — Qizil dengizda koalitsiya tuzilganda Yevropadan Italiya va Ispaniya chiqib ketgandi. Ammo bugun bu narsa yana kun tartibiga qo‘yilyapti, chunki asosiy yuk tashuvchi kompaniyalar Yevropaniki hisoblanadi va hozirgi vaziyatdan zarar ko‘rishyapti. Yevropada fuqarolik institutlaridan tashqari moliyaviy institutlarning ham ta’siri katta, yuk tashuvchi kompaniyalar ham bu ta’sirdan foydalanadi. Shu nuqtai nazardan Yevropa o‘sha yerdagi yuk tashuvchi kemalar xavfsizligini ta’minlash masalasini qo‘yyapti, lekin bu husiylarga urush ochish emas. Yevropa ham yana bir front ochilishini istamaydi, faqat xavfsizlik muammosi qo‘yilyapti.

Afsuski, G‘azo muammosi qaysidir siyosiy kuchlar uchun o‘z maqsadini amalga oshirishga bahona bo‘lib qoldi. Masalan, husiylar ham to‘liq Yamanni nazorat qilmaydi, shu ma’noda ichki legitimligini oshirish uchun G‘azoga yordam beramiz, deyapti. G‘azo siyosiy vositaga aylanib qolyapti, hech kim tinchlik uchun harakat qilmayapti. Vaholanki, husiylarning ta’siri yuqori bo‘lmayapti falastinliklarga.

Kamoliddin Rabbimov: — “HAMASning kuni” degan tushunchaga to‘xtalish kerak birinchi. HAMAS uzoq muddat urushga tayyorlangan, aholi o‘rtasida yashirinib, partizanlik urushi olib boryapti. Uning yo‘q qilingani yoki katta talafot ko‘rgani haqida aniq ma’lumotlar ham yo‘q, rahbarlarining o‘rni to‘lyapti, G‘azo aholisi orqali o‘zini to‘ldiradi. Husiylarning ham ijtimoiy bazasi bor, Yaman aholisining yarmidan ko‘pi ularni qo‘llaydi.

Yuqorida Farhod Karimov aytgandek, Yevropa husiylarga qarshi yangi urush kompaniyasi boshlash ehtimoli kam. Dunyoda yangi geosiyosiy tafakkur shakllandi: AQSh o‘z ichki muammolari bilan band, saylovlar yili, izolyatsionizmga moyillik oshyapti, kollektiv G‘arb tashqi dunyodagi ishlardan charchagan, shunday vaziyatda ularni charchatsak, AQSh o‘z uyiga qaytadi, degan tafakkur bor.

“Tolibon” misolida ko‘rdikki, 20 yillik urushda yo‘qolmadi ular. 1996-2001-yillarda mamlakatning uchdan bir qismini nazorat qilgan “Tolibon” bugun butun davlatni nazoratiga oldi. Husiylar bilan kurash natijasi ham shunday bo‘lishini biladi AQSh. AQSh urush boshlash kayfiyatida ham emas, agar shunday bo‘lganda u axborot orqali jamoatchilik fikrini shakllantirib boshlardi. Hozir bunday harakat yo‘q. Masalan, Iroqdagi urush oldida AQSh 2 yil shunday qilgan edi. Afg‘onistonga kirish tezroq bo‘ldi, chunki 11 sentabr voqealaridan keyin nimadir qilish kerak edi. Bugun kundagi husiylarni terroristik ro‘yxatga qaytarish, harbiy operatsiya o‘tkazish ham shunchaki “nimadir qilish” uchun bo‘lyapti, deyapti ekspertlar.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid