Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Vazirlik departament direktori Sardor Rajabov hamda Senat qo‘mita raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning yangi o‘rinbosarlari etib tayinlanishdi. Bungacha mazkur lavozimlarda Dilshod Kenjayev va Uzoqboy Begimqulovlar ishlab kelishgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga yangi o‘rinbosarlari ma’lum qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova Kun.uz'ga xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bu lavozimga vazirlikning Ta’lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiyalash departamenti direktori Sardor Rajabov hamda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev tayinlangan.
Rajabov vazirlikdan avval sobiq DTM direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Farhod Boqiyev esa tayinlovga qadar Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Undan avval esa AOKAning Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan, 2020 yilning 17 yanvarida Senat a’zoligiga saylangan.
Shu vaqtgacha vazir o‘rinbosarlari sifatida Dilshod Kenjayev va Uzoqboy Begimqulovlar ishlab kelayotgandi. MMTVning rasmiy saytida bu lavozimlar vakant ekani ko‘rsatilgan. “Ishdan bo‘shaganlarning joyini vakant qilib qo‘ygandik”, – deydi Sobirova.
Hozircha Kenjayev va Begimqulovlar nima sabab ishdan ketgani ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Dilshod Kenjayev 2021 yil fevral oyigacha Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari sifatida ishlagan, keyin esa prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Undan so‘ng bir muddat Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib, 2023 yil yanvar oyidan MMTVda vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurtdi.
Uzoqboy Begimqulov esa 2021 yil iyun oyida o‘sha vaqtdagi Maktagacha ta’lim vaziri o‘rinbosari lavozimiga kelgan. Ungacha 4 yil davomida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2023 yil yanvar oyida ma’muriy islohotlar fonida yangi tashkil etilgan MMTVda vazir o‘rinbosari sifatida ish boshlagan.
Mavzuga oid
17:40
Bloger Qobil Do‘sov vazir o‘rinbosarini haqorat qilganlikda aybdor deb topildi
16:31 / 04.11.2024
O‘zbekistonning Indoneziyadagi yangi elchisi tayinlandi
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
18:28 / 30.10.2024