Faollashgan shovinistlar, kanatli taksi va havo sifatining milliy standarti - hafta dayjesti
Rossiyalik tarixchining o‘zbek millati haqidagi uydirmasidan keyin, O‘zbekistonda rus propaganda kanallarini yopish taklif qilindi. Namangan aholisi o‘tgan yili kambag‘allashgani ma’lum bo‘lgan bir paytda, viloyat hokimi futbol klubiga navbatdagi milliardlarni ajratdi. Jizzaxda BYD ishlab chiqarishga start berildi. Ekologiya bo‘yicha yangi moratoriy e’lon qilinmoqda. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Tarixni qo‘msayotgan “tarixchi”
2023 yil, sentabr: Rossiya davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov 14 ta respublikaning hammasi SSSR tarkibidan go‘yoki noqonuniy ajralib chiqqanini iddao qilib, Rossiya qanday qilib bo‘lsa ham ittifoqni albatta tiklashini aytdi. 2023 yil, oktyabr: Duma deputati Mixail Delyagin O‘zbekiston tomonining Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari uchun maktablar qurish haqidagi taklifidan jazavaga tushib, taklif bildirganlarga qarata sassiq gaplarni aytdi. 2023 yil, noyabr: Duma spikerining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy sobiq sovet respublikalarining hammasida rus tili davlat tili bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bu talabni bajarmagan davlatlar fuqarolariga Rossiyada jamoat joylarida ishlashni taqiqlashni ilgari surdi. 2023 yil, dekabr: Dumadagi partiyalardan birining hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekistonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga da’vat qildi va bu gaplari uchun atrofdagi gumashtalarining olqishiga sazovor bo‘ldi.
Va mana, 2024 yilning yanvari. O‘zini “tarixchi” deb atovchi shovinist Mixail Smolin NTV telekanalidagi ko‘rsatuvda qozoq, o‘zbek va ozarboyjon millatlari 1917 yilgi inqilobgacha mavjud bo‘lmagani, bu millatlar go‘yoki Rossiyaning qo‘li bilan yaratilganini da’vo qildi. Shu bilan deyarli bir vaqtda boshqa bir propagandachi – TNT telekanali bosh direktori Tina Kandelaki Qozog‘istonda rus tili “bo‘g‘ilayotgani” haqida bong urib, poyezd stansiyalaridan ruscha nomlarni olib tashlayotgani uchun qozoqlarni manqurtga qiyosladi.
Yuqorida sanab o‘tganlarimiz ikki jihatga ko‘ra juda ahamiyatli. Birinchidan, butun possovet hududini o‘zining tomorqasi deb hisoblaydiganlar oxirgi vaqtlarda aynan Markaziy Osiyoga ko‘proq va keskinroq tahdid qila boshlagani xavotirli. Ikkinchidan esa, tinchlik va tenglikni emas, urush va imperializmni ma’qul ko‘ruvchilarga nisbatan O‘zbekiston va Qozog‘istonning reaksiyalarida sezilarli farqlarni ko‘rish mumkin. Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi Kandelakining mamlakatga kirishini taqiqlashini e’lon qilgan bo‘lsa, o‘zbek rasmiylari hozircha na Prilepin va na Smolinga nisbatan bunday chora haqida gapirmayapti. Vaholanki, ularga nafaqat O‘zbekistonga kirishni taqiqlash, balki O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va millatlararo adovat qo‘zg‘atish moddalari bilan jinoyat ishlari ochish uchun ham yetarlicha asoslar bor.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Mariya Zaxarova odatdagidek Mixail Smolinning gaplari uning shaxsiy fikri ekanini aytdi, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari strategik sheriklar ekanini urg‘uladi, lekin butun boshli millatlarni kamsitayotgan Smolinni qoralab hech narsa demadi.
O‘zbekistonlik rasmiylar va faollarning munosabatlarida bu safar rus propaganda kanallarini yopish asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. “Kreml o‘z ishtahasini ochiqchasiga ko‘rsata boshladi”, dedi birinchilardan bo‘lib bu masalani ko‘targan sobiq deputat Rasul Kusherbayev. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Minhojiddin Mirzo ham rus propaganda kanallarini taqiqlash masalasini zudlik bilan ko‘rib chiqishga chaqirdi. U shovinistik propagandadan fashizmning hidi anqiyotgani, shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘zlarining jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchli ekanini ta’kidladi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ham amaliy choralar ko‘rish vaqti kelganini aytdi. “Masalan, 3 foizga ham bormaydigan vatandoshlar uchun ta’lim va televideniyeda rus tili nomutanosib darajada ko‘p! Bu nomutanosiblik tuzatilishi kerak”, – dedi Qodirov. U o‘zi rahbarlik qilayotgan “Milliy tiklanish” partiyasi ana shu amaliy choralarni ko‘rib chiqa boshlashini aytdi. Boshqa bir deputat Bobur Bekmurodov rossiyalik propagandachilar jazavaga tushib, aqldan ozayotgani, Smolinning gaplari esa bir tiyinga qimmatligini yozdi.
Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘janing fikricha, bunday provokatsiyalar ortida “o‘zbek millati qadimiyroqmi, qozoq millatimi yoki tojik millati” degan savolni o‘rtaga tashlab, millatlararo nizo chiqarish niyati turibdi. 3 ming yillik davlatchilik tariximizni esa kimlargadir isbotlashimiz shart emas. Kun.uz suhbatlashgan tarixchilarga ko‘ra, aslida Rossiyaning imperialist ideologlari Markaziy Osiyo tarixini yaxshi biladi va ongli ravishda bu tarixni soxtalashtirib kelyapti.
Rossiyaga ishlash uchun boradigan o‘zbekistonliklar soni kamaymoqda
Oxirgi vaqtlarda Rossiya bilan bog‘liq yana bir voqea jamoatchilikni junbishga keltirdi. 17 yanvar kuni Yekaterinburg shahridagi qurilish obektlarida o‘tkazilgan reydlar davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari migrantlarni qo‘lga olib, ulardan bir guruhini o‘rdaksimon yurishga majburladi. Tadbir davomida 150 kishining hujjati tekshirilib, ulardan 8 nafari immigratsiya qonunchiligini buzgani aniqlangan va endi ularni deportatsiya kutyapti. 4 kishiga esa harbiy ro‘yxatga kirish uchun chaqiruv qog‘ozi berilgan.
O‘zbekiston parlamentining inson huquqlari bo‘yicha vakili holat yuzasidan Rossiya ombudsmaniga murojaat qildi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ma’lum qilishicha, bu voqeada 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham ushlangan va patenti yo‘qligi sabab deportatsiya markaziga joylashtirilgan. Agentlik ana shu ikki vatandoshimizga asoslanib ma’lum qilishicha, o‘rdaksimon yurishga majbur qilinganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan.
Ayni paytda, hujjati tekshirilgan 150 kishidan 40 ga yaqini va o‘tirib yurganlardan kamida 3 nafari Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgani tasdiqlangan. Qirg‘iz rasmiylari Rossiya hukumatidan holat bo‘yicha federal darajada tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan. Voqea ro‘y berganiga bir haftadan oshgan bo‘lsa-da, inson huquqlarini oyoqosti qilgan Rossiya organlari xodimlariga nisbatan biror chora ko‘rilishi haqida gap-so‘z yo‘q.
Afsuski, bunaqa noinsoniy holatlar birinchi va oxirgi marta ro‘y bermayapti. Shunday vaziyatda, O‘zbekiston Markaziy bankining mehnat bozoriga oid yangi turdagi hisoboti ayni o‘z vaqtida e’lon qilindi. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning 1-choragi yakunlariga ko‘ra, Rossiyada migratsiya ro‘yxatiga olingan O‘zbekiston fuqarolari soni 2,9 milliondan 1,7 millionga yoki 43 foizga kamaygan. Shuningdek, 2023 yil davomida Rossiyani hisobga olmaganda boshqa davlatlardan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 14 foizga oshgan. Ya’ni pul o‘tkazmalari geografiyasi kengayib, O‘zbekistondagi oilalarning bu yo‘nalishda Rossiyaga bog‘liqligi kamayib boryapti.
Oyiga 621 ming so‘m – kambag‘allik chegarasi
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi. Statistika agentligining ma’lum qilishicha, 2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilangan. Bu – o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9,3 foizga yuqori.
Kambag‘allik darajasi, ya’ni o‘zbekistonliklarning qancha qismi oyiga 621 ming so‘mdan kam pul topayotgani bo‘yicha yangi statistika hozircha ochiqlanmadi. Oxirgi marta 2023 yil yanvarida kambag‘allik darajasi 14 foiz ekani aytilgandi. Afsuski, o‘tgan bir yilda bu ko‘rsatkich sezilarli yaxshilangan bo‘lishi dargumon. Chunki, Statistika agentligining yaqinda e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda aholi jon boshiga real daromadlar atigi 2,4 foizga oshgan. Bu, pandemiya yilini inobatga olmaganda, oxirgi 5 yildagi eng past ko‘rsatkich.
Rasmiy statistikadan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili 5 ta viloyatda aholining real daromadlari o‘sish o‘rniga, hatto kamayib ketgan. Ayniqsa Xorazm viloyatida jon boshiga daromadlar birdaniga 6,4 foizga tushib ketgan. Surxondaryo, Samarqand, Buxoro va Namangan viloyatlari aholisi esa bir yil ichida o‘rtacha hisobda 0,3 foizdan 0,8 foizgacha kambag‘allashgan. Bundan tashqari, eng boy va eng kambag‘al hududlar o‘rtasidagi farq ham borgan sari kattalashyapti.
Shunday sharoitda, o‘tgan yili kambag‘allashgan hududlardan biri – Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Navbahor” futbol klubi uchun 2,5 mlrd so‘m ajratishga qaror qildi. Hokim bu haqda 19 va 25 yanvar kunlari ikkita farmoyish chiqargan. Unga ko‘ra, 2,5 mlrd so‘m pul viloyat hokimligining zaxira jamg‘armasidan olib beriladi.
Toshkentda kanatli jamoat transporti paydo bo‘ladi
Toshkent shahar hokimligi tarqatgan ajabtovur yangilik haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri bo‘ldi. Gap shundaki, shaharda kanatli jamoat transporti paydo bo‘lishi kutilyapti. Hokim Shavkat Umrzoqov Xitoy kompaniyalaridan biri bilan bu borada kelishuv tuzdi. Shenchjyen shahrida imzolangan shartnomaga ko‘ra, xitoylik investorlar O‘zbekiston poytaxtida kanatli jamoat transportini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etadi.
Hokimlik e’lon qilgan suratlardan ko‘rish mumkinki, dor yo‘lini Mahtumquli ko‘chasidan Yangi O‘zbekiston bog‘i tomonga qarab tortib borish reja qilingan. Bitta kabinaga uzog‘i 10 kishi sig‘adigan bo‘ladi. Rasmiy xabarda bu masala jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ta’kidlangan bo‘lsa ham, amalda shartnoma imzolab bo‘lingan; rasmiy xabarning sarlavhasida ham “ko‘rib chiqilyapti” yoki “muhokama qilinyapti” deb emas, “kanatli jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi” deb aniq yozib qo‘yilgan.
Hokimiyat “yashil” transport turi deb aytayotgan g‘ayrioddiy loyihadan, Toshkentning real muammolariga qaytsak. Ekologiya vazirligi shahar havosining ifloslanib ketgani bo‘yicha reydlar boshlagan. Aniqlanishicha, poytaxtning atigi uchta tumanidagi 160 ta korxona gaz va changlarni ushlab qoluvchi filtrlar o‘rnatishi kerak. Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi bu korxonalar atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansubligidan kelib chiqsak, vazirlik shuncha paytdan beri nega buni talab qilmagan, degan savol o‘rtaga chiqadi.
Ekologlar Toshkent atrofidagi issiqxonalarda ham monitoring o‘tkazyapti. Vazirlikning ma’lum qilishicha, poytaxt atrofida “yashil halqa” o‘rniga, issiqxonalardan iborat “kulrang halqa” yuzaga kelgan. Bunga sabab – issiqxonalarda, issiqlik markazlarida va issiqlik elektr stansiyalarida ko‘mir yoki mazutdan foydalanish bir necha barobarga oshib ketgan.
Tanqidlardan keyin faollashib qolgan Ekologiya vazirligi milliy havo sifati standartlari ishlab chiqilayotgani haqida ham xabar berdi. Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlari va geografik joylashuvi sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yorlarga erishish imkonsiz. Shunday sabab bilan boshqa davlatlar ham o‘zlarining milliy standartlarini ishlab chiqqan. O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi harakatlar 2023 yilda boshlangan bo‘lib, loyiha doirasida Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida atmosfera havosi ifloslanishidan aholining kasallanish darajasi o‘rganilyapti.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Ayrim daryolar o‘zanida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, moratoriyning amal qilishi 2024 yil 1 maydan boshlanadi. Ro‘yxatga Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari kiritilgan. Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayevning aytishicha, daryolardan yoppasiga qum-shag‘al o‘g‘irlash ayrim mahalliy amaldorlarning biznesiga aylanib qolgan, natijada joylarda suv sathi keskin pasayib ketgan. Agar bu jarayon to‘xtatilmasa, ba’zi shaharlar aholisi ichimlik suvisiz qolishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev keng qamrovli 3 kunlik tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi. Pekindagi muzokaralardan keyin ikki davlatning qo‘shma bayonoti va jami 15 ta hujjat imzolandi. Tashrif davomida umumiy qiymati 57 mlrd dollarlik 500 ga yaqin loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani e’lon qilindi. O‘zbekistonda har bir xitoylik hamkorga hamrohlik qiluvchi investitsiya menejyerlari tayinlanishi, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar haftasiga 100 taga yetkazilishi ma’lum qilindi. BYD kompaniyasi o‘z shtab-kvartirasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidentiga Yangwang U8 elektromobilini sovg‘a qildi. O‘sha yerdan turib Jizzaxda BYD elektromobillarini ishlab chiqarishga rasman start berildi.
1 fevraldan e’tiboran O‘zbekistonda dilerlik va servis markazlari mavjud bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilarning maishiy texnika tovarlarini import qilib bo‘lmaydi. Avvalroq tasdiqlangan bu cheklov Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Prezident huzuridagi kengash bilan kelishilmagani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz'da e’lon qilingan bu haqdagi tanqidiy chiqishlardan keyin, 22 yanvar kuni ushbu soha vakillari, xususan Artel kompaniyasi boshqaruvi raisi Shohrux Ro‘ziqulov va iqtisodchi Otabek Bakirov o‘rtasida Kun.uz studiyasida qizg‘in bahs bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahri markazidagi “Sharq” nashriyoti binolari madaniy meros obektlari ro‘yxatidan chiqarildi. Endi ularni bemalol sotish mumkin. Mas’ullar bu binolar buzilmasligi, tarixiy qiyofasi saqlab qolinishi, xususiylashtirish jarayonlari adolatli bo‘lishi va sotib bo‘linganidan keyin “muhofaza qilinadigan bino” maqomi qaytarilishini aytmoqda. Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov avvalroq sobiq MXX binosi bilan ro‘y bergan holat boshqa takrorlanmasligiga va’da berdi. Eslatib o‘tamiz, Mustaqillik maydoni ro‘parasidagi bino 2021 yilda madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilgan kuniyoq sotib yuborilgan va 2023 yilda o‘rniga mehmonxona qurish maqsadida buzib tashlangan edi.
Chilonzordagi 230-sonli bog‘cha mudirasining o‘g‘li bog‘chadagi qizlarga tegajog‘lik qilgani tasdiqlandi. Voqea o‘tgan yili may oyida ro‘y bergandi. Ota-onalarning aytishi bo‘yicha, o‘shanda mudiraning o‘g‘li bolalar uxlab yotgan xonaga kirib, qizlarni yechintirgan va tegajog‘lik qilgan. 23 yanvar kungi sud hukmi bilan, 16 yoshli yigit 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, sudlanuvchi oxirgi sud majlisiga kelmagan va jazodan yashiringan.
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024