Toshkentning bosh rejasi ishlab chiqilib, hukumatga kiritilgan - Sherzod Ziyayev
Loyiha vazirliklar bilan kelishilgach, jamoatchilikka e’lon qilinadi, undan keyin tasdiqlanadi, dedi “ToshkentboshplanLITi” direktori o‘rinbosari Sherzod Ziyayev. U Kun.uz'ga bergan intervyusida bosh rejaning kechikishi sabablari haqida ham aytib o‘tdi.
“ToshkentboshplanLITi” bosh loyiha instituti direktorining shaharsozlik va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Ziyayev Kun.uz'ning poytaxt bosh rejasi kechikayotgani haqidagi savollariga javob berdi.
“2018 yildan boshlab bo‘tqa bo‘lib ketdi”
— Shaharsozlik qonunchiligida shunday narsa borki, qaysidir davrga qadar yirik yoki katta shaharning bosh rejasi ishlab chiqiladi. O‘sha davr kelganidan keyin texnik-iqtisodiy asoslari (TIA) yangilab borilishi kerak. Chunki aholi soni oshadi, yashash sur’ati o‘zgaradi. Oxirgi marta 1991 yilda TIA tasdiqlangan. Undan keyingi davrniki ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarga berilgan. 2010 yilga kelib, TIA qaytadan ishlab chiqilgan. Oxirgi finishga borganda bu jarayon to‘xtagan.
2013 yilda bosh rejani 2 bosqichda ishlab chiqish topshirig‘i berilgandi. Shunga asosan, bosh reja ishlab chiqilgan, Vazirlar Mahkamasidagi deyarli hamma vazirliklar roziligini bergan, faqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi imzo qo‘ymay yurishgan. Keyin shu bilan vaqt o‘tib ketgan. Endi oxiri, [yangi davrga kelib], bosh reja masalasi ko‘tarilganidan keyin Iqtisodiyot va moliya vazirligi berilgan ma’lumotlar eski davrniki ekanini, bu yilga to‘g‘ri kelmasligini, o‘zgartirish kerakligini aytishdi.
2014 yilda bosh reja ekspertizalardan o‘tib bo‘lgandi. 2017 yilda oxirgi marta tasdiqlatish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritildi. 2018 yildan boshlab esa bo‘tqa boshlanib ketdi. 2018 yil 17 avgustda prezidentning 5515-sonli farmoni chiqqanidan keyin uning 12-bandiga asosan Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish uchun xalqaro tanlov e’lon qilinishi kerak edi. Tanlovni tashkillashtirish va buyurtmachilik vazifalarining hammasi Toshkent shahar hokimligiga yuklatilgan edi. Lekin tanlov o‘tkazilmadi, buyurtmachi tomonidan bizga hech qanday buyurtma berilmadi va biz bosh reja muallifi sifatida oldingi rejalarni davom ettirganmiz, lekin bu masala to‘xtab qoldi.
2018 yil 20 dekabrda prezident tashrifi davomida yana Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini ishlab chiqish, xalqaro tanlovni o‘tkazish choralarini ko‘rish topshiriqlari berildi. Biz tomondan vakolatimiz doirasida belgilangan loyiha ishlarining davomi qilindi, lekin bu topshiriq ham yakuniga yetmadi. Undan keyin 2019 yil apreliga qadar xalqaro tanlov natijalari kiritilishi kerak edi, u ham kiritilmadi. 2021 yilga kelib, prezident tashrifi davomida yana navbatdagi topshiriq berildi. Unga ko‘ra, 2041 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejani ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Lekin buyurtmachi tomonidan buyurtma xatlari yoki moliyalashtirish masalalari ko‘rilmaganidan keyin, bu jarayon yana to‘xtab qolgandi.
Shundan keyin 2022 yildagi prezidentimizning 73-sonli tashrif protokollarida kiritilgan vazifa bo‘yicha yana xalqaro tanlovni tashkil etish, o‘tkazish bo‘yicha buyurtmachilik shahar hokimligiga yuklatilgan, lekin hech qanday harakatlar bo‘lmadi.
Bosh rejani kim ishlab chiqishi kerak?
— 165-, 203-, 3502- va oxirgi [2023 yil 12 sentabrdagi] 299-sonli qarorlarda Samarqand va Toshkent shaharlari, Toshkent viloyatidagi shaharlarning muallifi biz –“Toshkentboshplanliti”. Lekin 2018 yildagi prezident farmoniga ko‘ra, xalqaro tanlov o‘tkazish vazifasi belgilangan edi. Keyin prezident tashrifi davomida Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ikki marta topshiriq ketyapti, u ishlar ham amalga oshirilmayapti. 2022 yilda 73-sonli protokol chiqyapti-da, oxirgi protokolda bosh rejani ishlab chiqish deyilmayapti, bosh reja ishlab chiqilishi uchun xalqaro tanlov tashkil etilsin deyilyapti. Shu bilan masala qotyapti.
[“Toshkentboshplanliti” hokimiyatga] xat bergan, topshiriqqa asosan oxirgi xatimizni berganimizda yagona buyurtmachi xizmati tomonidan bizga javob xati keldi, unga ko‘ra, bosh rejani ishlab chiqish bo‘yicha “Toshkentboshplanliti” ijrochi emas, muallif emas. Bosh reja uchun buyurtma berolmasliklarini, “faqatgina tanlovga qadar bo‘lgan materiallarni to‘plash va jamlash, tashkil etish uchun shartnoma tuza olamiz” deyishdi, u masala ham qolib ketdi.
“Ishlab chiqilgan bosh reja tasdiqlanish arafasida”
— Prezidentimizning 2023 yilda institutga tashriflari davomida institut “Hayot Lab” ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahar bosh rejasi konsepsiyalari ko‘rsatildi, namoyish qilindi va kerakli topshiriq, ko‘rsatmalar olib turib, yil oxiriga qadar tasdiqqa [Vazirlar Mahkamasiga] olib kirilishi kerak edi. Bugungi kunda ishlab chiqilgan bosh reja tasdiqlanish arafasida, bosh rejaning konsepsiyasi, shaharsozlik hujjatlarini vazirliklar ko‘rib chiqib, kelishuv bersa, [prezidentga] tasdiqqa kiritiladi.
Tasdiqlanganidan keyin bizning qo‘limizda ham texnik-iqtisodiy asoslar, ham Toshkent shahrining bosh rejasi, ham funksional zonalarning umumiy sxemasi bo‘ladi va ishga tatbiq etiladi.
Agarda shaharsozlik hujjatimiz bo‘lmasa va unga rioya qilmasak, shaharsozlik sohasida kattadan katta huquqbuzarliklar ko‘payib ketadi. Ya’ni zonalashganiga qaramay, tadbirkorlik tomonidan obektlarning qurilishi ko‘payib boradi. Hozir ham shu tendensiya bor, lekin tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash degan qarorlar ham bor. Tadbirkor murojaat qilib kelganida unga qarshilik qilib bo‘lmaydi.
Ziyayevning qo‘shimcha qilishicha, bosh rejani tasdiqlash haqidagi qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan, hujjat tasdiqlangach, imzolash uchun prezidentga kiritilishidan oldin jamoatchilikka ochiqlanishi kutilmoqda.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024